VOYaGA YeTMAGANLAR BILAN IShLAShISh BOʻYIChA SEMINAR-TRENING OʻTKAZILDI
21-aprel kuni 15-sonli umumtaʼlim maktabida “Voyaga yetmaganlar oʻrtasida oʻz joniga qasd va suiqasd qilish holatlarining oldini olish” mavzusida “Hayot goʻzal, chunki unda Men borman” shiori ostida amaliy seminar-terining boʻlib oʻtdi. Seminar-treningni 15-sonli maktab psixologi Mehribon Jumaniyozova ochdi va olib bordi. Seminar-treningning asosiy mavzusi oʻsmirlar “men”i va doʻstlari bilan doʻstona munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.
Seminar-treningni oʻtkazishdan maqsad oʻquvchilarning oʻzligini anglashlariga koʻmaklashish, ularning “men” darajasini aniqlash va oʻzaro insoniy munosabatlarini namoyon etishlariga sharoit yaratishdan iborat boʻlib,unda maktabning yuqori sinf oʻquvchilari faol ishtirok etdilar. Seminar-trening davomida “Men kimman?” “Ishonchli sayil” mashqlari va kayfiyatni koʻtaruvchi oʻyinlar oʻtkazildi. 10-11-sinf oʻquvchilaridan iborat ishtirokchilar mashqlar jarayonida faol qatnashib, oʻz insoniy munosabatlarida dunyoqarashlari va “men”ini namoyon qildilar. Hayotga munosabatlarini bayon etishib, shukronalik tuygʻularini qalbdan his qildilar.
Seminar-treningda tuman XTB huzuridagi tashxis markazi psixologi Tatyana Pirlepesova va tuman maktablari amaliyotchi-psixologlari ham ishtirok etishib, oʻquvchilarning shaxsiy fikrlari, oʻzligini namoyish etish maqsadida hayotdan olgan taassurotlari xususidagi nutq va maʼruzalarini psixologik jihatdan tahlil qildilar hamda ularning chiqishlarini ijobiy baholashdi. Shu bilan birga XTB tashxis markazi psixologi Tatʼyana Pirlepesova voyaga yetmaganlar oʻrtasida oʻz joniga qasd va suiqasd qilishning yoshlar, butun jamiyat uchun keltiradigan salbiy oqibatlari, oʻsib kelayotgan yosh avlod psixologiyasiga taʼsiri xususidagi oʻz kuzatishlari hamda fikrlari xususida batafsil toʻxtaldi.
Shundan soʻng, tumanimiz maktablaridan tashrif buyurgan amaliyotchi-psixologlar oʻzlari faoliyat yuritayotgan oʻquv muassasalarida voyaga yetmaganlar bilan ishlashish, ayniqsa, oʻtish davridagi oʻsmir-yoshlar xulq-atvorida yuz beradigan tabiiy va ruhiy oʻzgarishlar, ularning feʼl-atvorida kuzatiladigan taʼsirchanlik, fikr oʻzgaruvchanligi kabi holatlarda amalga oshiriladigan yakkama-yakka va jamoaviy suhbatlar, voyaga yetmaganlarning dunyoqarashini ijobiy shakllantirish borasidagi ishlari boʻyicha oʻzaro tajriba almashdilar. Seminar-trening mashgʻulotlarini muhokama etishib, tajribali amaliyotchi-psixologlardan zarur maslahat va tavsiyalar oldilar.
Seminar-trening yakunida barcha qatnashchilar oʻz fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashib, tadbirning yuqori darajada tayyorlangani va nihoyatda qiziqarli oʻtganligini taʼkidladilar va maktab psixologi Mehribon Jumaniyozovaga oʻz minnatdorchiligini bildirdilar.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶