“YaShIL MAKON” LOYIHASI DOIRASIDA KOʻChAT EKISh IShLARI DAVOM ETMOQDA
Prezidentimiz tomonidan respublikamiz boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt va buta koʻchatlarini ekish hamda yashil maydonlarni koʻpaytirish dolzarb vazifa qilib belgilab berildi. Loyiha asosida eʼlon qilingan “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri doirasida Amudaryo tumanida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Daraxtlar havo musaffoligini saqlab chor –atrofga fayz berib turadi, emin-erkin nafas olishimiz uchun zarur kislorod ishlab chiqaradi.Shuningdek, oftob tigʻidan, chang toʻzonlardan asraydi. Biroq, daraxtlarni ekib koʻpaytirishga, borini parvarishlab, avaylashga doimo ham eʼtibor beravermaymiz.
Agar ahvol shu zaylda davom etsa, yozda issiqdan, qishda sovuqdan pana qiladigan, chor-atrofimizdagi shovqin-surondan himoya qiladigan, rizqimiz yetiladigan mevali daraxtlarga, atrofga fayz berib turgan manzarali daraxtlarga qiron keltiraversak, oxiri nima boʻladi?
Buningdek ayanchli oqibatning oldini olish yuzasidan barcha mamlakatlarda boʻlgani kabi bizning yurtimizda ham koʻpgina amaliy ishlar qilinayapti.
Prezidentimiz tashabbusi eʼlon qilingan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ham bu boradagi ezgu qadamlardan biridir. Loyiha doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan. Natijada yashil makonlar kengayadi. Bunda har bir hududning tabiatiga mos, odamlarda allergiyalar keltirib chiqarmaydigan manzarali, mevali daraxtlar va butalarni ekish koʻzda tutilganligi ayniqsa ahamiyatlidir.
Tumanimizda ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish ishlarini amalga oshirishga bagʻishlangan dolzarb 40 kunlik doirasidagi harakatlar qizgʻin davom etmoqda. Korxona, tashkilotlar, oʻquv muassasalari xodimlari oʻz hududlarini yashil maydonga aylantirish tashabbusi bilan koʻchat va butalar ekishmoqda. Shuningdek, ovul va mahallalar aholisi bu harakatda faol ishtirok etmoqda, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi, fermer xoʻjaliklar ishchilari ham jalb etilgan.
Shu yilning 25-noyabrida tumanimizga tashrif buyurgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Sogʻindiq Turmanov, tuman hokimi Sultonboy Yoʻldoshev, tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Alisher Yoʻldoshevlar Mangʻit shahrining Olmazor mahallasi Barkamol avlod koʻchasidagi yashil hudud uchun moʻljallangan maydonga mevali va manzararli daraxtlar koʻchatlarini oʻtqazdilar. Ona zamin bagʻriga ekilgan koʻchatlarning unib chiqib, shahar fayziga fayz qoʻshishini tiladilar.
Shunisi eʼtiborliki, koʻchat ekish ishlari kun sayin umum harakatiga aylanib borayotgani kishini quvontiradi. Albatta, vaqtlar oʻtib , bu harakatlar samarasida bunyodga kelgan yashil makonlar tobora ekologik muammolar koʻpayayotgan hududimizda muvozanat barqaror boʻlishiga zamin yaratadi.
Oygul Rajabova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶