YaXShIDAN QOLGAN BOGʻ
Inson qadr-qimmati avvalo uning bajargan ishlarida, samimiyat barq urib turgan soʻzlarida aks etadi. Otamizday ulugʻ, mehribon, purʼmano soʻzlari bilan shogirdlari qalbidan joy olgan ustoz Safarboy aka Oʻrozmetovni bugun maktabimiz ahli chuqur hurmat bilan eslaydi.
Safarboy aka Oʻrozmetov oʻzining ilk ish faoliyatini 1982-yildan 1986-yilgacha Lermontov nomli (hozirgi 20-sonli) oʻrta maktabda geografiya fani oʻqituvchisi boʻlib ishlashdan boshlagan. 1986-yil 1-sentyabrdan "Gʻalabaning 40-yilligi” nomli (hozirgi 70-sonli) maktabda geografiya fani oʻqituvchisi va shu maktab direktori boʻlib ishlash bilan birga yangi maktab binosi qurilishiga bosh-qosh boʻldilar. 1990-yildan ishga tushgan yangi maktab binosi oldida 3,5 gektar yer maydoni boʻlib, ustoz oʻzi hayotligida bu yerni chaman boqqa aylantirdi. Ikki qavatli maktab binosi oldidagi bogʻda bugun turli xil mevali daraxtlar, oq-tol-u teraklar koʻkka boʻy choʻzgan.
"Yaxshidan bogʻ qolar”, deganlaridek, Safarboy aka yaratgan bogʻ bugun meva bermoqda, undan barcha bahramand. Ustozimiz biz shogirdlari bilan goh qattiqqoʻl, goh sirdosh, gohida maslakdosh doʻst boʻlib mehnat qilgan damlarni shirin xotiralar bilan yodga olamiz.
Ustoz, bugun sizni esladik,
Har sinfga kirib izladik.
Nomingizni mehrga oʻrab,
Mehringizni qoʻmsadik, Ustoz!
Nur yogʻardi yuzlaringizdan,
Samimiyat koʻzlaringizda.
Sogʻinch qoldi izlaringizda,
Har koʻngilda yashaysiz, Ustoz!
Bir kam dunyo – oʻrningiz boʻshdir,
Yuraklarda armonlar qoʻshdir.
Shukur aylagay keksadir, yoshdir,
Izingizda bogʻ qoldi, Ustoz!
Muhayyo OʻRINBOYeVA, 70-sonli maktab oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶