ISLOHOTLAR TUFAYLI YaNGILANAYoTGAN OʻZBEKISTON
Joriy yilda xalqimiz necha yuz yillik tarixi davomida orzu qilib, intilib yashagan va mamlakatimiz hayoti, taqdirida tub burilish yasagan, olamshumul voqea — Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi eʼlon qilinganiga oʻttiz yil toʻladi.
Aytish kerakki, mustaqillik yillarida Oʻzbekiston taraqqiyoti yoʻlida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar natijasida yurtimiz bugun barcha sohalarda jadal rivojlanib, aholining turmush darajasi, siyosiy-ijtimoiy faolligi, ong-u tafakkuri tobora yuksalayotgan, jahon hamjamiyatida oʻziga xos oʻringa ega boʻlgan, uzoq-yaqindagi barcha mamlakatlar bilan doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini keng miqyosda olib borayotgan zamonaviy, ochiq va demokratik davlatga aylandi.
Ayniqsa, soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning tub zamirida inson manfaatlari, huquq va erkinliklari himoyasi ustuvorligi mujassam. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joylarda aholi muammolarini oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil qilindi hamda ularning samarali faoliyat yuritishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.
Shuningdek, hududlarda sayyor qabullar oʻtkazilib, muammolarning aksariyati oʻzining ijobiy yechimini topmoqda. «Inson manfaatlari — hamma narsadan ustun» va «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» tamoyillari asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolari hal etilmoqda.
Xususan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda, xalq bilan muloqot tizimi yaratilib, insonlarni qiynayotgan muammolar bilan ishlash, aholi murojaatlarini oʻrganish hamda hal etish davlat hokimiyati organlarining xalq bilan ochiq muloqotini taʼminlash borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Bu borada hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar tizimi joriy qilinib, mahallalarda mutasaddilar uyma-uy yurish orqali insonlarni qiynayotgan muammolarni oʻrganishmoqda hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda muammoli masalalar hal etilmoqda.
Taʼkidlash kerakki, aholining koʻmakka muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash maqsadida moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxati “Temir daftar”, ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor boʻlgan ishsiz xotin-qizlar roʻyxati “Ayollar daftari”, ishsiz yoshlarga amaliy yordam berish, yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha “Yoshlar daftari” shakllantirildi.
Roʻyxatlar asosida yordamga muhtoj insonlarga har tomonlama, moddiy, maʼnaviy koʻmak berilib kelinmoqda. Band boʻlmagan xotin-qizlar va yoshlar turli sohalar boʻyicha kasb-hunarga oʻqitilib ularning malakasini oshirish orqali band qilish, shuningdek, tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlganlarga imtiyozli kreditlar olishda amaliy yordam berish, qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritmoqchi boʻlgan yoshlarga yer berish kabi samarali ishlar natijasida ishsiz ayollar va yoshlar soni, qolaversa, mamlakatimiz aholisining ishsizlik darajasi kamaytirilmoqda.
Muxtasar aytganda, keyingi yillarda yurtimizda barcha sohalarda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davriga qadam qoʻyganining hayotiy misolidir.
Charos Arslonova,
tuman hokimligi Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶