Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalab kelayotgan fidoyi ustoz
Yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, jasorat va masʼuliyat ruhida tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda umumtaʼlim maktablari oʻqituvchilari, sport murabbiylari, harbiy sohaga oid mutaxassislar va keng jamoatchilikning roli beqiyos. Ayniqsa, oʻz bilim va tajribasi bilan yoshlarga ibrat boʻlayotgan ustozlarning saʼy-harakatlarini har qancha eʼtirof etsak ham kam. Xususan, Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga qarashli 2-sonli umumtaʼlim maktabining chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchisi Rashid Nurimbetov ham ana shunday fidoyi, jamiyatga namunali ustozlardan sanaladi.
Joriy yilning 16-yanvar kuni Rashid Nurimbetovning koʻp yillik faoliyati “Veteran” jangchi-faxriy nogironlar birlashmasi tomonidan yuqori baholanib, “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun” medali bilan taqdirlandi. Bu mukofot yosh avlod tarbiyasida jonkuyarlik koʻrsatgan fidoyi ustoz xizmatlarining yorqin eʼtirofi boʻldi. Mukofotni topshirish tadbirida Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy nogironlar birlashmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi Amudaryo tumani vakillari B. Jumaniyozov, Sh. Saidboyev va R. Xoʻrozovlar ishtirok etdilar.
Rashid Nurimbetovning hayot yoʻli yoshlarga ibratdir. U 1984-86-yillarda Afgʻonistonda harbiy xizmatni oʻtab, oʻz fuqarolik burchini ado etgan. 1986-90-yillarda esa Buxoro davlat pedagogika institutida harbiy taʼlim yoʻnalishida tahsil olgan. Ushbu bilim va koʻnikmalarini yosh avlodni Vatanga sadoqatli boʻlish, jasorat va masʼuliyat ruhida tarbiyalashga bagʻishlab kelmoqda.
Bugungi globallashuv davrida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda milliy gʻurur va jasorat tuygʻularini shakllantirish har qachongidan ham muhimdir. Bunday ezgu maqsadga erishishda Rashid Nurimbetov kabi fidoyi ustozlarning roli beqiyosdir. Ularning ibratli faoliyati yoshlar ongida milliy-maʼnaviy qadriyatlarni shakllantirishga, iroda, jasorat va masʼuliyat kabi fazilatlarni qaror toptirishga xizmat qiladi.
Shohzod Qurbonboyev

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶