TIL BAYRAMI MUNOSABATI BILAN 76-SONLI MAKTABDA TADBIR OʻTKAZILDI
Oʻzbek tiliga 1989-yil 21-oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Bu xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi va ona tilimizning bor goʻzalligi, jozibasini toʻla namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratildi. Shundan buyon har yili sana munosabati bilan turli tadbirlar oʻtkazilib keng miqyosda nishonlash anʼanaga aylandi. 2020-yildan boshlab esa oʻzbek tiliga eʼtiborni yanada kuchaytirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonun imzolanib, 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
18-oktyabr kuni 76-sonli maktabda ona tili va qoraqalpoq tili fanlari oyligi hamda tilimizga davlat tili maqomi berilganiga 32-yil toʻlishi munosabati bilan katta tadbir oʻtkazildi. Tadbir doirasida dastlab ochiq darslar tashkil etildi. Ochiq darslarni hozirgi zamon talablari asosida tashkil etishga alohida eʼtibor berildi va mashgʻulotlarda ilgʻor usullar va zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanildi.
Oʻquvchilarga til – millat koʻzgusi ekanligi, uni mukammal oʻrganish orqali ona tiliga mehr-muhabbat mustahkamlanishi tushuntirilib, ona tilimizning beqiyos imkoniyatlari, uning boyligi va sofligini saqlash, ravnaqi yoʻlida amalga oshirilayotgan amaliy saʼy-harakatlar toʻgʻrisida maʼruzalar qilindi.
Darslar davomida fan oʻqituvchilari yurtimizda davlat tiliga boʻlgan eʼtibor har qachongidan ham kuchayganini, bugun ona tilimizni ulugʻlash, uning boy xazinasi, tarovati va nafosatini yosh avlodga yetkazish maqsadida yurtimizda atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablari tashkil etilgani toʻgʻrisida soʻz yuritishdi. Shuningdek, Muhammad Rizo Ogahiy, Ishoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida saboq olgan yoshlar oʻzbek tili va adabiyoti, badiiy ijod sirlarini chuqur oʻrganishlari uchun barcha sharoitlar yaratilayotganini taʼkidlab oʻtishdi.
Ona tiliga eʼtiborni, mehr-muhabbatni kuchaytirish, ona tili millat maʼnaviyatining koʻzgusi ekanini eʼtirof etish, yozma savodxonligini oshirish maqsadida oʻquvchilarga ochiq darslar mobaynida bayon va insholar ham yozdirildi. Darslar davomida oʻquvchilar ham faol ishtirok etib, bilimdonliklarini koʻrsatishdi.
Ochiq darslardan soʻng, adabiy-musiqiy kecha oʻtkazildi. Oʻquvchi-yoshlar ijrosidagi sahna koʻrinishlari, kuy-qoʻshiqlar bilan davom etgan tadbir ona tili, adabiyot va maʼnaviyat bayramiga aylandi. Vatanimizni, ona tilimizni tarannum etuvchi sheʼrlar, kuy va qoʻshiqlarni maktabning 5-sinfdan 8-sinfgacha boʻlgan oʻquvchilari ijro etishdi. Ular ijrosida mumtoz adabiyotimiz namoyandalari boʻlgan Alisher Navoiy, Abdulla Avloniy, Choʻlpon, Uvaysiy, Zebuniso, Zulfiya, Muhammad Yusuf va boshqa atoqli ijodkorlar qalamiga mansub sheʼrlar, asarlaridan parchalar ham tinglandi. Tadbir asnosida har bir oʻquvchi qalbidagi ona tiliga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbatini, faxru iftixorini namoyon etishga harakat qildi.
Til bayrami munosabati bilan, shuningdek, yoshlar qalbida ona tilimizga muhabbat, milliy va jahon adabiyotini teran nigoh bilan oʻqishga qiziqish uygʻotish, kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida oʻtkazilgan mazkur tadbir barchaga birdek juda manzur boʻldi.
O. Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶