OʻZBEKISTON FERMERLARI KENGAShINING MAMLAKATIMIZ FERMERLARIGA MUROJAATI
Hurmatli fermerlar!
Aziz hamkasblar!
Bugungi kunda biz uchun davlatimiz tomonidan yaratib berilgan qulay shart-sharoit va imtiyozlar oʻzbek dehqoni nomini yanada yuksaklarga koʻtarish imkonini yaratmoqda. Dunyo ahli baxtlilar mamlakati, deya vatanimizning gullab-yashnayotganiga, xalqimizning farovon hayotiga bejiz havas bilan qaramayapti. Bunday eʼzozga Siz bilan biz, tolei baland yurtdoshlar sazovor boʻlayapmiz. Bugungi osoyishtalik, farovon hayotimizni koʻzqorachigʻidek asrash va yurtimizni yanada obod etish barchamizning zimmamizdagi ulkan masʼuliyatdir.
Shunday ekan, ona Vatanimizning boyligi boʻlgan yerga munosabatimizni yana bir bor tubdan oʻzgartirib, unib chiqqanqut-baraka manbaini mehr bilan parvarishlash, tabiiy ofatlarga, noxushliklarga qarshi mardonavor turib, sabr-qanoat bilan ekin maydonlarimizga hayot baxsh etish, har bir tup gʻoʻza niholiga mehr berib, oʻz farzandimizdek parvarish qilsakkina yuzlarimiz yorugʻ boʻlib, koʻzlagan hosilni olishga erishishimizni unutmasligimiz kerak.
Albatta bugungi ogʻir mehnat ortida toʻkin dasturxon, farovon kunlarimiz mujassam ekanini his qilib, zimmamizdagi ishlarni vijdonan, halol bajarib, gʻoʻza parvarishida biroz noqulaykelgan ob-havo injiqliklarini mardonavor yengib, shira, trips va oʻrgimchakkana kabi ekin kushandalariga qarshi samarali kurashaylik!
Azmu shijoatli, fidoyi va mard dala mehnatkashlarining boy tajribasi, keskin tadbiri va jonkuyarligidan oqilona foydalangan holda gʻoʻza parvarishida belgilangan agrotexnik tadbirlarni tizimli ravishda amalga oshirib, dalalarimizni begona oʻt bosishiga yoʻl qoʻymaslik chora- tadbirlarini koʻraylik!
Ishchilarni dala shiyponlariga, mexanizatorlarni "mexanizatorlar uyiga” koʻchirib, ular uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yarating, toki, ularning mehnatlari mahsuli - mavsum oxirida erishajak yutuq va natijalar barchamizga faxru iftixor bagʻishlasin!
Puxta oʻylangan dala rejasiga asosan barcha agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishga erishaylik!
Biz sharaf bilan zimmamizga olgan fermerlik harakatiga javoban, dalasiga mehr qoʻygan, dala shiyponini ikkinchi uyiga aylantirgan va ekinlari bilan tillasha oladigan fidoyi fermerlar safiga qoʻshiling.
Bugun oʻzi va farzandlari taqdirini fermerlik bilan bogʻlagan har bir fermerning joyi oʻz dalasida ekanligini unutmang!
Butun roʻzgʻoringizni koʻchirib, dalaga olib chiqing, koʻch-koʻroningiz bilan oʻz dalangiz tepasida boʻling!
Ushbu muhim pallada birinchi navbatda gʻoʻzani sifatli kultivatsiya qilish va chuqur yumshatish, oʻz vaqtida chopiqdan chiqarish, yaganalash tadbirlarini yakuniga yetkazish, gʻoʻzani turli zararkunanda va hasharotlardan asrash chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish orqali samarali natijalarga erishaylik.
Bugungi dala sharoitidagi vazifalarimizning oʻta muhimligini inobatga olib, har gektar yerga ikki nafardan ishchi safarbar etishga erishing. Ularning dam olishi, issiq ovqati, maxsus kiyim-boshi, zarur anjomlarining talab darajasida boʻlishi Sizning olijanob himmatingizga bogʻliq.
Ishchilarga oʻzingizning mehr-sahovatingizni koʻrsating!
Inson omilini eng yuqori darajaga koʻtaring!
Aziz hamkasblar!
Fidoyi fermerlar!
Oʻtgan yillarda Sizlar bilan birga yaxshi anʼanaga qoʻl urdik, yaʼni mamlakatimizdagi barcha fermerlarimiz "Dehqonchilik majburiyatlarini” qabul qildilar. "Dala madaniyati - fermer majburiyati” shiori har bir fermer qalbiga muhrlandi. Davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan barcha sharoitlardan imkon qadar samarali foydalanayotgan fermerlarimiz ongida yer nafaqat davlatimizning bitmas - tuganmas boyligi, balki u "mening mulkim, boyligim, mendan farzandlarimga, farzandlarimdan nabiralarimga meros boʻlib oʻtadi”, degan tushuncha paydo boʻldi.
Sizlarga yaxshi maʼlumki, 2013-yilda hukumatimiz Qarori bilan "Paxta xom ashyosini yetishtirishda yuqori hosildorlikka erishgan fermer xoʻjaliklarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida”gi NIZOMga muvofiq, 2014-yilda 1400 dan ortiqfermer xoʻjaliklari 40 tsentnerdan yuqori hosildorlikka erishganligi uchun bir yil davomida 7 ta imtiyozlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldilar. Bu esa mehnatimizga berilgan yuksak baho, shuning bilan birga, yangi yil hosili choʻgʻini yanada oshirish uchun oʻziga xos ragʻbat boʻldi.
Sizlarham azmu-qaroriga vafodor paxtakorlar safiga qoʻshiling! Paxtadan gektariga 40 tsentner va undan yuqori hosil olib, 7 ta qoʻshimcha imtiyozga ega boʻling!
Ulkan tajribangiz, yetuk bilimingizdan samarali foydalaning! Paxta hosildorligini oʻrtacha 2 tsentnerga oshirishga erishing!
Joriy murakkab yilda paxta rivojini tezlatish uchun oʻz vaqtida va qisqa fursatda, sifatli oʻtkazilgan gʻoʻzani yaganalash tadbiri hosildorlikni oshirishda va paxtani 5-6 kun erta pishirishda muhim ahamiyatga ega. Ortiqcha koʻchatlar qolmasligiga, asosiy tuplar ozuqasini mustahkamlashga eʼtiborli boʻling!
Ayni paytda hukumatimizning gʻoʻza parvarishiga oid agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayonida yoʻl qoʻyilayotgan beparvolik va loqaydlikholatlaridan qaygʻurayotganligi bejiz emas. Bu daromadlarimizni boy berib, fermer xoʻjaliklarining moddiy manfaatdorligiga salbiy taʼsir etishini nazarda tutsak, bugungi har bir xatti-harakatlarimizga juda katta masʼuliyat bilan yondoshishimiz lozimligi ayon boʻladi.
Aziz fermerlar!
Shuoʻrinda 2014-yili bunyod etilgan 8 million 50 ming tonnadan ziyod ulkan gʻalla xirmoni yaratilishida "Har gektardan 5 tsentnerdan ortiqcha gʻalla yetishtirish” shiorining ham maʼlum maʼnoda oʻrni borligi, quvonarli albatta. Chunki, yetishtirilgan hosilning yarmidan koʻprogʻi fermerlarimizning oʻzidaqoldi. Foyda olgan harqanday fermer koʻnglida albatta yangi-yangi gʻoyalar paydo boʻladi. Mablagʻi boʻlsa, yangi texnika oladi, xoʻjaligiga zamonaviy texnologiya kiritadi, mulkini koʻpaytiradi.
Qishlok xoʻjaligimiz shuhratini yuksaklarga koʻtarayotgan aziz fermerlar! Bu yil "oltin dalalarimiz”dan 8,5 million tonnalik "oltin boshoq” yigʻib olish uchun bor kuch-gʻayratimizni ishga solaylik!
Masʼuliyatli mavsum davrida jonajon Vataniga, xalqiga fidoyi farzand, degan sharafli nomga ega ekanligimizni yana bir bor namoyon etaylik!
Tabiat kuch-qudratimiz, sabr-bardoshimizni yana bir bor sinovdan oʻtkazayotgan joriy yilda bir tanu bir jon boʻlib, gʻalladan moʻl hosil yetishtiraylik. Har gektaridan oʻrtacha 5 tsentnerdan rejaga qoʻshimcha hosil olishga erishaylik!
Qadrli hamkasblar! Fidoyi fermerlar!
Bugun dunyoning eng rivojlangan davlatlarida ham iqtisodiy inqiroz sabab, yirik-yirik zavod va fabrikalar toʻla quvvat bilan ishlamayotgani, ishsizlar soni oshib, inqirozga yuz tutayotgani, yer yuzidagi ayrim davlatlarda ochlik hukm surayotgani hech kimga sir emas.
Shunday bir paytda mamlakatimiz salohiyati yuksalib, eng rivojlangan mamlakatlar qatoridan munosib oʻrin olayotganimiz bizlarga Yaratgandanberilgan inʼom, mamlakatimizdagi odilona va oqilona siyosat natijasidir.
Siz bilan biz ana shu jarayonlarning faol ishtirokchisi ekanimizdan doimo faxrlanib yashaylik. Bugungi natijalar bilan cheklanib qolmay, chigit ekilgan maydon chetlari va uvatlariga sabzavot hamda poliz mahsulotlari ekish ishlarini izchil davom ettiraylik. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida olingan daromad salmogʻi bugun barchani quvontirayapti. Har qarich yerdan unumli foydalanib, har bir giyohni daromad manbaiga aylantira olish darajasida iqtidorga ega Sizdek fermerlarimiz, bu yil ham har bir qarich yerdan rizq-nasiba yaratishlariga ishonchimiz komil.
Bu harakatlar birinchi navbatda fermerlarning oʻzining va ishchilari dasturxonlarining toʻkin boʻlishiga, mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlarining turi koʻpayib, narxi arzonlashishiga, bozorlarimizning moʻl-koʻlligini taʼminlashga hamda aholi turmush darajasining oʻsishiga xizmat qiladi.
Hurmatli fermerlar, oʻz ishining fidoiylari!
"Keksalarni eʼzozlash yili”da yurtimizga Allohdan baraka tilab, nuroniylar duosini olaylik, ularning har duosi oltinga teng. Farishta misoli onalarimizga mehr-ehtirom koʻrsatib, ular koʻnglini togʻdek koʻtaraylik, zero, hosil xirmoningiz ham togʻdek yuksak boʻladi.
Bugungidek oʻta masʼuliyatli pallada hayot manbaimiz suvdan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyib, hozirgi kunda amalda qoʻllanilayotgan tadbirlarni, xususan tomchilatib sugʻorish ishlarini takomillashtiring!
Eng rivojlangan davlatlarning ish tajribasiga yondoshib, muqobil energiya manbalaridan, biogazdan foydalaning!
Hukumatimiz tomonidan yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan foydalanib, diqqatingizni belgilangan maydonlarda uzumchilik va bogʻdorchilikni rivojlantirishga qarating! Bogʻ qator oralarini boʻsh qoʻymay, oziq-ovqat mahsulotlari ekib, daromadingizni koʻpaytiring.
Ariq, zovur boʻylariga terak qalamchalari va tut koʻchatlari eking. Dala shiyponlarida oʻz ishchi-xizmatchilaringizni oziq-ovqat bilan taʼminlash maqsadida 100 boshdan parranda, 10 boshdan sigir va 10 qutidan asalari oilasini boqishni tashkil etishni davom ettiring!
Dehqonchilikdaoʻziga xos maktab yaratgan Sizdek fidoyi fermerlarning ogʻir va ayni paytda sharafli mehnati tufayli yaratilgan nozu neʼmatlar dunyo bozorida bejiz yuqori baholanmayapti. Siz qayta ishlab, eksport qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlariga talab ortib borayotgani esa jonajon vatanimizning serquyoshligi-yu Sizning halol mehnatingiz mahsulidir.
Yaratib berilgan imtiyoz va imkoniyatlardan oqilona foydalaning. Butun kuch va iqtidoringizni ishga solib, hech kimdan kam emasligingizni isbotlang. Olingan daromad va bank kreditlari hisobiga xoʻjaligingizni koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligiga aylantiring!
Qishloqdagi mulkdor va haqiqiy yetakchi kuch sifatida, faoliyatingizga investitsiyalarni jalb etib, qishloqqa sanoatni olib kirish, shu orqali yangi ish oʻrinlari yaratish,qishloqlarimizni yanada obod va koʻrkamqilish, aholi farovonligi, madaniyati va maʼnaviyatini yanada yuksaltirish uchun Siz fermerlar masʼulsiz.
Har bir Fermerlar kengashi raisi va aʼzolari, tajribali, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari rahbarlari oʻz hududidagi "qoloq fermer”larga eʼtiborli boʻlishi lozimligini alohida eslatmoqchimiz. Ularni oʻz himoyangizga oling, har bir ishda yonida boʻlib, safingizga qoʻshing, toki sizning ish tajribangizga havas qilib, ortingizdan ergashsin. Zero, Fermerlar kengashi raisligi va uning aʼzoligiga tumanlardagi eng faol, iqtidorli, tashabbuskor va tajribali, oʻz ortidan yuzlab odamlarni ergashtira olish qobiliyatiga ega fermer xoʻjaliklarining rahbarlari saylangan. "Qoʻldan berganga qush toʻymas", deganlaridek, ana shunday fermerlarni qoloqlikdan chiqarib, bor kuch-quvvat bilan ishlashga oʻrgataylik.
Yuqoridagi murojaatdan kelib chiqib, har bir fermer xoʻjaligi joriy yil uchun "Dehqonchilik majburiyatlari”ni qabul qilishi va Fermerlar kengashlari ushbu majburiyatni nazorat qilishni oʻz zimmasiga olishi maqsadga muvofiqboʻladi.
Ishonamizki, bunday ish uslubi oʻz samarasini beradi.
Aziz fermerlar, dala sohiblari!
Shu kungacha rivojlangan dunyo fermerchiligining koʻp yillik tajribalarini oʻrgandik, oʻz xoʻjaligimizga tatbiq etdik. Bugun oʻz sohasining haqiqiy ustalari boʻlgan fermerlarimiz faoliyatiga dunyo tan bermoqda. Eng rivojlangan davlatlarning mutaxassislari ham fermerlarimizdan ish oʻrganmoqda. Bu ham qadim dehqonchiligimizning yuksak madaniyatidan dalolatdir.
Sizlarning mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, xalqimiz turmushi farovonligini oshirish yoʻlidagi tinimsiz mehnatingiz bois, xalqimizning farovon, toʻkin-sochin hayoti, farzandlarimizning kamoli, osuda kelajagi kafolatlanadi. Ana shuni barchamiz qalbdan his qilib yashasakkina, koʻzlagan maqsadimizga erishamiz.
Shu bois, barcha imkoniyatlaringizni ishga solib, joriy yil qishloq xoʻjaligida eng yuqori natijalarga erishing!
Shu kungacha toʻplagan boy tajribalaringizdan samarali foydalaning!
Malakali mutaxassis sifatida yosh, yetarli malakaga ega boʻlmagan fermerlardan oʻz maslahatlaringizni ayamang!
Xoʻjaligingizdagi texnika va texnologiyalardan samarali foydalanib, yon-atrofingizdagi hamkasblaringizga koʻmakdosh boʻling!
Gʻoʻza parvarishi boʻyicha belgilangan tadbirlar – kultivatsiya, suspenziya, hasharotlarga qarshi kurash, yaganalash, dalaga mahalliy oʻgʻit chiqarish tadbirlarini tizimli tashkil qiling!
Oʻsimliklarni zararli hasharotlardan himoya qilish uchun biolaboratoriyalar ishini tubdan yaxshilang, oltinkoʻz, trixogramma, brakon mahsulotlarini dala maydonlariga oʻz vaqtida tizimli ravishda chiqaring!
Oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha tajribali mutaxassislarni va olimlarni dalangizga jalb eting!
Dala shiyponlarini zamonaviy jihozlar bilan jihozlang, xonalarini maʼnaviyat markazi darajasiga yetkazing!
Azizlar, halol mehnatimiz evaziga olayotgan daromadlarimiz hisobidan oʻz tugʻilib oʻsgan qishloqlarimizni yana ham bogʻu boʻstonlarga, goʻzal maskanlarga aylantiraylik. Har bir koʻcha va guzarlarni obod va goʻzal etish, aholi farovonligini yanada yuksaltirish masʼuliyati Sizning zimmangizda ekanini bir daqiqa boʻlsa ham unutmang!
Joriy yil qishloq xoʻjaligida barchangizga sogʻlik-salomatlik, kuch-quvvat, qut-baraka va ulkan xirmon nasib etishini Allohdan soʻraymiz!
(Foto - http://www.turkistonpress.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶