MEHNAT YaRMARKASIDA 109 TA KORXONA 595 TA BOʻSh ISh OʻRINLARI BILAN IShTIROK ETDI
Soʻnggi yillarda Amudaryo tuman kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi tomonidan aholining ish izlovchi va ish bilan band boʻlmagan qatlamini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida mehnat yarmarkalari oʻtkazish, unda barcha toifadagi ish izlovchi aholi vakillari ishtirok etishlari uchun sharoit yaratish, oʻz kasbi va layoqatiga mos ishga joylashishlariga koʻmaklashish, ishlash istagida boʻlgan fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish orqali ularning bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 12-sentyabr kuni Oʻzbekiston Mahallalar uyushmasi Amudaryo tumani boʻlimi binosida boʻlib oʻtgan mehnat yarmarkasida ham boʻsh ish oʻrinlari mavjud boʻlgan korxona va tashkilotlarning masʼul mutaxassislari ish izlovchilarga zarur maʼlumot va tavsiyalarni taqdim etdilar.
Yarmarkada Amudaryo tuman prokurori, adliya maslahatchisi Abat Jumamuratov, Amudaryo tumani IIB xodimi Ilxom Abutov, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman hokimi yordamchilari hamda boshqa hamkor tashkilotlar, tijorat banklari vakillari, shuningdek, 102 nafar ishsiz fuqarolar, aliment toʻlovchilar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda bitiruvchi yoshlar qatnashdilar.
Tumandagi 109 ta korxona va tashkilotlarda mavjud 595ta boʻsh ish oʻrinlari taklif etilgan yarmarkani Amudaryo tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi boshligʻi Rashid Salayev ochdi va olib bordi.
Yarmarkada 2-sektor rahbari, Amudaryo tuman prokurori, adliya maslahatchisi Abat Jumamuratov soʻzga chiqib, ishtirokchilarga oʻzlariga maqbul kelgan ish oʻrinlari bilan tanishib, ishga joylashishlarida ular tanlagan ish oʻrinlari haqida masʼul mutaxassislar yaqindan yordam berishlarini, agar zarur boʻlsa huquqiy tomondan yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatilishini taʼkidladi. Shuningdek, tuman prokurori oʻziga biriktirilgan, yaʼni otaliqqa olingan ishsiz yoshlarning doimiy ishga joylashishlari uchun ish beruvchilar bilan muloqotda boʻlib, ularning bandligini taʼminlash choralari koʻrilishini, ishlash istagida boʻlgan har bir yosh eʼtibordan chetda qolmasligini alohida qayd etdi.
Mehnat yarmarkasi jarayonida ishtirokchilarga Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi xodimlari tomonidan boʻsh ish oʻrinlari va ularga aholini ishga joylashtirish, ishsiz aholini kasb-hunarga oʻqitish, xohlovchilarni xorijiy davlatlarga ishga joylashtirish, aholining mehnat huquqlari va mehnat muhofazasini taʼminlash masalalari boʻyicha huquqiy maslahat va maʼlumotlar olishlari uchun barcha sharoitlar, jumladan, videoroliklar, bannerlar, broshyuralar, bukletlar ham tashkil qilindi.
Tadbirda oʻzini-oʻzi band qilish orqali doimiy daromadga ega boʻlish niyatida boʻlgan 16 nafar ishsiz xotin-qizlarga hokim yordamchilari tavsiyalari asosida subsidiyaga dazmol, motoblok va boshqa uy-roʻzgʻor buyumlari hamda ayollar goʻzallik saloni uchun asbob-uskunalar, tikuv mashinalari berildi hamda ularning bandligi taʼminlandi.
Amudaryo tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga qarashli Qipchoq ovulida joylashgan kasb-hunarga oʻqitish maskanida 3 oylik oʻquv kursini bitirgan 10 nafar ishsiz xotin-qizlarga esa tikuvchilik yoʻnalishi boʻyicha sertifikatlar topshirildi va ularga ushbu yoʻnalishda subsidiya asosida tikuv mashinalari olishlari mumkinligi tushuntirildi.
Yarmarkada 35 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, shundan 15 nafari xotin-qizlar, 9 nafari yoshlar, 9 nafari oliy taʼlim muassasasi bitiruvchilaridir. Shuningdek, 5 nafar fuqaro haq toʻlanadigan jamoat ishlariga joylashtirildi, ulardan 2 nafari nogironligi boʻlgan shaxs hisoblanadi. 4 nafar fuqaro esa kasb-hunarga oʻqitishga jalb qilindi.
Yarmarka davomida boʻlim xodimlari tomonidan boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha 23 nafar fuqaroga, ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha 26 nafar fuqaroga, xorijiy davlatlarda ishga joylashtirish boʻyicha 14 nafar fuqaroga, mehnat huquqlari va mehnat muhofazasini taʼminlash boʻyicha esa 19 nafar fuqaroga huquqiy maslahatlar, kerakli maʼlumot va tavsiyalar berildi. Shuningdek, chet davlatlarda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga ZOOM platformasi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri ish beruvchilar bilan suhbatlarda qatnashish imkoniyatlari mavjudligi toʻgʻrisida ham zarur tushuncha va maʼlumotlar taqdim etildi.
Rashid Salayev, Amudaryo tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶