Amudaryo tumanidagi mehnat faxriylariga I darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni topshirildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2017-yil 14-iyuldagi “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq, mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, taʼlim, sogʻlikni saqlash, yurisprudentsiya va boshqa sohalarida koʻp yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan pensiya yoshidagi yurtdoshlarimiz, shuningdek, ishlamasdan, hayotini oilalar mustahkamligini saqlash, farzandlarimizni jamiyat oldida masʼuliyat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga bagʻishlagan, jamiyatda hurmat qozongan onalar bir necha yildirki, “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanib kelinmoqda.
Oʻtgan 2018-2021-yillar davomida Amudaryo tumanidan jami 11 nafar pensionerlar “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishdi. Shundan, 3 nafari I darajali, 4 nafari II darajali va 4 nafari III darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoniga sazovor boʻlishdi.
2022-yilda ham Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi Vasiylik Kengashining 2022-yil 6-may kungi qarori bilan tumanimizning 3 nafar nuroniylari, jumladan, qishloq xoʻjaligi sohasi faxriysi Qosim Nametov va Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Gulmirza Nurmatovlar I darajali, Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan sanoat xodimi Baxram Jumaniyazov II darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan edi.
23-iyul kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vaziri oʻrinbosari, “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi Tursunboy Abdujabborov, Amudaryo tumani Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi maslahatchisi Bahodir Boltaboyevlar tumanimizning faol nuroniylari, bugungi kunda 80 yoshni qarshilagan faxriy ustozlar Kasim Nametov va Gulmirza Nurmatovlarning uylariga borib, ularga I darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonlarini hamda vazirlik va “Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan tayyorlangan pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalarni topshirdilar.
Xalqimiz “mehnat qilgan elda aziz”, degan purmaʼno hikmatli bejizga yaratmagan. Halol va fidoyi insonlar mehnati hamma davrlarda el-yurt, hukumatimiz tomonidan chuqur eʼtirof etilib, mehnatkash inson qadr-qimmati, hurmati joyiga qoʻyilgan.
Inson shaxsini, qadr-qimmatini ulugʻlash mustaqillik yillarida bebaho maʼnaviy qadriyat darajasiga koʻtarildi. Har yilgi anʼanaga muvofiq oʻz yoshligi, kuch-quvvati, bilim va tajribasini mamlakatimiz ravnaqi, yosh avlod kamoloti uchun bagʻishlagan, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan amudaryolik mehnat fidoyilarining ham mehnatlari hukumatimiz tomonidan eʼtirof etilib kelinayotgani qalblarga quvonch bagʻishlaydi.
Bahodir Boltaboyev, Amudaryo tumani Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi maslahatchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶