OChIQ SUDDA YOʻL-TRANSPORT HODISASIGA DOIR JINOYaT IShI KOʻRIB ChIQILDI
Respublikamiz hududida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, haydovchilik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Shunga qaramasdan, yoʻllarda qoidalarga amal qilmaslik oqibatida turli transport hodisalari sodir boʻlib, insonlarning hayoti xavf ostida qolmoqda. Bunday holatlarning oldini olish va qoidabuzarliklarga nisbatan koʻrilayotgan choralarning samaradorligini oshirish maqsadida joylarda ochiq va sayyor sud majlislari tashkil etilmoqda.
Yaqinda Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi binosida ochiq sud majlisi oʻtkazildi. Sudda yoʻl-transport hodisasini sodir qilganligi natijasida Oʻzbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 1-qismi bilan ayblanuvchi fuqaroga oid jinoyat ishi koʻrib chiqildi.
Dastlabki tergov organi tomonidan ushbu fuqaroning kechki payt boshqa bir shaxsga tegishli boʻlgan “Spark” rusumli avtotransport vositasini hech qanday xujjatlarsiz, spirtli ichimlik ichib, mast holatda boshqarganligi natijasida yoʻl-transport hodisasini sodir qilganligi aniqlangan. Natijada u Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabr kungi 370-sonli qarori bilan tasdiqlanib, 2016-yil 1-mart kunidan amalga kiritilgan “Yoʻl harakati qoidalari” talablarini buzib, ushbu yoʻlning sharq tomonida oʻz yoʻlida davlat raqam belgisi boʻlmagan mototsiklni boshqarib ketayotgan boshqa bir fuqaroning tan jarohati olishiga sababchi boʻlgan. Jabrlanuvchiga tayinlangan sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasiga koʻra, mototransport haydovchisiga “ogʻir” darajadagi tan jarohati yetkazilgan. Yoʻl-transport hodisasini sodir qilgan huquqbuzar oʻz yoʻlida harakatlanayotgan fuqaroga tan jarohati yetkazganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda ayblanib, ishga jalb qilingan.
Ochiq sud majlisi davomida ayblanuvchi, jabrlanuvchi va fuqaroviy daʼvogarning soʻzlari tinglandi. Davlat ayblovchisining fikri ish materiallari bilan taqqoslanib, tekshirib chiqildi.
Sud yakunida ayblanuvchiga oid jinoyat ishi tegishli qonunlarga koʻra, ayblilik haqidagi masalasi hal qilinmasdan harakatdan tugatildi.
S.Davletmurodov, Amudaryo tumani Jinoiy ishlar boʻyicha sud raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶