MEHNAT MUHOJIRLIGIDAN QAYTGAN YoShLAR UChUN MEHNAT YaRMARKASI TAShKIL ETILDI
Xalqimizda “Bekorchidan xudo bezor”, degan naql bor. Aslida oʻzini bilgan inson boʻsh oʻtirgisi kelmaydi. Ayniqsa, zamon taraqqiyotiga mutanosib ravishda uy-joyini yangilash, oilasi iqtisodini yaxshilash, farzandlarini ilmli, kasb-hunarli qilish bilan bogʻliq orzu-havaslarini amalga oshirish maqsadida tinimsiz mehnat qilishga odatlangan insonlar uchun biror bir foydali mehnat bilan shugʻullanish bayramday gap. Bunday insonlar mehnatning ham, halol mehnat evaziga bunyod etilgan mol-mulkning ham qadr-qimmatini juda yaxshi bilishadi. Shu bois, ular turli vaziyatlar taqozosiga koʻra, mehnat muhojirligidan qaytgach ham qandaydir ish bilan shugʻullanishga harakat qilishadi. Davlatimiz ana shunday fuqarolarning ham bandligini taʼminlash choralarini koʻrayotgani esa ayni muddao.
Oʻzbekiston Mahallalar uyushmasi Amudaryo tuman boʻlimi binosida boʻlib oʻtgan Mehnat yarmarkasi mehnat muhojirligidan qaytib kelgan amudaryolik yoshlarning bandligini taʼminlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Amudaryo tumani Ichki ishlar boʻlimi xodimi Ilhom Abutov, Oʻzbekiston Mahallalar uyushmasi Amudaryo tumani boʻlimi boshligʻi Alisher Yuldashev, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman hokimi yordamchilari, hamkor tashkilotlar, tijorat banklari vakillari ishtirokida oʻtkazilgan yarmarkada mehnat muhojirligidan qaytib kelgan ishsiz fuqarolar, aliment toʻlovchilar, nogironligi boʻlgan shaxslar va oliy taʼlim muassasalarini bitiruvchi yoshlardan iborat jami 48 nafar fuqarolar qatnashdilar.
Yarmarkada tumandagi 49 ta korxona va tashkilotlar tomonidan 178ta boʻsh ish oʻrinlari taqdim etildi.
Yarmarkani Amudaryo tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi boshligʻi Rashid Salayev ochdi va olib bordi.
Yarmarka jarayonida ishtirokchilar uchun Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi xodimlari tomonidan boʻsh ish oʻrinlari va ularga aholini ishga joylashtirish, ishsiz aholini kasb-hunarga oʻqitish, xohlovchi aholini xorijiy davlatlarga ishga joylashtirish, shuningdek, aholining mehnat huquqlari va mehnat muhofazasini taʼminlash masalalari boʻyicha huquqiy maslahat va maʼlumotlar olishlari uchun barcha sharoitlar, jumladan, videoroliklar, bannerlar, broshyuralar, bukletlar tashkil qilindi.
Yarmarka jarayonida 19 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi. Ulardan 7 nafari xotin-qizlar, 4 nafari yoshlar, 1 nafari oliy taʼlim muassasasi bitiruvchisi, 2 nafari nogironligi boʻlgan shaxs, 2 nafari mehnat muhojirligidan qaytib kelgan ishsiz fuqarolar, 3 nafari esa ishsiz fuqarolardir.
Yarmarka davomida boʻlim xodimlari tomonidan 8 nafar fuqaroga boʻsh ish oʻrinlari, ularga aholini ishga joylashtirish boʻyicha, 9 nafar fuqaroga ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha, 6 nafar fuqaroga xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish boʻyicha, shuningdek, 6 nafar fuqaroga mehnat huquqlari va mehnat muhofazasini taʼminlash boʻyicha huquqiy maslahatlar, kerakli maʼlumot va tavsiyalar berildi.
Chet davlatlarda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga ZOOM platformasi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri ish beruvchilar bilan suhbatlarda qatnashish imkoniyatlari mavjudligi toʻgʻrisida ham maʼlumot va tushunchalar taqdim etildi.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶