KARANTIN DAVRIDA AMUDARYo TUMAN FHDYo BOʻLIMI QANDAY FAOLIYaT YuRITMOQDA?
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-mart kungi 176-sonli “Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlariga kechiktirib boʻlmaydigan holatlarni, yaʼni tugʻilganlik va oʻlim holatlarini qayd qilib, fuqarolarga huquqiy xizmat koʻrsatishi belgilab berilgan. Shunga koʻra, karantin qoidalariga toʻliq rioya qilgan holda faqatgina tugʻilganlik va oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnomalarni taqdim etilmoqda.
Tuman Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish boʻlimi tomonidan bugungi epidemiologik vaziyatda belgilangan tartib-qoidalarga amal qilgan holda samarali ish olib borilmoqda. Xususan, karantin davrida nikoh qayd etish jarayonlari toʻxtatilib, nikohlanuvchi shaxslardan faqatgina elektron tarzda arizalar qabul qilinayotgan edi.
Mamlakatda epidemiologik vaziyat yaxshilanib, karantin cheklovlari yumshatilgach, tuman Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish boʻlimi tomonidan mavjud qoidalarga toʻliq rioya qilgan holda joriy yilning may oyida nikohlanuvchi shaxslarga tibbiy koʻrikka yoʻllanmalar berilib, 12 juft kelin-kuyovlarning qonuniy nikohlari qayd qilindi va nikoh guvohnomalari berildi.
Aytish joizki, tuman Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish boʻlimida karantin davrida elektron arizalarni qabul qilish bilan birga, arxiv maʼlumotlarini ham yagona elektron arxiviga kiritish ishlari ham samarali yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻz navbatida karantin davrida nikohlanuvchi shaxslarning nikohdan oʻtish uchun arizalarni Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlariga masofadan turib yuborishlari uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.
Maʼlumot tariqasida keltirish joizki, ushbu xizmatdan onlayn tarzda foydalanish uchun ikkala tomon – kuyov va kelin elektron raqamli imzo olishlari kerak. Ariza toʻldirilganidan soʻng, ikkala tomon ham arizasini oʻz elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlashi lozim. Shundan soʻng ariza belgilangan hududiy Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish boʻlimiga kelib tushadi. Boʻlim masʼul xodimlari arizani bir ish kunida qabul qilib oladi. Keyinchalik nikohlanuvchilar chaqiriladi va tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun yoʻllanma topshiriladi.
Bugungi kunda Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan fuqarolarni qabul qilish xodimlarning navbatchiligi asosida tashkil qilingan. Kechiktirib boʻlmaydigan holatlardagina tugʻilish va oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvlarini qayd qilish va guvohnomalar berish muntazam davom etmoqda. Ota-onalar dunyoga kelgan farzandiga tugʻilish guvohnomasi olish uchun oʻzining doimiy yashab turgan yoki bola tugʻilgan joydagi Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish boʻlimlariga murojaat qilgan holda guvohnoma olishmoqda. Tuman boʻyicha joriy yilning aprel-may oylarida jami 487 nafar yangi tugʻilgan bolajonlarga tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar berildi. Shuningdek, 96 nafar shaxsning oʻlimini tasdiqlovchi guvohnomalar ularning yaqinlariga topshirildi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶