Qoraqalpogʻiston Respublikasi Prokuraturasi tomonidan ijtimoiy soha obʼektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi oʻrganildi
Davlat dasturlarining ijrosini nazorat qilish, xususan qurilish sohasi va ijtimoiy obʼektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini taʼminlash va bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish, ijrosini nazorat qilish muhim vazifalardan hisoblanadi. Bunday vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi aholi farovonligi va davlat rivoji uchun muhim omildir. Mazkur vazifalarning ijrosi prokuratura organlari tomonidan nazoratga olingan boʻlib, xususan, qurilish sohasida davlat dasturlarining sifatli bajarilishi va ijtimoiy obʼektlarning holati ustidan tizimli nazorat oʻrnatilgan.
Amudaryo tumani misolida bu borada qanday ishlar olib borilayotgani Qoraqalpogʻiston Respublikasi Prokuraturasi masʼullari tomonidan oʻrganib chiqildi. Oʻrganishlar davomida tumandagi ijtimoiy soha obʼektlarida qurilish-taʼmirlash ishlari tasdiqlagan tarmoq jadvallariga asosan tashkil etilayotganiga eʼtibor qaratildi. Aytish kerakki, tuman prokuraturasi xodimlari ushbu qurilish jarayonlarini muntazam oʻrganib, masʼullarga qator koʻrsatmalar berib kelmoqda. Jumladan, obʼektlarni oʻz vaqtida va sifatli topshirish, moliyaviy va texnik jihatdan barcha ishlarni smeta va tasdiqlangan rejaga asosan tashkil qilish holatlari nazoratga olinmoqda. Shu bilan birga, byudjet mablagʻlarining noqonuniy sarflanishining oldini olish, oʻquv muassasalari binolarining qurilish surʼatini pudratchilar tomonidan yetarli ishchi kuchi va maxsus texnikalarni jalb qilgan holda jadallashtirish hamda ishchilarni rasmiy sektorga oʻtkazish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berilmoqda.
Ijtimoiy soha obʼektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ham turmush sifatiga bevosita taʼsir qiladigan jarayonlardan biri hisoblanadi. Shu bois, hududdagi ijtimoiy obʼektlarda isitish tizimlarining sozligi va energiya resurslaridan samarali foydalanish masalalari ham har tomonlama koʻrib chiqilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokuraturasi xodimlari amudaryolik hamkasblari bilan birgalikda bu borada ham tegishli oʻrganish ishlarini olib borishdi.
Ijtimoiy obʼektlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida isitish qozonlarining almashtirilishi va ortiqcha energiya isteʼmolini kamaytirish uchun energiya tejamkor uskunalardan foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu orqali obʼektlarning kuz-qish mavsumida samarali faoliyat yuritishi taʼminlanadi. Shu bilan birga, prokuratura organlari ijtimoiy soha obʼektlari va aholini koʻmir mahsuloti bilan uzluksiz taʼminlash jarayonini ham nazoratga olgan. Oʻrganishlar davomida ijtimoiy soha obʼektlarini isitish uchun zarur yoqilgʻi zaxiralari yaratilganligi ham tekshirildi. Prokuratura organlari xodimlari tegishli masʼullarga qoʻshimcha koʻmir zaxiralari yaratish, qozonxonalar va elektr generatorlarni texnik koʻrikdan oʻtkazish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha qator koʻrsatmalarni berdi. Bu yoʻnalishdagi ishlar doimiy nazoratga olingani va ish jarayonida uchraydigan muammolar zudlik bilan bartaraf etilishi lozimligi taʼkidlandi.
Nazorat tadbirlari davom etmoqda va ulardan koʻzlangan asosiy maqsad — qurilish ishlari sifatini taʼminlash va ijtimoiy soha obʼektlarining samarali faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratishdir. Prokuratura xodimlari ijtimoiy obʼektlardan foydalanuvchilar va aholi manfaatlarini himoya qilgan holda, byudjet mablagʻlarining samarali va oqilona sarflanishini hamda qurilish sifatini taʼminlashga hissa qoʻshishni oʻz oldlariga maqsad qilib qoʻyganlar. Bu borada koʻrilayotgan choralar va amalga oshirilayotgan tadbirlar aholining, ijtimoiy soha muassasalaridan foydalanuvchilarning mavsumiy qiyinchiliklarni yengib oʻtishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Sharyar Joldasov, Amudaryo tumani prokurori katta yordamchisi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶