BEShTOM MAHALLASIDA TUMAN HOKIMI YoShLAR BILAN UChRAShUV OʻTKAZDI
Mamlakatimiz boʻylab yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida hokim va yoshlar uchrashuvlari oʻtkazilib, ularni hal qilish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Beshtom mahallasida boʻlib oʻtgan navbatdagi “Hokim va yoshlar” uchrashuvida ham hudud yoshlarining muammolari, takliflari oʻrganildi.
17-noyabr kuni mahalla hududida boʻlib oʻtgan mazkur uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, Prezidentning tumandagi Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov, Yoshlar agentligi tuman boʻlimi boshligʻi Sardor Ismoilov hamda mutasaddi tashkilotlar, fuqarolar yigʻinlari masʼullari, hududdagi hokim yordamchisi, faol fuqarolar va yoshlar ishtirok etishdi.
Tadirda soʻzga chiqqan tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev dastlab yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, oʻzgarishlar va bunyodkorliklar, ulardan unumli foydalanib kamolga yetayotgan, yutuqlarga erishib, Oʻzbekiston nomini dunyoga tanitayotgan faol yoshlar haqida soʻzladi. Tuman yoshlarini ham bor imkoniyat va sharoitlardan yetarlicha foydalanib, yurt kelajagiga munosib farzandlar, yetuk insonlar boʻlib voyaga yetishga daʼvat etdi.
Shuningdek, Prezidentning tumandagi Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov ham hududlarda yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, ularning muammolarini oʻrganishga, aniqlangan kamchiliklarni mutasaddilarni jalb etgan holda bartaraf etishiga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Yoshlar agentligi tuman boʻlimi boshligʻi Sardor Ismailov esa tumanda yoshlar bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka jalb etish, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan kam taʼminlangan oilalar farzandlarining toʻlov-shartnomalarini qisman qoplab berish kabi ishlar amalga oshirilayotganini maʼlum qildi.
Taʼkidlanganidek, tumandagi “Yoshlar daftari” roʻyxatiga olingan yoshlar bilan ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Ularga subsidiya va kreditlar ajratilishiga koʻmaklashilib, tadbirkorlikka jalb etish orqali bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, “Yoshlar daftari”dan chiqarilgan yoshlar doimiy va jamoat ish oʻrinlariga joylashtirildi, imtiyozli kreditlar, tikuv mashinalari berildi. “Har bir yoshga – bir gektar” tamoyili asosida yer maydonlari ajratildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan maxsus jamgʻarmasidan bir martalik moddiy yordam, asbob-uskunalar va mehnat qurollari xarid qilish, safarbarlik chaqiruv rezervi xizmati badalini toʻlash, mahalla fuqarolar yigʻinlariga “Street work out” sport maydonchalari qurish kabilar uchun tegishli mablagʻlar ajratilib, koʻmak berildi.
Uchrashuv davomida mahalla yoshlari bilan ochiq muloqot oʻtkazilib, murojaatlari tinglandi. Hudud yoshlari asosan, bandlikni taʼminlash, tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish, subsidiya va kreditlar ajratilishiga koʻmaklashish kabi masalalar yuzasidan amaliy yordam soʻrab murojaat etdilar.
Beshtom mahallasi yoshlarining murojaatlari, takliflari atroflicha oʻrganildi va oʻz muddatida tegishlicha hal etish uchun masʼullarga qatʼiy topshiriqlar berildi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶