“KAMOLOT” UYLARI”– YoSh OILALARNI QOʻLLAB-QUVVATLAShGA XIZMAT QILADI
Mamlakatimizda yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlashga, ularning farovon yashashlariga koʻmaklashishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ularni sogʻlom turmush tarzi hukmron boʻlgan ahil va mustahkam oilalar safiga qoʻshilishiga keng yoʻl ochilmoqda. Yosh oilalarning uy-joy qurishi uchun yer uchastkalari ajratilib, imtiyozli kreditlar berilayapti.
Joriy yilda mamlakatimiz boʻylab qurilishi boshlangan "Kamolot” uylari” ham yosh oilalarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklarning uzviy davomidir.
Mamlakatimiz Prezidentining 2014-yil 6-fevraldagi "Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid Davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2124-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tumanda "Yer ajratish, egalik qilish, foydalanishga va ijaraga berish masalalarini koʻrib chiquvchi doimiy komissiyaning 2014-yil 25-martdagi 177-sonli qaroriga muvofiq yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida "Kamolot” uylari” barpo etish uchun Mangʻit shahrining "Gulzor” mahallasi hududidan 3 gektar yer maydoni ajratilgan va 4 qavatli, 48 xonadonga moʻljallangan uy-joy qurilishi boshlab yuborilgan edi.
Mazkur uy-joy 2015-yilning mart oyida bitkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, ularni yosh oilalarga berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentyabrdagi "Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlashni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasining 250-sonli qaroriga muvofiq "Kamolot” uylari”dan kvartiralar ajratilish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
Belgilangan tartibga koʻra uy-joylarga:
– birinchi marta rasmiy nikohdan oʻtgan;
– ariza berilgan paytda er-xotinning har birining yoshi 30 dan oshmagan;
– fan, sanʼat, adabiyot, sport va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan yosh oilalar ega boʻlishi mumkin.
Ushbu talablardan kelib chiqib, "Kamolot” YoIH tuman Kengashi raisi nomiga ariza beriladi. Berilgan ariza 2 ish kuni muddatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy komissiyasiga yetkaziladi.
Hududiy komissiya hujjatlari qabul qilingan arizachining yashash sharoitlarini, kreditni qaytarishga layoqatliligini (ariza beruvchining oila aʼzolarining daromadini) oʻrganadi. Oʻrganish natijalari boʻyicha tekshirish dalolatnomasi tuzadi. Tekshirish dalolatnomasi ilova qilingan hujjatlar uch kun muddatda "Kamolot” YoIH Markaziy Kengashiga yuboriladi. Markaziy Kengash hududiy komissiyalar tomonidan taqdim etilgan xulosa va hujjatlarini koʻrib chiqib, yosh oilaning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj sifatida tavsiyanoma beradi.
Tavsiyanoma esa tijorat banklari tomonidan imtiyozli ipoteka kreditini olishga shartnoma tuzish uchun asos hisoblanadi. Tavsiyanoma olgan yosh oilalar tijorat banklari tomonidan 5 yillik imtiyozli davr bilan, dastlabki badalsiz, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasiga teng foizli stavka bilan 20 yil muddatga beriladigan imtiyozli ipoteka kreditlarini olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Xulosa qilib aytganda, qurilayotgan, qurilishi rejalashtirilayotgan "Kamolot” uylari” yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlashga, uy-joy bilan taʼminlanishini yaxshilashga xizmat qiladi.
M.OʻROZBOYeV,
"Kamolot” YoIH tuman Kengashi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶