Amudaryolik front ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimizga esdalik medallari topshirildi
Bu yil Ikkinchi jahon urushida erishilgan gʻalabaga 75-yil toʻldi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini 10 million soʻm bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi, shuningdek, 9-may “Xotira va qadrlash” kuni arafasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga esdalik medallari topshirildi. Urushda erishilgan Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin nomidan qoraqalpogʻistonlik jami 596 nafar urush va mehnat faxriylariga «1941-1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushida erishilgan Gʻalabaga 75-yil» esdalik medali topshirildi.
Amudaryolik front ortida mehnat qilgan 109 nafar yurtdoshlarimizga ham mazkur mukofot tantanali ravishda topshirildi. Beruniy mahallasida yashovchi mehnat fronti faxriylari - 1927-yilda tavallud topgan Rahimboy Matsafayev va 1929-yil tugʻilgan Ayjan Urazboyevalarga ushbu medalni tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, hokim oʻrinbosari Mahmud Shermetov, tuman Mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi va fuqarolar yigʻini raisi tantanali ravishda topshirdi. Tuman hokimi Sultonboy Yoʻldoshev urush yillarida front ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimizni Gʻalabaning 75 yilligi bilan chin dildan tabrikladi.
Ikkinchi jahon urushi butun yer yuzidagi insoniyat boshiga tushgan eng ogʻir musibatlardan biri boʻldi. Urush insoniyat tarixida koʻplab talofotlarni keltirib chiqargani bilan ayanchli iz qoldirdi. 1941-1945-yillardagi dunyoni larzaga keltirgan urushda koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi jang maydonlarida va front ortida ulkan jasorat va matonat koʻrsatib, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabani taʼminlashga munosib hissa qoʻshdi. Urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq oʻzbekistonliklarning yarim milliondan ortigʻi halok boʻldi, 133 mingga yaqini bedarak yoʻqoldi, 60 mingdan ziyodi nogiron boʻlib qaytdi. Shuningdek, millionlab yurtdoshlarimiz front ortida mardonavor mehnati bilan Gʻalabaga munosib hissa qoʻshdi.
Rossiya federatsiyasi Prezidenti nomidan urush va mehnat faxriylariga berilgan ushbu mukofot tuman Mudofaa boʻlimi tomonidan tumanimizdagi Oq oltin ovulida yashovchi mehnat fronti faxriysi Ollambergan ota Yusupovga nogironlik aravasi bilan birga topshirildi.
Aytish joizki, Oʻzbekiston fuqarolari orasida 120 ming nafar inson urush yillaridagi xizmatlari uchun orden va medallar bilan taqdirlangan, sovet ittifoqi qahramonlari deya nom olgan, ulardan 53 nafari esa Shuhrat ordeniga munosib deb topilgan.
Urush yillarida yurtimiz jang harakatlari olib borilayotgan yerlardan koʻchirib olib kelingan millionlab insonlarning umumiy uyiga aylandi, 300 mingdan ortiq yetim bolalar bu yerda oʻzlarining yangi oilalarini topdilar.
Qipchoq ovulida yashovchi Hanifa Saburova, Ayim Ahmedova, Daryo boʻyi mahallasida yashovchi Rima Atadjanova, Oʻrozimbat Atamuratov, Oʻgʻil Ibodullayeva, Gulmirza Saburov, Jumagul Yeshmuratov, Uyshin mahallasida yashovchi Yendir Temirboyev kabi mehnat fronti faxriylariga mazkur medallarni hokim oʻrinbosari Mahmud Shermetov, tuman Mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi va mahallalar raislari birgalikda topshirishdi.
Yurtimizda Ikkinchi jahon urushida mardonavor ishtirok etgan, front ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat koʻrsatib, oramizda yashayotgan qahramonlarga hurmat koʻrsatiladi. Xitoy ovulida yashovchi Sabur Atajanov, Toshyop mahallasida yashovchi Umit Jubayeva, Xaytboy Kuchkarov, Allam Rahimovlarga ham tuman Mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi, Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi hamda fuqarolar yigʻini raislari tomonidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin nomidan «1941-1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushida erishilgan Gʻalabaga 75-yil» esdalik medali topshirildi.
Aytish joizki, medallarni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirish va faxriylarimizni bayram bilan samimiy tabriklashda sektor rahbarlari ham faol qatnashdilar.
Bunday eʼtibordan nuroniy otaxon va onaxonlarimiz juda mamnun boʻlishdi hamda oʻz minnatdorliklarini bildirishdi.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶