YoShLAR MUHTARAM YuRTBOShIMIZ BELGILAB BERGAN YOʻLDAN DADIL ODIMLAYVERADILAR
Muhtaram Yurtboshimiz mustaqillikning ilk yillaridayoq "Oʻzbekiston – kelajagi buyuk davlat”, deya taʼrif bergan edi mamlakatimizga. Sobiq ittifoqqa qaramlikdan, mutelikdan ezilgan, 80 foiz oziq-ovqat mahsulotlarini, hatto oʻzimizda behisob zahiralari mavjud boʻlgan osh tuzini ham birovdan sotib olib, "boqimanda” degan minnatdan koʻngli yagʻir boʻlgan xalqimizning bu shiordan koʻzi ochilganday boʻldi.
Haqiqatan ham muhtaram Yurtboshimiz rahnamoligida xalqimiz istiqlol yillarida oʻz yurtini buyuk davlatga aylantirdi.
Ayniqsa, yosh avlodni sogʻlom va barkamol insonlar etib tarbiyalash masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishi darajasiga koʻtarildi. Shu maqsadda Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi, uch bosqichli sport musobaqalari tizimi yaratildi. Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan bizning tumanimizda ham maktablarga sport zallar, Bolalar musiqa va sanʼat maktabi qurildi, mavjudlari kapital rekonstruktsiya qilinib, zamonaviy qiyofa kasb etdi.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi, Maktab taʼlimini rivojlantirish umummilliy dasturlarining hayotga tatbiq etilishi natijasida taʼlim muassasalari bugungi kunda intellektual salohiyatli, sogʻlom va baquvvat, oʻz yurtiga fidoyi jasur oʻgʻlonlarni, qizlarni kamolga yetkazmoqda.
Buningdek jahonshumul oʻzgarishlarning, yuksalishlarning zamirida muhtaram Yurtboshimizning mustaqillikning ilk davrlaridan boshlab yoshlarimizga koʻrsatgan beqiyos gʻamxoʻrliklari mujassam. Otamizday suyuk insonning mamlakatimizning har bir bolasini "mening bolam”, deb "Vatanimizning kelajagi” deb ardoqlashlari, ularning yetuk insonlar boʻlib voyaga yetishishlariga gʻamxoʻrlik qilishlari bugungi kunda yoshlarimizning hech kimdan kam emasligini namoyon etishlariga asos boʻlmoqda. Oʻzbekiston yoshlarining ilm-fan, adabiyot, sanʼat va sport sohasida erishayotgan yutuqlarini dunyo tan olmoqda, havas qilmoqda. Yoshlarni ana shunday marralarga ruhlantirib, qoʻllab-quvvatlab yashagan, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti, muhtaram Islom Karimovning vafoti butun mamlakatimiz aholisi qatori bizni ham chuqur qaygʻuga soldi. Amudaryolik yoshlar ushbu ogʻir judolik damlarida bir-biri bilan yana ham ahil, doʻst-birodar va hamkor, el dardiga darmon boʻlishga intilmoqdalar.
Yurtboshimiz doim "Oʻzbekiston yoshlari mening bolalarim – ularni hech kimga bermayman” deya taʼkidlardilar. Bugun biz yoshlar aziz Islom Karimovning porloq xotirasi oldida taʼzim ila "Biz mustaqillikni hech kimga bermaymiz. Shu aziz Vatanimizni, xuddi siz orzu qilganingizday, koʻz qorachigʻimizday asrab-avaylaymiz”, deya baralla aytamiz.
Bizga ozod va obod Vatanni meros qilib qoldirgan muhtaram Yurtboshimizning: "Ey bolam, sening Vataning bitta – barchamizga aziz, betakror mana shu Oʻzbekiston. Ota-bobolaringning hoki shu yerda yotibdi. Shu muqaddas zamin seni dunyoga keltirgan, sen uni obod etishing, himoya qilishing shart. Nafaqat sening oʻz hayoting, balki senga umid koʻzini tikib turgan ota-onang, opa-singillaring, yosh goʻdaklar, nuroniy qariyalarimizning hayoti ham ana shu burchingni nechogʻlik ado etishingga bogʻliq”, degan purmaʼno soʻzlari doimo qalblarimizda aks-sado berib turadi va shunga monand yashashga undaydi.
Mansur OʻROZBOYeV,
"Kamolot” YoIH tuman Kengashi raisi.
(Foto - http://fikr.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶