YaNGI HISOBLAGIChLARNING AFZALLIGIGA BAGʻIShLANGAN MATBUOT ANJUMANI OʻTKAZILDI
Joriy yilning 27-noyabr sanasida Amudaryo tumani elektr taʼminoti korxonasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoqilgʻi-energetika sohasida oʻzaro hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga ommaga yetkazish, farmon bilan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga bagʻishlangan onlayn matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Onlayn matbuot anjumanida “Qoraqalpoq hududiy elektr tarmoqlari” aktsiyadorlik jamiyati bosh direktori Ziynaddin Kerimzatov, “Taxiatosh issiqlik elektr stantsiyasi” aktsiyadorlik jamiyati bosh direktori Fahriddin Xalillayev, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” Qoraqalpogʻiston filiali direktori Sergey Umbetov, respublikadagi ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar qatnashdilar. Shuningdek, tumanlardagi hududiy elektr taʼminoti korxonalari xodimlari, mahallalar raislari, mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari onlayn tarzda ishtirok etdilar.
Matbuot anjumanida soʻz olgan masʼullar mamlakatimizda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, yoqilgʻi-energetika kompleksiga va iqtisodiyotning boshqa asosiy tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish boʻyicha institutsional va tarkibiy islohotlar jadal surʼatlar bilan olib borilayotganligini taʼkidladilar.
Shu bilan birga, yoqilgʻi-energetika sohasi boshqaruv tizimini isloh qilish va tarif siyosatini takomillashtirish soha korxonalarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash, ular oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarni yaxshilash, elektr energiyasi, tabiiy gaz va issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilari oʻrtasidagi debitor va kreditor qarzdorlikni qisqartirish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, shuningdek, ushbu sohada moliyaviy intizomni yanada mustahkamlash maqsadida “Yoqilgʻi-energetika sohasida oʻzaro hisob-kitoblarni yanada takomillashtirish va moliyaviy barqarorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinganini qayd etdilar.
Shuningdek, anjumanda endilikda joriy etilayotgan yangi tizim elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimining maishiy isteʼmolchilar uchun afzalliklari xususida soʻz yuritildi. Xususan, mazkur tizim ishga tushirilganidan keyin isteʼmolchilar elektr taʼminoti korxonasi yoki banklar eshigida uzundan-uzun navbatlarda turishmaydi. Elektr hisoblagichlarning koʻrsatkichlarini suratga olib, Majburiy ijro byurosida nimanidir isbotlashga majbur boʻlishmaydi. “Hisoblagichingiz koʻrsatkichini yozib olay”, deb hech kim isteʼmolchini bezovta ham qilmaydi. Qolaversa, hisoblagich oʻrnatilgach, yangi tizimga ulanadi, kod kiritilib, hisob raqam ochiladi. Isteʼmolchilarga SMS xabar orqali barcha maʼlumotlar avtomatik tarzda yetkazib turiladi. Mobil telefon raqamiga ulanishi toʻlovni uydan chiqmay “on-line” rejimida amalga oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, “shaxsiy kabinet” orqali har bir isteʼmolchi qancha elektr energiyasi sarflaganini kuzatib turish imkoniga ega boʻladi.
Shu bilan birga yangi tizimda hisoblagichdagi maʼlumotlarni kompyuter nazorat qiladi. Elektr taʼminoti korxonasi xodimlari uyma-uy yurishga ketadigan vaqtini tarmoqlarning texnik holatini yaxshilashga sarflaydi. Shuningdek, isteʼmol qilingan energiya haqidagi maʼlumotlarni yigʻishda inson omili taʼsiri kamayadi. Foydalanish jarayonida sansalorlik va byurokratiya kamroq – yangi avlod hisoblagichlari 10-yilda bir marotaba qiyoslovdan oʻtkaziladi.
Yangi «aqlli» hisoblagichning yana bir xususiyati shundaki, maʼlumotlarni soxtalashtirishga urinish, yaʼni hisoblagichga taʼsir oʻtkazish holatlari yuzaga kelsa, darhol oʻchadi va tizimga xabar joʻnatadi. Isteʼmolchi energiya toʻlovi toʻlanmagan taqdirda masofadan oʻchish xususiyatiga ham ega.
Matbuot anjumanida Qorqalpogʻiston Respublikasidagi 8 ta tuman ushbu yangi tizimga oʻtkazilgani qayd etildi va bu borada yuzaga kelayotgan muammolar, tushunmovchiliklar keng muhokama qilindi. Ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan yangi tizim xususida berilgan turli savollarga, masʼullar tomonidan aniq javoblar qaytarildi.
Aytish kerakki, joriy yilning shu davriga qadar tumanimizdagi 6 ming 778 ta elektr energiyasi isteʼmolchilarining jami 2 mlrd 43 ming soʻm miqdoridagi qarzdorligi mavjud boʻlib, tumanimiz ushbu yangi hisoblagich tizimiga oʻtkazilganidan keyin ushbu qarzdorligi boʻlgan isteʼmolchilar avtomatik tarzda tarmoqdan uziladi. Qardorligi bartaraf qilingan isteʼmolchilar shu zahotiyoq tarmoqqa ulanadi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶