KOʻNGILLI EKOFAOLLAR HAShARI OʻTKAZILDI
Butunjahon tozalik kuni – bu insoniyat oʻzi yashab turgan hududda tozalikka qatʼiy rioya etish, tabiiy atrof-muhitni chiqindilardan tozalash gʻoyasini ifoda etadi. Garchi, ushbu gʻoya dastlab 2008-yilda Estoniyada vujudga kelgan boʻlsa-da, oʻzi yashab turgan hududni toza saqlash, koʻcha va mahallalarni obodonlashtirishga eʼtibor masalasi bizning oʻzbek xalqi uchun bobomeros qadriyat hisoblanadi. Shu bois, har gal fasllar oʻzgarganda mamlakatimizning barcha hududlarida, har bitta mahalla, har bir koʻcha va xonadonlarda tozalash, obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshiriladi.
Shunday boʻlsa-da, Estoniya davlatida dastavval 50 000 koʻngillilarni birlashtirgan ekologik harakat boshlangan kun – sentyabr oyining uchinchi shanbasi Oʻzbekistonda ham dunyoning 200 ga yaqin mamlakatlari koʻngilli ekofaollarini birlashtiruvchi Butunjahon tozalik kuni sifatida keng nishonlanadi va ushbu sana munosabati bilan mamlakatimizda 2019-yildan beri keng miqyosli tozalash va obodonlashtirish tadbirlari amalga oshiriladi.
Tumanimiz hududlarida tozalikni taʼminlashni oʻz zimmasiga olgan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va “Toza hudud” davlat unitar korxonasi mutaxassislari hamda ishchilari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tufayli nafaqat Mangʻit shahri, balki ovul va mahallalar hududlari ham kun sayin obodonlashib, chiqindilardan holi hududlarga aylanib bormoqda.
Butunjahon tozalik kuni – sentyabr oyining uchinchi shanbasi, 18-sentyabr sanasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish Ekologiya qoʻmitasining Amudaryo tumani inspektsiyasi tomonidan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va “Toza hudud” davlat unitar korxonasi bilan hamkorlikda Mangʻit shahri hamda tumanimizning ovul va mahallalarida koʻngilli ekofaollar hashari oʻtkazilib, keng miqyosli tozalash, obodonlashtirish hamda kuzgi koʻchat ekish ishlari amalga oshirildi.
Koʻngilli ekofaollar hashari jarayonida Mangʻit shahrining Boy ovul, Navoiy nomli, Chordara va Gulzor mahallalari, shuningdek, Choykoʻl, Qipchoq ovullari, Beshtom mahallasida tozalash va obodonlashtirish ishlari olib borilib, mazkur hududdagi har xil maishiy chiqindilar, turli oʻsimlik qoldiqlari, xazonlar, qattiq chiqindilar maxsus chiqindi maydonlariga olib chiqib tashlandi. Madaniy-maishiy obʼektlar ovul va mahallalar guzarlari, xonadonlar atroflari tozalandi, daraxtlar oqlanib, shakl berish ishlari olib borildi.
Shuningdek, tozalash tadbirlari jarayonida tumanda tashkil etilgan chiqindilar poligonida zararsizlantirish ishlari ham amalga oshirildi. Bundan tashqari, aholi orasida tozalikni taʼminlash yuzasidan targʻibot tadbirlari ham oʻtkazilib, bu tadbirlarda ovul va mahallalar faollari ishtirok etdilar.
Boʻlib oʻtgan koʻngilli ekofaollar hashariga tuman Obodonlashtirish boshqarmasi va “Toza hudud” davlat unitar korxonasi tomonidan 20 ta maxsus texnika vositalari jalb etilib, ushbu texnikalar yordamida hududlarda toʻplangan chiqindilarni hech bir muammosiz chiqindi poligonlariga olib chiqib tashlandi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶