KEKSALARNI EʼZOZLASh – OLIY QADRIYaT
Xalqimizning oʻzigagina xos shunday hayotbaxsh urf-odatlari, anʼanalari va qadriyatlari borki, ularning har birining oʻziga xos mazmun-mohiyati bor. Ota-onani, oʻzidan katta yoshdagilarni hurmat qilish, mahalladoshlar bilan yaxshi munosabatda boʻlish, bir-birining holidan xabar olib turish kabi urf-odatlarimiz tufayli umrimiz goʻzal va mazmunlidir.
Yurtboshimiz rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat natijalari nuroniylarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikda oʻz ifodasini topmoqda. 2015-yil "Keksalarni eʼzozlash yili” deb eʼlon qilindi. Shu munosabat bilan qabul qilingan "Keksalarni eʼzozlash yili” Davlat Dasturida belgilangan vazifalarga muvofiq bizning fondimiz tomonidan ham bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.
Faxriylarni, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy muhofazalash, ularga moddiy-maʼnaviy koʻmak berish ustuvor vazifalarimizdan biridir. Tumanimizda 16 nafar urush qatnashchisi, 319 nafar frontorti faxriylari, yakka-yolgʻiz fuqarolarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirildi. 16 nafar urush qatnashchisining barchasiga analog va raqamli televideniye signallarini qabul qiladigan televizorlar berildi. Shuningdek 1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari, yolgʻiz va ijtimoiy madadga muhtoj keksa kishilarning 2015-2017 yillarda uy-joy sharoitlarini yaxshilashning hududiy dasturlari ishlab chiqildi va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj keksalarning xonadonlari va uylarini hashar yoʻli bilan joriy taʼmirlash, zarur hollarda esa mukammal taʼmirlashni, shuningdek hovlilarini obodonlashtirishni nazarda tutgan holda ularning turar-joy sharoitlarini yaxshilash boʻyicha har bir fuqarolar yigʻinlarida har yili bir nafardan, jami 141 nafar kishini qamrab olgan holda 2015-2017-yillarda bu dasturning amalga oshirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, ovul va mahallalarda 15-aprel - 15-may oraligʻida "Keksalar duosini olaylik” shiori ostida aktsiya oʻtkazilib, oylik davomida hududdagi 2000 nafardan ziyod qariya otaxonlar va onaxonlar bu xayrli ishga qamrab olindi. Aktsiya davomida xududdagi barcha maktablar va kasb-hunar kollejlarida keksalar bilan 111 ta uchrashuvlar, badiiy kechalar va kontsert dasturlari tashkil etildi. Bunga 1024 nafar keksalarimiz qatnashdilar, homiylar tomonidan 3 mln. soʻmlik sovgʻalar berildi.
Dasturning 42-bandi ijrosi yuzasidan joriy yil iyun oyining 27 sanasida "Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlinmasi tashabbusi bilan 100 yosh va undan katta yoshdagi kishilarni ulugʻlash boʻyicha "Asr bilan yuzma-yuz” tadbiri tashkil etildi. Tadbir davomida tumandagi 100 yoshdan oshgan 5 nafar momoning uylariga hududlardagi "Mahallaning orasta qizlari” toʻgarak aʼzolari bilan borib, ularning holidan xabar olindi, suhbatlar tashkil qilinib, fond tomonidan sovgʻalar berildi.
Hududdagi har bir maktab va kasb-hunar kollejida sinf rahbari boshchiligida 5 nafar oʻquvchidan iborat 3 ta yordamchi guruh, jami 170 ta guruh 9 oy davomida 1020 nafar keksalarning uyiga borib obodonlashtirish, qishga tayyorgarlik ishlariga yordam koʻrsatishdi.
Tumandagi 726 nafar keksalarimiz fuqarolar yigʻini raislari boshchiligida va homiylar koʻmagida ziyoratlarga olib borildi.
Shuningdek ilm-fan, madaniyat, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, taʼlim va boshqa sohalarning rivojlanishiga hissa qoʻshgan 50 nafar keksalarimiz 16-avgust kuni Samarqand va Buxoro shaharlariga ziyoratga yuborildi.
2015-yil 28-avgust kuni "Yangiobod” mahallasida joylashgan sunʼiy qoplamali maydonda "Keksalarni eʼzozlash yili” davlat Dasturining 16-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida "Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlinmasi boshqaruvi, tuman Madaniyat va sport ishlari boʻlimi, tuman Ichki ishlar boʻlimi, tuman Tibbiyot birlashmasi, Tuman XTMFMTTE boʻlimi "Amudaryo televideniyesi” MChJ hamkorligida keksalarimizning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularning jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishi, hordiq chiqarishini taʼminlash maqsadida "Keksalar zavqi” sport musobaqalari oʻtkazildi.
Keksalar – yurtimiz fayzi, xonadonlarimiz farishtalaridir. Ularning munosib turmush sharoitlarida yashashi va keksalik davrida doimo gʻamxoʻrlikda, ardogʻimizda umrini koʻngilli oʻtkazishlariga yordamlashish barchamizning burchimizdir. Shu aziz Vatanimizning gullab-yashnashi, bugungi farovon hayotimiz uchun mehnat qilib nuroniy yoshga yetgan otaxonlar, onaxonlarimizni har qancha qadrlasak arziydi.
Rustam ROʻZMETOV, "Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlinmasi raisi, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶