SUD HOKIMIYaTI ORGANLARI FAOLIYaTI RAQAMLAShTIRILADI
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalari keng joriy etish boʻyicha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlariga oʻz huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash imkonini bermoqda.
Sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga koʻrsatiladigan interaktiv xizmatlar turini kengaytirish boʻyicha ishlarni jadallashtirish, sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish, sudlar va boshqa idoralar oʻrtasida maʼlumot almashinuvini yaxshilash maqsadida joriy yilning 3-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Sud hokimiyati organlarini faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-4818-sonli Qarori qabul qilindi.
Shu oʻrinda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalari keng joriy etilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-avgustdagi PQ-3250-son qarori bilan tasdiqlangan 2017 — 2020-yillarda Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturi asosida amalga oshirilib, mazkur dasturning ijrosi natijasida sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferentsaloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sudyalar oʻrtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud qarorlarini Internet tarmogʻida eʼlon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish tizimlari joriy etilganligini eʼtirof etish zarur.
Qarorga koʻra quyidagilar sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalari etib belgilandi:
fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlariga koʻrsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni koʻrib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini taʼminlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish;
sudlarda odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarning tezkorlik bilan olinishini taʼminlash uchun vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron maʼlumotlar almashinuvini yanada kengaytirish;
maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash;
sud majlislarida masofadan turib, jumladan mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek ish boʻyicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatini yaratish;
sudning axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlari axborot va kiberxavfsizligini taʼminlash, xizmat axborotlari va maʼlumotlarini kompleks himoya qilish boʻyicha choralarni kuchaytirish.
Shuningdek Qarorga bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020 ― 2023-yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi (keyingi oʻrinlarda ― Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlandi:
2021-yil 1-yanvardan boshlab barcha sudlarda sud majlislarini ish boʻyicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish;
2021-yil 1-iyuldan boshlab apellyatsiya va kassatsiya instantsiyasi sudlarida ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatik ravishda taqsimlash;
2021-yil 1-oktyabrdan boshlab barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida «SMS» xabar orqali bepul asosda xabardor qilish;
2022-yil 1-yanvardan boshlab sud qarorlarini ish boʻyicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi boʻyicha esa qogʻoz shaklida taqdim etish;
2022-yil 1-iyulga qadar sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish;
2023-yil 1-yanvardan boshlab sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish;
sudlar, Sudyalar oliy kengashi hamda Sudyalar oliy maktabida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yanada yaxshilash.
Sudlarning axborot tizimlarini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish boʻyicha «yoʻl xaritasi» (keyingi oʻrinlarda ― «Yoʻl xaritasi») 2-ilovaga muvofiq tasdiqlanib, unga koʻra 28 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari axborot tizimlarini Oliy sudning axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulash, sudlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etiladigan maʼlumotlarni elektron shaklda yuborish, muayyan ishni koʻrish jarayonida zarur boʻlgan maʼlumotlar va hujjatlarni fuqarolarni ovora qilmagan holda sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish kabi tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozim, Oliy sud axborot tizimi bilan davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi mavjud maʼlumotlar sudlarning elektron soʻrovi boʻyicha bepul asosda taqdim etiladi.
B.K. KTAYBEKOV, Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudining raisi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶