Amudaryo tumanining ovul va mahallalarida Navroʻz bayrami koʻtarinki ruhda nishonlandi
Necha asrlik tarixiy yoʻlni bosib oʻtib, bizgacha yetib kelgan milliy bayramimiz – Navroʻz bahoriy tengkunlik, sharqona yangi yilning boshlanishi, yasharish, yangilanish fasli tarovatini olib kelgani, hayotbaxsh urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz va anʼanalarimizning yorqin ifodasi boʻlganligi bilan ham juda aziz va qadrli.
Shu boisdan ham ayni kunlarda yurtimizning barcha goʻshasida ushbu ulugʻ ayyom keng tantana qilinmoqda. Toʻkin, bahoriy taomlar bilan bezatilgan dasturxon atrofida maʼnaviy xazinamiz hisoblanmish xalq qoʻshiqlari, raqslari ijro etilmoqda, dorboz oʻyinlari, masxarabozlar, askiyachilar chiqishlari xalqimizga bayram shodligini hadya etmoqda.
Mamlakatimizda bayram arafasida epidemiologik vaziyat biroz murakkablashib, koronavirus kasalligiga chalinish holatlari sal koʻpaygani inobatga olingan holda tumanimizda Navroʻz bayrami tantanalari toʻrtta hududda - Mangʻit shahri va shahar atrofi aholisi uchun Mangʻit istirohat bogʻida, shuningdek, Qilichboy Madaniyat markazi, 21-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabi binosi va Xitoy hududi aholisi uchun 6-sonli QOP binosi oldida ochiq maydonda oʻtkazilmoqda. Tadbirlarda fuqarolarning tibbiy niqobda boʻlishlari, oraliq masofa saqlagan holda ishtirok etishlariga eʼtibor qaratilmoqda.
19-mart tongini mangʻitliklar oʻzgacha qarshi oldi. Ertalabdan bayramona ruh har bir xonadonni qamrab oldi. Qoʻli gul, mehnatkash odamlarimizning mehnatidan oʻzgacha chiroy kasb etgan Mangʻit shahridagi istirohat bogʻi va atrofida transportlar harakati ham toʻxtatilib, odamlarning bemalol bayram tantanalarini tomosha qilib, koʻngilli dam olishlariga sharoit yaratildi. Navroʻzni madh etuvchi shiorlar, rang-barang gullar, sharlar, kamalak va charxpalaklar qoʻyilgan maydonning chor-atrofidagi supalarda nuroniy otaxonlar gurungi avj oldi. Moʻʼtabar onaxonlar yor-yor, laparlar aytib, quroq qurashdi, ip yigirdilar, qizaloqlar esa milliy oʻyinlarni oʻynab yayrashdi. Yoʻl boshidagi koʻrkam rastalarda xalq milliy hunarmandchiligi namunalari, dehqonlarimiz yetishtirgan mahsulotlar yarmarkasini barcha qiziqish bilan tomosha qilishdi. Shoʻx qoʻshiqlar barchaga oʻzgacha koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Maydonga tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev sektorlar rahbarlari, tumandagi korxona, tashkilotlar, muassasalar rahbarlari hamkorligida kirib keldi. Mehmonlar non-tuz bilan kutib olindi. Ular tumanimiz mirishkorlari yetishtirgan sabzavotlardan tayyorlangan milliy taomlardan totdilar va buningdek Navroʻziy udumlar barhayot boʻlishini tilab, duoga qoʻl ochdilar. Tuman hokimi aholini Navroʻzi olam bilan qizgʻin qutlab, samimiy tilaklarini izhor etdi. Shuningdek, bugungidek murakkab epidemiologik vaziyatdan tezroq qutulish uchun barchani karantin qoidalariga qatʼiy amal qilishga chaqirdi.
Shundan soʻng, bayram tomoshalari boshlandi. Maydon uzra haqiqiy bahor tantanasi aks etgan manzara namoyon boʻldi, tuman Madaniyat boʻlimi tomonidan tayyorlangan bayram dasturidan joy olgan raqslar, qoʻshiqlar, adabiy kompozitsiyalar bilan birga dorboz oʻyinlari, masxarabozlar chiqishlari tomoshabinlarga juda manzur boʻldi. Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli muassasalar bolalar badiiy jamoalari, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolajonlar ijrosidagi ashula, raqslar barchaga zavq bagʻishladi.
Shu kuni Mangʻit shahridagi 9-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabi binosi oldida, Qipchoq hududi aholisi uchun 21-sonli Bolalar musiqa sanʼat maktabi binosi oldida, Qilichboy hududi aholisi uchun Qilichboy madaniyat markazi oldida, Xitoy hududi aholisi uchun 6-sonli QOP oldida Navroʻz bayrami yuqori kayfiyatda nishonlandi.
Tantanalarda samimiy tilaklar aytilib quvnoq raqs va qoʻshiqlar, laparlar, allalar, milliy sport oʻyinlari ijro etilib, Navroʻz, Yangi kun, aziz va obod yurtimiz madh etildi. Koʻngilochar tomoshalar barchaga koʻtarinki bahoriy kayfiyat ulashdi. Barcha shukronalik bilan “Qadaming qutlugʻ kelsin, Navroʻz” deya tiladilar.
Oygul Rajabova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶