AMUDARYo TUMANI HOKIMI RAJAPBAY YOʻLDAShEV
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumani xalqi ogʻir judolikka uchradi. Tumanimiz hokimi, davlat va jamoat arbobi, xalqimizning suyukli farzandi Rajapbay Yoʻldashev 2016-yil 8-sentyabr kuni uzoq davom etgan ogʻir kasallikdan soʻng bevaqt olamdan oʻtdi.
Rajapbay Yoʻldashev 1953-yil 19-iyunda Amudaryo tumanida xizmatchi oilasida tugʻildi. Toshkent Politexnika instituti va Toshkent Oliy partiya maktabini qurilish muhandisi va siyosatshunos mutaxassisliklari boʻyicha tugatdi.
Mehnat faoliyatini 1967-yilda Amudaryo tumanidagi Qilichboy xoʻjaligida boshladi. 1975-yildan 1979-yilgacha "Qoraqalpoqgaz” ishlab chiqarish birlashmasi "Xoʻjaylishahargaz” Mangʻit uchastkasida usto, "Taxiatoshgaz” Mangʻit uchastkasida usto, uchastka boshligʻi vazifalarida ishladi.
1979-1982-yillarda xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi ijroiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, 1984-1987-yillarda Amudaryo tumani ijroiya qoʻmitasi raisining qurilish boʻyicha oʻrinbosari, birinchi oʻrinbosari lavozimlarida ishladi.
Rajapbay Yoʻldashev 1987-1988-yillarda Nukus tumani ijroiya qoʻmitasi, 1988-1992-yillarda Amudaryo tumani ijroiya qoʻmitasi raisi lavozimlarida mehnat qildi.
R.Yoʻldashev 1992-1995-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, 1995-1998-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisining oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat koʻrsatib, Respublikani ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga oʻzining munosib hissasini qoʻshdi.
U 1998 yilda Amudaryo tumani hokimi lavozimiga tayinlandi va shu kunga qadar ushbu vazifani sidqidildan, fidoyilik bilan bajarib, Respublika rahbariyatining, tuman aholisining hurmat-eʼtiboriga sazovor boʻldi.
Rajapbay Yoʻldashev oʻzining tashkilotchiligi, rahbarlik mahorati, qatʼiyati va talabchanligi, odamlar bilan muomalasi, teran aql-idroki bilan tumanda barcha sohalarda yuksak natijalarga erishish yoʻlida bosh-qosh boʻldi. Natijada tuman ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy va boshqa sohalarda nafaqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi, balki mamlakatimizning boshqa tumanlari orasida ham oʻz oʻrniga ega boʻldi.
R.Yoʻldashev qatʼiyatli, oʻziga va atrofidagilarga nisbatan talabchan, izlanuvchan, oʻzining bor kuchi, bilimi va boy tajribasi bilan Amudaryo tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, madaniyatini koʻtarish, aholining turmush farovonligini oshirish borasida fidoiy mehnat qilgan yetuk rahbar sifatida shuhrat qozondi. U Respublika miqyosida ishlayotgan koʻplab yosh rahbar kadrlarni tarbiyalab yetishtirgan ustoz hamdir.
U rahbarlik qilgan yillarda tuman iqtisodiyoti barqaror surʼatlarda rivojlanib, aholining turmush farovonligi yuksaldi. "Amudaryotex” xorijiy korxonasi, "Asia Silk” shoʻʼba korxonasi, Qoraqalpoqqishloqqurilishservis” masʼuliyati cheklangan jamiyati, "Amudaryo paxta tozalash” aktsiyadorlik jamiyati kabi sanoat korxonalari yangidan qurildi, rekonstruktsiya qilindi. 1998-yilgacha tumanda ishlab chiqarilgan biror xil mahsulot ham xorijga eksport qilinmagan boʻlsa, 2016 yilga kelib, 10 dan ortiq eksportyor korxonalar tomonidan 15 turdagi mahsulot eksporti yoʻlga qoʻyildi. Ikki mingdan ortiq tadbirkorlik subʼektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, faoliyat olib bormoqda. Natijada 1998-2016-yillarda 58 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilib, aholining bandlik darajasi oshdi.
U rahbarlik qilgan yillarda tumanda minglab aholi turar joylari, yuzlab ijtimoiy soha obʼektlari, 452 ta namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylar, yosh oilalar uchun "Kamolot” shaharchasida koʻp qavatli uy-joy qad rostladi.
Uning tashabbusi bilan 2005-yilda Amudaryo daryosi ostidan 0,7 km. uzunlikdagi tabiiy gaz tarmogʻi tortilib, tuman kafolatli ravishda tabiiy gaz bilan taʼminlandi. Shuningdek, Amudaryo ustidan 23,9 km. uzunlikdagi yuqori kuchlanishdagi zahira elektr tarmogʻi tortilib, elektr taʼminotida favqulodda uzilishlarning oldi olindi. 180 km. uzunlikdagi davlat va mahalliy ahamiyatga ega, 70 km. uzunlikdagi ichki xoʻjaliklararo yoʻllar joriy va mukammal taʼmirlandi. 90 km. dan ortiq uzunlikdagi tabiiy gaz va 94 km. uzunlikdagi toza ichimlik suvi tarmoqlari tortildi.
R.Yoʻldashev ogʻir kasalligiga qaramasdan, umrining soʻnggi kunlarida ham el manfaatini oʻylab, Amudaryo ustiga zamonaviy temirbeton konstruktsiyali koʻprik qurish loyihasini kelgusi yillarning manzilli dasturiga kiritishga muvaffaq boʻldi.
U qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, shirkat xoʻjaliklarini fermer xoʻjaliklariga aylantirish, haqiqiy mulk egaligini qaror toptirish borasida keng qamrovli tadbirlarni amalga oshirdi. Uning tashabbusi bilan Amudaryo qirgʻogʻidagi "Shixjamol”, "Chigʻir”, "Tosh yop”, "Xolimbegyop” kabi suv olish stantsiyalariga 35 dona nasos agregatlari qurilib, 25 ming gektardan ortiq ekin maydonlarining suv taʼminoti yaxshilandi, "K-10”, "K-3-8”, "Axun-Xorazm” kabi jami 2154 km. uzunlikdagi kollektorlarda taʼmirlash va tiklash ishlari bajarilib, 20 ming gektardan ortiq yerlarning meliorativ holati yaxshilandi. Fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari balansiga lizing va kredit asosida mingdan ortiq turli rusumli texnikalar xarid qilinib, yerdan yuqori hosil olishga zamin yaratildi. Natijada tuman 2008-yildan beri deyarli har yili davlatga paxta, gʻalla sotish boʻyicha shartnomaviy rejalarini Oʻzbekiston Respublikasida birinchilar qatori bajarib kelmoqda.
R.Yoʻldashev rahbarlik qilgan yillarda tumanda akademik litsey va 8 ta kasb-hunar kollejlari, 65 ta maktablar, 10 ta maktabgacha va maktabdan tashqari taʼlim-tarbiya muassasalari binolari, 17 ta sport inshootlari yangidan qurildi, rekonstruktsiya qilindi.
Tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsadida tuman markaziy shifoxonasi va uning joylardagi boʻlimlari, koʻp tarmoqli markaziy poliklinika hamda ovul va mahallalardagi qishloq vrachlik punktlari yangidan qurilib, kapital taʼmirlanib, barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Rajapbay Yoʻldashev boshchiligida tumanda yangidan 23 ta fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tashkil qilinib, ularning soni 47 taga yetkazildi, ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib, zarur sharoitlar bilan taʼminlandi.
U 1993-2004-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati qilib saylangan. 1990-yildan beri Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, 1998-yildan beri xalq deputatlari tuman Kengashining deputatidir.
R.Yoʻldashev 1999-yilda "Shuhrat” medali, 2003-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan iqtisodchi faxriy unvoni, 2014 yilda "Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan, iqtisod fanlari nomzodi.
Rajapbay Yoʻldashev xalqqa, el-yurtga xizmat qilishni oʻzining farzandlik burchi, oʻzi uchun eng oliy saodat deb bildi va umrining oxiriga qadar Vatan, el-yurt manfaati yoʻlida fidoyi mehnat qildi.
Amudaryo tumani hokimi Rajapbay Yoʻldashevning yorqin xotirasi barchamizning qalbimizda abadiy saqlanib qoladi.
M.Temirbayev, A.Nabiyev, F.Allambergenov, M.Ahmedova, A.Yuldashev, B.Baltabayev, Q.Ismoilov, R.Roʻzmetov, B.Allabergenov.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶