“ADLIYa SAYLI” TADBIRI OʻTKAZILDI
Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, shuningdek, bu borada davlat organlari hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, uslubiy yordam berish Adliya organlari va muassasalarining asosiy vazifalaridan biridir. Amudaryo tumanining Doʻstlik mahallasi hududida Adliya vazirligi tashabbusi bilan oʻtkazilgan tadbir ham ana shu maqsadga qaratildi.
Joriy yilning 22-noyabr sanasida boʻlib oʻtgan “Adliya sayli” tadbirida Amudaryo tumanidagi davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari “Xalq davlat idoralariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” shiori ostida hamjihatlik bilan ishtirok etib, aholini oʻz faoliyatlari bilan yaqindan tanishtirdilar.
Aytish joizki, aholining huquqiy savodxonligini oshirish jamiyat taraqqiyoti va davlatimizda qonuniylikni taʼminlashning muhim jihatlaridan biri hisoblanadi. Bu jarayonda huquqshunoslar, adliya organlari xodimlari bilan joylarda oʻtkaziladigan uchrashuvlar alohida ahamiyat kasb etadi.
“Adliya sayli” tadbirida fuqarolarga notariuslar va advokatlar, davlat xizmatlari agentligi, sudlar, tijorat banklari, huquq-tartibot idoralari va boshqa bir qator tashkilotlar xodimlari tomonidan huquqiy va axborot xizmatlari koʻrsatildi.
Tadbir davomida aholiga yangi qonunlar, davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida keng tushuntirish ishlari olib borildi. Bu esa fuqarolarning oʻz huquqlarini anglash va imkoniyatlardan samarali foydalanish koʻnikmalarini yanada oshirishga yordam beradi.
Tadbir maʼrifiy tarzda oʻtkazilib, aholiga turli masalalarda huquqiy tushuntirishlar, maslahatlar berildi. Ishtirokchilarga qonunchilikni tushuntirish boʻyicha adabiyotlar va boshqa huquqiy qoʻllanmalar, flayer va bukletlar tarqatilib, stendlar, huquqiy burchaklar orqali maʼlumotlar berildi.
Bunday tadbirlarning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, jamiyatda qonunga hurmat va qonuniylikka amal qilish madaniyati yanada oshadi. Huquqiy ongli jamiyat esa barqaror taraqqiyot sari dadil qadam tashlaydi.
Tadbirda aholining huquqiy savodxonlik darajasini oshirish uchun zamonaviy vositalar imkoniyatlari ham keng targʻib qilindi. Jumladan, elektron hukumat portali, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va boshqa elektron platformalar, huquqiy targʻibot olib boriladigan ijtimoiy tarmoq manzillari va saytlar fuqarolarga huquqiy maʼlumotlarni oson va tez yetkazishda muhim vosita ekaniga alohida urgʻu qaratildi.
Bundan tashqari, tadbir davomida viktorinalar oʻtkazilib, ishtirokchilarning huquqiy bilimlari sinovdan oʻtkazildi va namunali ishtirokchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tadbir davomida fuqarolarga jami 18ta davlat xizmatlari koʻrsatildi. 5ta protsessual hujjat namunalari tayyorlab berilib, 30 nafarga yaqin fuqarolarga huquqiy tushunchalar berildi. Tadbir ishtirokchilariga 100dan ortiq targʻibot materiallari tarqatildi.
“Adliya sayli” tadbiri orqali fuqarolar bilan davlat idoralari oʻrtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanib, ularning davlat idoralariga boʻlgan ishonchlari yanada ortdi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶