SOBIQ AFGʻONChI JANGChILAR UChUN TADBIR TAShKIL ETILDI
1979-yildan 1989-yilgacha afgʻon zaminida mavjud tuzumga qarshi chiqqan muxolifatning qurollangan tuzilmalariga qarshi kechgan janglarda sobiq ittifoq tarkibidagi respublikalarning harbiy xizmat burchini oʻtayotgan yigitlari ham safarbar etilgan edi.
Hududda sovet qoʻshinlarining cheklangan kontingenti tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Afgʻoniston hukumati bilan dunyoning bir qator yetakchi davlatlarining moliyaviy koʻmagidan foydalangan afgʻon mujohidlarining koʻp sonli tuzilmalari oʻrtasida 10-yildan ortiq davom etgan urushda sobiq ittifoq respublikalarining ne-ne zabardast oʻgʻlonlari halok boʻldi, omon qaytganlarining ham ayrimlari urushda olgan jarohatlari tufayli erta olamdan oʻtdi.
Keyinchalik maqsadsiz urush deya nom olgan ushbu urushda baxtiyor yigitlik davrini surib yurgan 358 nafar amudaryolik azamat oʻgʻlonlar ham ishtirok etishgan. Afsuski, shundan 13 nafarining jonsiz tanasi temir tobutlarda qaytgan. Oʻzbekistonliklarning ham tinch hayotiga rahna solgan mashʼum urush oʻchoqlaridan sobiq sovet ittifoqining harbiy qoʻshinlari olib chiqilganiga shu yilning 15-fevralida 33-yil toʻldi.
Sana munosabati bilan tumanimizda istiqomat qiluvchi 283 nafar sobiq afgʻonchi jangchilar uchun tuman hokimligi va “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi Qoraqalpogʻiston boʻlimining tumandagi vakili hamkorligida 15-fevral kuni tantanali tadbir tashkil etildi.
Sobiq afgʻonchi jangchilar dastlab Mangʻit shahrining Olmazor mahallasida joylashgan Xotira maydoniga yigʻildilar, afgʻon urushida shahid boʻlgan, omon qaytib, urushda olgan jarohatlari tufayli bevaqt olamdan oʻtgan quroldoshlarining xotirasini esga olib, maydondagi Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qoʻydilar.
Shuningdek, shu hududda joylashgan muzeyga tashrif buyurib, turli davrlarga oid, har biri mehnatkash va nekbin xalqimizning oʻtmishini eslatuvchi eksponatlar bilan tanishdilar.
Sobiq afgʻonchilar xotira maydonni sayr qilish barobarida Mangʻit shahri, hatto chekka ovullar ham tobora koʻrkamlashib, obodonlashib borayotgani, bu albatta, yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalik mahsuli ekanligini eʼtirof etdilar. Keyingi yillarda sobiq afgʻon urushi qatnashchilari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini taʼkidladilar.
Soʻngra sobiq quroldoshlar Qipchoq shaharchasida joylashgan “Jayxun” toʻyxonasida yozilgan toʻkin dasturxonga taklif etildi.
Ularni tuman hokimi oʻrinbosarlari Rashid Salayev, Mahmud Shermetov, Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasining Qoraqalpogʻiston boʻlimining tumanimizdagi vakili Bahodir Jumaniyozovlar afgʻon tuprogʻidan sovet qoʻshinlari olib chiqilganiga 33-yil toʻlishi munosabati bilan qizgʻin qutladilar va esdalik sovgʻalarini topshirdilar.
Urush davrida halok boʻlgan 13 nafar azamatning, urushdan omon qaytib, janglarda olgan jarohatlari va urush asoratlari tufayli bevaqt olamdan oʻtgan baynalmilal jangchilarning xotirasi esga olinib, ular haqiga duo qilindi.
Tadbirda sobiq quroldoshlar toʻkin dasturxon atrofida diydorlashib, oʻtgan kunlarini yodga olishdi, bugungiday hur va dorilomon kunlarga yetganiga shukronalar aytishdi. Tumanimizning taniqli sanʼatkorlari ularni joʻshqin qoʻshiqlari bilan xushnud etdi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶