Amudaryo telekanali tahririyati xodimlari Ichki ishlar boʻlimi bilan hamkorlikda nazorat tadbirlari oʻtkazdi
Har bir ota-ona farzandlarining kelajakda yetuk inson boʻlib yetishishini, oilasi, mahallasi, Vataniga xizmat qilib, el duosini olib yurishini, ularning kamolidan faxrlanib yashashni istaydi.
Oʻsmir yoshlarning kelajagi uchun yaratilayotgan sharoitlar, qilinayotgan gʻamxoʻrliklar kun sayin kuchaymoqda. Ularning ulgʻayib, ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritib, mamlakat ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, sport va harbiy vatanparvarlik sohalarida faol mehnat qilib, oʻz iqtidori, salohiyatini namoyon etishlari uchun barcha imkoniyatlar muhayyo.
Shu bilan bir qatorda bizning yurtimizdagi obod, farovon, osoyishta hayotni koʻra olmaydigan, hali oq-qorani ajratishga tayyor boʻlmagan, hayotiy tajribaga ega boʻlmagan oʻsmirlarni oʻzlarining gʻarazli maqsadlari yoʻlida hamkorlikka jalb etishga urinadigan gʻayr maqsadli kuchlar xavfi ham mavjudligi afsuski, bor gap.
Axborot kommunikatsion texnologiyalarning tez surʼatlardagi taraqqiyoti natijasida yoshlarga gʻoyaviy taʼsir oʻtkazish imkoniyatlari kengayishiga olib kelayotgani ayniqsa xatarlidir. Yot kuchlar din omilidan foydalanib, oʻsmir-yoshlarning ongini zaharlashga urinmoqdalar. Achinarlisi, buningdek harakatlar natijasida toʻgʻri yoʻldan toyib ketayotganlar ham yoʻq emas.
Oʻsmir-yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular ongida Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhini shakllantirish, ularning yuksak maʼnaviyatli boʻlib ulgʻayishlariga hissa qoʻshish maqsadida Amudaryo telekanali “Yuksak maʼnaviyatli va axloqli yoshlar yurt kelajagi” nomli grant loyihasini amalga oshirmoqda.
Loyiha doirasida yaqinda yoshlarning turli diniy-ekstremistik, terrorchilik oqimlar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish, ularni ogohlikka daʼvat qilish maqsadida tuman Ichki ishlar boʻlimi voyaga yetmaganlar va yoshlar masalalari boʻyicha faoliyat yuritayotgan guruh xodimlari bilan Amudaryo telekanali xodimlari nazorat tadbirini oʻtkazdilar.
Tadbirda tuman Ichki ishlar boʻlimi voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, leytenant Siroj Usnatdinov, katta inspektor, podpolkovnik Ulugʻbek Qoʻchqorov, voyaga yetmaganlar masalasi boʻyicha inspektor, psixolog, leytenant Gumusay Bekmanova, psixolog, katta serjant Nodira Erdoshevalar ishtirok etdilar.
Hamkor guruh Mangʻit shahri Yangiobod koʻchasidagi koʻp qavatli uy yonida faoliyat yuritayotgan kompyuter oʻyinlari xonasida boʻlishdi. Bu yerda oʻsmir-yoshlarning qanday oʻyinlar oʻynashayotganini koʻrishdi. Ularga boʻsh vaqtlarini behuda oʻtkazmaslik, koʻproq kitob oʻqish, taʼtil kunlarida sport bilan shugʻullanib, jismoniy chiniqish lozimligini tushuntirdilar, ogohlikka chaqirdilar.
Shuningdek Navoiy nomli mahallada joylashgan kafeda boʻlishib, oʻsmir-yoshlarga tungi vaqtlarda ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar ishtirokisiz yurmaslik, koʻchalarda nomaqbul harakatlar qilmaslik lozimligi tushuntirildi.
Oʻrta qalʼa ovulining Vaxum aholi punktida katta yoʻl boʻyida faoliyat yuritayotgan bilyardxona ham koʻzdan kechirildi. Bu yerga yigʻilgan oʻsmir-yoshlarga ham yozgi taʼtilni mazmunli va maqsadli oʻtkazish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Hamkor guruh Doʻrmandagi “Qaldirgʻoch” bolalar yozgi dam olish maskanida ham boʻlishib, bu yerda ikkinchi bosqichda 100 nafar bolalar koʻngilli dam olayotganini, ular tabiat qoʻynida sayr qilib, kitob oʻqib, sport bilan, shuningdek, badiiy toʻgaraklarda adabiyot, sanʼat bilan shugʻullanayotganining guvohi boʻldilar. Ularga yurtimizning ana shunday gʻamxoʻrliklariga javoban aqlli, mard va oliyjanob insonlar boʻlib yetishishlari lozimligi tushuntirildi.
Ezgulik yoʻlidagi qilingan ish hech qachon beiz ketmaydi. Tuman Ichki ishlar boʻlimi va Amudaryo telekanali xodimlarining hamkorlikdagi nazorat tadbirlari ham oʻzining ijobiy samaralarini beradi, albatta.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶