PAXTAKORLARGA KOʻMAKDOShMIZ
Keyingi yillarda mamlakatimiz jahon paxta bozorining asosiy ishtirokchisiga aylanib borayotganligi, yurtimizda yetishtirilgan xomashyoning mavqei oshib, xaridorlarni oʻziga tobora koʻp jalb qilayotganligi hammamizga ravshan. Albatta, bunday yutuqlar avvalo, qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga ulkan eʼtibor berilayotgani, sifatli tola beruvchi, tezpishar va iqlim sharoitimizga mos yangi navlar yaratilib, dehqonlarimizning yil-oʻn ikki oy dalada halovat bilmay qilayotgan fidoyi mehnatlarining natijasidir.
Kuz - har bir daqiqasi gʻanimat, beorom fasl hisoblanadi. Mehnatlari mahsuli tarozida tosh bosib, rejasi ado etilgan kun dehqonning quvonchiga sarhad boʻlmaydi. Ana shunday sharafli va masʼuliyatli kunlarda bizning Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutimiz talaba yoshlari doim amudaryolik paxtakorlarga yordamga oshiqadilar. Har yili yigʻim-terim mavsumida koʻmakdosh boʻlayotgan yoshlarni barcha amudaryoliklar bagʻrini ochib, iliq qarshi olishadi, oʻz farzandiday gʻamxoʻrlik qilib, dalada unumli ishlashlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishadi.
Ayni kunlarda tuman paxta dalalarida 4200 nafardan ziyod talabalarimiz yetishtirilgan hosilni yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmasdan yigʻib-terib, davlat xazinasiga topshirish, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati yanada oshishiga hissa qoʻshish maqsadida yoshlik gʻayrat-shijoati bilan mehnat qilmoqdalar. Talabalarimiz kuniga 200 tonna atrofida paxta terishib, tuman xirmoniga hissa qoʻshmoqdalar.
Shuni mamnuniyat bilan aytgim keladiki, tumanning qaysi burchagiga qaramang, talabalarimiz uchun yaratilgan har tomonlama shart-sharoitlar, ayniqsa, oqkoʻngil insonlarning otalarcha gʻamxoʻrliklari yoshlarni har bir daqiqani gʻanimat bilib, paxta terishga undamoqda.
Baland xirmon koʻtarishda oʻzining mehnatsevarligi va fidoyiligi bilan ajralib turadigan ilgʻor talaba-terimchilarning nomlarini faxr bilan tilga olamiz. Pedagogika fakultetining 3-kurs talabasi Bibimaryam Jiyemuratova, oʻzbek tili va adabiyoti fakultetining 4-kurs talabasi Malohat Abdullayeva, qoraqalpoq tili va adabiyoti fakultetining 3-kurs talabasi Navroʻz Kenesboyev, jismoniy madaniyat fakultetining 2-kurs talabasi Azamat Berdiboyev, boshlangʻich taʼlim fakulteti talabalari Navbahor Sobirova va Qamar Habibullayevalar kuniga 150-200 kilogrammdan paxta terishib, tengdoshlariga namuna boʻlmoqdalar.
Har yili talaba yoshlarimizning paxta terishda chaqqonligi, epchilligini aniqlash, maqsadida "Institut birinchiligi” musaboqasini oʻtkazish anʼanaga aylanib bormoqda. Bu tadbir eng fidoyi yoshlarni aniqlash bilan birga, boshqalarning ham ularga havasini, gʻayratini oshirmoqda.
Sentyabr oyining 18 sanasida "Oq oltin” ovulidagi "Ollombergan hoji bobo” fermer xoʻjaligida boʻlib oʻtgan musobaqani tuman rahbariyati, institutimiz maʼmuriyati hamda jamoat tashkilotlari xodimlari sinchkovlik bilan kuzatib bordilar. Barchaning koʻnglida bir savol: kim gʻolib boʻlarkin? Nihoyat hasharchi talabalar kuni boʻyi tergan paxtalarini taroziga qoʻyganlarida, institutning tabiatshunoslik fakulteti 3-kurs talabasi Halima Arzimova 325 kilogramm paxta terib, "Institut birinchiligi” musobaqasining mutloq gʻolibi boʻldi.
Shuningdek, mazkur musobaqada fizika-matematika, chet tillari fakulteti terimchi yoshlari ham munosib ishtirok etishib, har biri 200-250 kilogrammdan ziyod paxta terishdi.
Paxta – xalqimiz rizqi, asosiy boyligi. Turmushimiz obodligi, dasturxonlarimiz toʻkinligi dehqon mehnatidan. Shu boisdan-da lahzalari oltindan qimmat quyoshli kunlarda oliy maqsad sari intilayotgan dehqonlarimiz, ularga yordamga otlangan barcha hasharchilar hamjihatlikda Amudaryo tumanining davlatga paxta sotish boʻyicha shartnomaviy rejasini mamlakatimizda birinchi boʻlib ado etilishiga munosib hissa qoʻshdilar. Halol va fidoyi mehnat mahsuli boʻlmish paxta dalalardagi qolgan hosilni ham yigʻib-terib, davlatimiz xirmoniga topshirishda kuch-gʻayratlarini ayamaydilar.
Hamjihatlik samarasi boʻlmish yaratilgan ulkan xirmon barchangizga qutlugʻ boʻlsin!
Fursatdan foydalanib, yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha oʻqituvchi, ustoz va murabbiylarni tobora yaqinlashib kelayotgan kasb bayramlari bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Quvondiq QODIROV,
NDPI prorektori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶