FAN OYLIGI DOIRASIDA TADBIRLAR OʻTKAZILDI
Tumanimizdagi 11-sonli umumtaʼlim maktabida tarix fani oyligi doirasida biri-biridan qiziqarli tadbirlar oʻtkazildi. Ayniqsa, sinflararo oʻtkazilgan “Siz tarixni bilasizmi?”, “Oʻlkamiz tarixini oʻrganamiz”, “Buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz”, “Temuriylar saltanati haqida nimalarni bilasiz?”, “Boburiylar saltanati va jahon” mavzularidagi suhbatlar, viktorinalar, zakovat oʻyinlari, insholar va referatlar tanlovlari, mamlakatimiz tarixiga oid rasmlar tanlovi oʻquvchi-yoshlarning tarix faniga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirdi.
Yangi yil bayrami va oʻquv yilining ikkinchi choragi arafasida maktabda fan oyligining yakuniy bosqichi oʻtkazildi. Unda fan oyligi davomida amalga oshirilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning mazmun-mohiyatini aks ettiruvchi koʻrgazma tashkil etilib, koʻrgazmadan oʻquvchilar tomonidan fan oyligi davomida yozilgan referatlar, maʼruzalar, insholar va shu bilan birgalikda Ona Vatan tarixini, istiqlol yillarida xalqimiz erishgan yutuqlarni aks ettiruvchi rasmlar joy oldi.
Fan oyligi yakuniga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha maktab direktorining oʻrinbosari Munavvar Yoʻldosheva ochdi va barchani oʻquv yilining ikkinchi choragi muvaffaqiyatli yakunlanishi hamda hayotimizga kirib kelayotgan yangi yil bilan tabrikladi. Shuningdek, fan oyligining muvaffaqiyatli oʻtkazilishida fidoyilik koʻrsatgan tarix fani oʻqituvchilariga, shu barobarida, aʼlochi va jamoat ishlarida faol oʻquvchilarga minnatdorchilik bildirdi.
Tadbirning badiiy qismini maktabning 7-sinf oʻquvchilari boshlab berishdi. Ular oʻzlarining fan oyligi doirasida oʻtkazilgan tadbirlardan olgan taassurotlari haqida quvonch bilan soʻz yuritdilar, tarixiy mavzularda sheʼrlar oʻqib berdilar. Shu bilan birga “Amir Temur va Bibixonim” deb nomlangan sahna koʻrinishini mahorat bilan namoyish etdilar. Oʻquvchi-yoshlar tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishi orqali oʻzbek xalqining buyuk tarixiga alohida urgʻu berildi. Nafaqat Oʻrta, Osiyo, balki dunyo xalqlarini moʻgʻullar istilosidan ozod etib, oʻzi barpo qilgan buyuk davlatchilik tizimida adolat va tinchlik oʻrnatgan shoh va sarkarda, ulugʻ jahongir bobomiz Amir Temurning oʻz oilasi, farzandlari tarbiyasiga ham oʻta maʼsuliyat bilan yondashgani, har bir shahar va robotlarni bunyod etishdagi tengsiz mahorati, Bibixonim ishtirokida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari xususida soʻz yuritishdi. Bunday murakkab sahna koʻrinishini oʻquvchilar katta mahorat bilan tayyorlashganidan barcha mamnun boʻldi.
Tadbirda 5-sinf oʻquvchilari nihoyatda faollik koʻrsatishdi. Ular ona Vatan, kindik qoni tomgan tuproq, oʻzlari ulgʻaygan yurt tarixini madh etuvchi sheʼrlarni juda taʼsirli qilib oʻqib berdilar. Milliy-maʼnaviy qadriyatlarimizni oʻzida mujassam etgan mumtoz va zamonaviy raqslar ijro etishib, tadbir ishtirokchilariga olam-olam zavq bagʻishladilar.
Tadbir yakunida fan oyligi doirasidagi bellashuvlar, tarixiy suhbatlar, zakovat bahslari, referat yozish, insholar hamda rasmlar tanlovida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilar maktab maʼmuriyati tomonidan taqdirlandi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶