HARBIY XIZMAT OʻGʻLIMNI ChINIQTIRDI
Ota-ona uchun farzandlarining kamolini koʻrishdan ham ulugʻroq baxt yoʻq. Farzandi oʻgʻilmi yoki qiz boʻlishidan qatʼiy nazar, ularning el-yurtga, oilaga qayishgan, mehr-oqibatli, mehnatsevar, bilimdon insonlar boʻlib voyaga yetishlari uchun borini ayamaydi, kerak boʻlsa, oʻz huzur-halovati, oromidan kechib, farzandlarini baxt-u saodatli, kasb-korli qilishga intilishadi.
Oilamizda ikki oʻgʻil va bir qiz farzandlarimiz aqlli-hushli, bilimga intiluvchan boʻlib voyaga yetayotganlaridan xursandman. Ayniqsa, katta oʻgʻlim Javohir Yangiboyev erishayotgan yutuqlardan ota-ona sifatida koʻnglimiz toʻq.
Javohir tumanimizdagi 40-sonli umumtaʼlim maktabining 9-sinfini aʼlo baholarga tugatdi va Toshkent shahridagi Soliq va moliya kollejiga oʻqishga kirdi. Kollejni tugatgan yili tuman Mudofaa ishlari boʻlimidan chaqiruv qogʻozi keldi. Yoshlarni harbiy xizmatga chaqiruv boʻlimida barcha sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan Javohir eng katta orzusi – askarlik libosini kiyib, Armiya xizmatiga otlandi.
Mana bir yildirki, Buxoro viloyatidagi harbiy qismlardan birida, tankchilar brigadasida ona Vatan oldidagi oʻz yigitlik burchini oʻtamoqda. Harbiy xizmatni oʻtash jarayonida Shimoli-Gʻarbiy harbiy okrug tarkibidagi harbiy qismlar askarlari oʻrtasida oʻtkazilgan harbiy mashqlar musobaqalarida ishtirok etib, Oʻzbekistonda faxrli 3-oʻrinni egalladi hamda Shimoli-Gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi.
Oʻgʻlimizning bu yutugʻidan ham quvondik, ham faxrlandik, Armiya hayoti Javohirni tobladi, boʻylari oʻsib, alpqomat yigit boʻldi, yaxshi xizmati bilan qoʻmondonlik nazariga tushganidan juda mamnunmiz.
Yaqinda, Yangi yil bayrami arafasida Javohir bizni yana bir quvonchli xabar bilan siyladi. Oʻzi xizmat qilayotgan harbiy qism tomonidan oʻtkazilgan test sinovlaridan ham muvaffaqiyatli oʻtib, OTMga oʻqishga kirish uchun qoʻmondonlik tavsiyanomasiga ham ega boʻldi.
Yana uzogʻi bilan bir-bir yarim oydan soʻng, oʻz yigitlik burchini ado etib, jonajon Mangʻit shahriga qaytish va albatta, 2022-yilda OTM talabasi boʻlish orzusida ona Vatan sarhadlarini sergaklik bilan himoya qilayotgan oʻgʻlimizni Milliy Armiyamiz tashkil topganligining 30 yilligi bilan chin dildan tabriklaymiz va orzu-intilishlariga omad tilaymiz.
Muyassar EShMONOVA,
Doʻstlik mahallasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶