3-sonli maktab kutubxonasida kitobxonlik targʻibotiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazildi
Mamlakatimizda yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor va ragʻbat tufayli nafaqat umumtaʼlim maktablari oʻquvchi-yoshlari, balki maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari orasida ham qiziqish tobora ortib, MTTlarda turli ertaklar qahramonlari ishtirokidagi tadbirlar oʻtkazilmoqda. Bu kabi tadbirlar turli sanalar munosabati bilan tashkillashtirilayotgani kitobxon yoshlar doirasini yanada kengaytirish imkonini bermoqda.
Maʼlumki, YuNESKO tashabbusi bilan 28-oktyabr Jahonning koʻplab davlatlarida, shu jumladan, mamlakatimizda ham Xalqaro kutubxonachilar kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan tumanimizdagi umumtaʼlim maktablari kutubxonalarida “Kitobxonlik haftaligi” loyihasi asosidagi targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻtkazildi. Shuningdek, “Maktab kutubxonasida savodxonlikni rivojlantirish shiori ostida 26-noyabr – “Maktab kutubxonalari kuni”da “Ochiq eshiklar kuni”, “Yangi adabiyotlar”, “Yangi Oʻzbekiston kutubxonalarini qanday koʻz oldingizga keltirasiz?” “Yozuvchilar mamlakatiga sayohat”, “Yangi kitoblar taqdimoti”, “Kitob oʻqing”, “Kitob bizni birlashtiradi”, “60 daqiqalik kitobxonlik” kabi tadbirlarda tumanimizdagi umumtaʼlim maktablari kutubxonachilari va kitobxon yoshlari ham faol ishtirok etishdi.
“Kitobxonlik haftaligi” loyihasi asosida Nazarxon ovulidagi 3-sonli maktab kutubxonasida ham kitobxonlik targʻibotiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazildi. Xususan, ovul hududidagi 10-sonli MTT tarbiyalanuvchilarining maktab kutubxonasiga sayohati tashkil etildi. Sayohat davomida MTT tarbiyalanuvchilarini kitobga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida turli ertaklar qahramonlari va ularning boshidan kechirgan sarguzashtlari haqida koʻrgazmali suratlar vositasida hikoya qilib berildi.
Haftalik davomida maktab kutubxonasida “Yozuvchilar mamlakatiga sayohat” tadbiri oʻtkazilib, qoraqalpoq xalqining sevimli satirik yozuvchisi Murodboy Nizanovning 7-sinf oʻquvchilari tomonidan yangi kitoblari taqdimoti tashkillashtirildi. Taqdimot jarayonida yosh kitobxonlar M.Nizanovning oʻziga xos ijodiy olami bilan yaqindan tanishdilar.
Haftalik doirasida kutubxonada tashkillashtirilgan “Ertaklar olamiga sayohat” tadbirida maktabga ilk qadam qoʻyib, oʻqish va yozishni qunt bilan oʻrganayotan 1-sinf oʻquvchilari olam-olam zavq-shavq oldilar. Ularga maktab kutubxonasiga keltirilgan yangi ertak kitoblari ifodali oʻqib berildi. Oʻz navbatida jajji bolajonlar oʻquv yilining 1-choragida oʻzlari yodlagan sheʼrlarini, musiqa darsida oʻrgangan ashulalarini quvonib-quvonib aytib berdilar. Tadbir yakunida esa bolalarga V.Suteyevning “Baliqchi mushuk” multfilmi namoyish etildi. Multfilmi namoyishi endi oʻqishni, yozishni oʻrganayotgan murgʻak qalblar dilida oʻz ona tillarida bexato soʻzlash, fikr aytish qobiliyatini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Shuningdek, “Kitobxonlik haftaligi” loyihasi asosidagi 9-10-11-sinflar oʻquvchilari oʻrtasida tashkillashtirilgan “Zakovat bahslari” doirasida amalga oshirilgan “Men sevgan badiiy asar” mavzusidagi kitobxonlar bellashuvlari barchada qiziqarli taassurotlar qoldirdi. Yosh kitobsevarlarning yodlash qobiliyatini, xotirasini sinovdan oʻtkazish, oʻzlari oʻqigan kitoblari xususidagi tahliliy fikrlarini oʻrganish maqsadida tashkillashtirilgan mazkur bellashuvlarda maktabning eng yaxshi kitobxon sinflari aniqlandi. “Zakovat bahslari” yakunida eng bilimdon kitobxon yoshlarga hamda eng kitobxon sinflarga maktab maʼmuriyati tomonidan faxriy yorliqlar, esdalik sovgʻalari berildi.
Tozaxon QDIRNIYaZOVA, 3-sonli umumtaʼlim maktabi kutubxonachisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶