PREZIDENT XOTIRASI EʼZOZLANDI
Oʻzbekiston Respublikasining bugungidek izchil taraqqiyoti yurtimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, qudratli davlatga aylantira olgan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi bilan bogʻliq. U mamlakatimizda istiqlol yillarida amalga oshirilgan buyuk yuksalishlarning tashabbuskori va rahnamosidir.
Islom Karimov suveren va mustaqil Oʻzbekistonni barpo etish, xalqparvar demokratik huquqiy davlat yaratish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni taʼminlash ishiga qoʻshgan ulkan hissasi hamda bu borada matonat va jasorat koʻrsatganligi uchun "Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni, "Mustaqillik” va Amir Temur ordenlari bilan, shuningdek, bir qancha xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning faxriy unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangan, universitet va akademiyalarning faxriy fan doktori hamda akademigi etib saylangan edi.
U Oʻzbekistonning mustaqil taraqqiyot dasturini ishlab chiqqan va milliy taraqqiyot yoʻlini belgilab bergan atoqli davlat arbobi edi.
Prezidentimiz "Oʻzbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak”, deya bong urib qoʻymasdan, hamdoʻst barcha davlatlar rahbarlarini ham ahil-inoq va oʻzaro hamkorlikda totuv yashashga daʼvat etdi va maʼlum maʼnoda bunga erishdi ham.
Shu boisdan-da Yurtboshimizning vafot etganligi nafaqat biz uchun, balki barcha tinchliksevar xalqlar uchun ham ogʻir yoʻqotish boʻldi.
Elim, yurtim, deb yashagan inson vafoti barchani chuqur iztirobga soldi, xalqimiz koʻzlarida yosh, koʻnglida cheksiz hurmat-ehtirom bilan aziz insonini soʻnggi yoʻlga kuzatdi.
Shu munosabat bilan 3-sentyabrdan mamlakatimizda uch kunlik motam eʼlon qilindi. Yurtimizning barcha hududlarida motam tadbirlari boʻlib oʻtdi. 5-sentyabrda esa Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti I.A.Karimov xotirasiga bagʻishlangan ehson tadbirlari oʻtkazildi.
Tuman hokimligi tashkilotchiligida tumanimizning toʻrtta hududida ham Yurtboshimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom koʻrsatilgan ehson tadbirlari boʻlib oʻtdi.
Tadbirlarda tuman hokimligidan vakillar, mehnat faxriylari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdilar.
Ehson tadbirlari ishtirokchilari muhtaram el otasining buyuk xizmatlari haqida suhbatlashdilar, oxirati obod boʻlishini tilab, porloq xotirasi haqiga qurʼon tilovat qildilar.
Yigʻilganlarga ehson oshi tortildi.
Oygul RAJABOVA,
jurnalist.
Suratlarda: ehson tadbiridan lavhalar.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶