NOGIRONLAR JAMIYaTI TUMAN BOʻLIMINING KONFERENTsIYaSI OʻTKAZILDI
Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati tuman boʻlinmasining oʻtgan davrdagi umumiy faoliyati yuzasidan navbatdagi konferentsiya yigʻilishi oʻtkazildi.
12-iyul kuni Amudaryo muhandislik texnikumida oʻtkazilgan ushbu konferentsiya ishida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nogironlar jamiyati raisi Pardagul Davlatyarova, tuman hokimi oʻrinbosari Mahmud Shermetov hamda tegishli korxona-tashkilotlar masʼullari ishtirok etdilar. Shuningdek, tuman Nogironlar jamiyatining joylardagi boʻlimlaridan saylangan delegatlar qatnashdilar. Konferentsiya ishini oʻtkazish tartibi belgilab olinganidan soʻng, kun tartibiga qoʻyilgan masalalar maʼlum qilindi.
Konferentsiya kun tartibiga Amudaryo tuman Nogironlar jamiyatining oʻtgan davrdagi umumiy faoliyati yuzasidan hisoboti va amalga oshirilishi lozim boʻlgan navbatdagi vazifalar hamda jamiyat raisini saylash toʻgʻrisidagi masalalar qoʻyildi.
Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan jamiyat raisi Nilufar Xolboyeva soʻzga chiqdi va tuman Nogironlar jamiyatining oʻtgan 2017-2021-yillar davomidagi umumiy faoliyati yuzasidan hisobot berdi.
Hisobotda taʼkidlanganidek, mamlakat rahbariyati, shaxsan muhtaram Prezidentimiz tomonidan imkoniyati cheklangan fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularni jamiyatimizning teng huquqli aʼzolari sifatida shakllanib borishida katta gʻamxoʻrlik qilinmoqda. Bu borada qabul qilingan hukumat qarorlari asosida nogironligi boʻlgan fuqarolar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Shunga koʻra, jamiyatning dastur va nizomida belgilangan maqsad va vazifalarni hayotga tadbiq qilishda tuman boʻlimi tomonidan ham bir qator tadbirlar amalga oshirilgan. Jamiyat tomonidan bir necha bor Oliy Majlis tomonidan taʼsis etilgan grant tanlovlarida ishtirok etilib gʻolib boʻlishga erishilgan. Buning natijasida kompyuter savodxonligi, bichish-tikish toʻgaraklari tashkil etilgan. 2017-yilda 25 mln. soʻm grant mablagʻlari evaziga imkoniyati cheklangan, nogiron, koʻzi ojiz bolalar uchun zamonaviy, barcha shart-sharoitlarga ega boʻlgan kutubxona ham tashkil etilib, maxsus kitoblar keltirilgan.
Undan tashqari, oʻtgan yillar davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nogironlar jamiyati tomonidan tumanimizdagi imkoniyati cheklangan insonlarga qoʻl va qoʻltiq tayogʻi, tayanch apparati, nogironlar aravachalari muntazam berib kelinmoqda. Shuningdek, joriy yilda ham Choykoʻl ovulidagi 1-guruh nogironi Oʻktam Xalillayevga, Oʻrtaqalʼa ovulida yashovchi 1-guruh nogironi Oyjamol Xonboyevaga nogironlar aravachalari berilgan. Ramazon oyida tuman Nogironlar jamiyati va homiylar yordamida 20 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilgan.
Jamiyatning tuman boʻlimi tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan imkoniyati cheklangan bolalar turli sport musobaqalari va koʻrik-tanlovlarda ishtirok etib, sovrinli oʻrinlar gʻoliblari boʻlgan va oliy oʻquv yurtlari talabasi boʻlishga erishgan.
Konferentsiya yigʻilishida hisobot yuzasidan muzokaralar oʻtkazilib, jamiyatning tuman boʻlimi raisi faoliyatiga baho berildi va ish uslubini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritildi.
Yigʻilish davomida kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nogironlar jamiyati raisi Pardagul Davlatyarova soʻzga chiqib, Nogironlar jamiyati tuman boʻlimining oʻtgan davrdagi faoliyati yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi hamda amalga oshirilishi lozim boʻlgan navbatdagi vazifalarga keng toʻxtaldi. Shundan soʻng, jamiyatning oʻtgan davrdagi faoliyatini qoniqarli deb topish, jamiyat raisligiga qoʻyilgan Nilufar Xolboyevaning nomzodini qoʻllab-quvvatlash taklifini bildirdi. Takliflar bir ovozdan maʼqullanib, Nilufar Xolboyeva Nogironlar jamiyatining tuman boʻlimi raisligiga saylandi.
Konferentsiya yigʻilishda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi va koʻrilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
O. Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶