ORZUIMIZ UShALDI
Bizning 71-sonli maktabda 26 nafar pedagog faoliyat koʻrsatadi. Shundan 22 nafari oliy maʼlumotli, 4 nafari oʻrta maxsus maʼlumotga ega. Malakali kadrlar darslarni DTS talablari asosida olib borishadi. Oʻquvchilarga zamonaviy texnikalar asosida dars oʻtiladi. Oʻqituvchilar amaliyotga tatbiq qilinayotgan tadbirlarda muntazam qatnashib kelishadi. Jumladan, "Ustoz-shogird”, "Dars – muqaddas”, "Oʻrgan-oʻrgat”, "Murakkab fanni oʻrgataman” tadbirlarida qatnashib, oʻz tajribalarini oʻrtoqlashadilar. "Yil oʻqituvchisi”, "Eng yaxshi uslub birlashma raisi”, "Eng yaxshi dars ishlanma” tadbirlarida ham faol qatnashadilar.
2015-2016 oʻquv yilida oʻtkazilgan "Bilimlar bellashuvi”da 5-8-sinflardan 30 nafar oʻquvchi informatika, ingliz tili, huquq va fizika fanlaridan muvaffaqiyatli qatnashib, maktab reytingini koʻtarishga erishdilar.
Maktab oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Tamara Rahimova, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Dilafroʻz Avezovalar oʻz ishlarini namunali tashkil qilganliklari bois, oʻquvchilar bilan oʻqituvchilar doʻstona munosabatda boʻlib, ularning bilimiga, iqtidoriga qarab yoʻnalish berib boriladi. Tajribali oʻqituvchilar oʻzlariga munosib shogirdlar yetishtirib chiqarmoqdalar. Matematika, tarix, boshlangʻich sinf, ona tili va adabiyot, jismoniy tarbiya, fizika, rus tili fanlaridan oliy oʻquv yurtlarida tahsil olib qaytgan sobiq oʻquvchilarimiz ustozlari safiga qoʻshilmoqda.
Maktabimizda oʻtgan yillar oraligʻida maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda ham koʻplab yutuqlarga erishildi. Oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida, ularning xohish-istaklarini inobatga olgan holda turli fan toʻgaraklari faoliyat olib boradi. "Orasta qizlar”, "Zulfiyaxonim qizlari”, "Yosh fiziklar”, "Sport”, "Lingvist” kabi toʻgaraklarda shugʻullanayotgan oʻquvchilar oʻzlarining bilim va salohiyati bilan yaxshi natijalarga erishmoqdalar. Joriy yilda "Zulfiyaxonim qizlari” toʻgaragi aʼzosi, 8-sinf oʻquvchisi Ozoda Toʻliboyeva tuman va respublika matbuotida oʻz ijodi bilan faol qatnashib, nafaqat oʻz nomini, balki maktabimiz nomini ham tanitib, tuman gazetasining faol muxbiriga aylandi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunga bagʻishlab tumanda oʻtkazilgan "Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” koʻrik-tanlovida 8-sinf oʻquvchisi Goʻzal Tursunboyeva rassomlik yoʻnalishida tumanda 1-oʻrinni olib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida muvaffaqiyatli qatnashib qaytdi.
Joriy yili "Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan sport musobaqalarining futbol turida yosh oʻsmirlar jamoasi tuman bosqichida faxrli 1-oʻrinni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida esa faxrli 3-oʻrinni egallashib, medallar bilan qaytdilar.
2016-yilda investitsiya dasturiga muvofiq kapital rekonstruktsiya asosida maktabimizning 160-oʻrinli yangi, muhtasham va zamonaviy binosi qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Shu kungacha moslashtirilgan binoda faoliyat yuritgan oʻqituvchilarimiz hamda oʻquvchilarimiz uchun barcha qulayliklarga ega yangi binoda yangi oʻquv yilini boshlash, albatta, quvonchli voqea boʻladi. Bu – davlatimizning yosh avlod kamoloti yoʻlidagi gʻamxoʻrligining bir ifodasidir.
Fursatdan foydalanib, hamkasblarimni, oʻquvchilarni yangi oʻquv yilining boshlanishi va mamlakatimiz mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan qizgʻin tabriklayman.
Adamboy NIYaTULLAYeV,
71-sonli maktab
direktori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶