AMUDARYoNING ENG ChEKKA HUDUDLARIDAN BIRI - QORAMON MAHALLASIDA SAYLOVLAR QANDAY OʻTMOQDA?
Mamlakatimizda “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʻtayotgan siyosiy jarayonda tumanimiz aholisi har qachongidan ham faol ishtirok etmoqdalar. Aholining bu jarayondagi faolligi ularning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻison Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari tuman Kengashi deputatligiga nomzodlar bilan boʻlgan uchrashuvlar chogʻida yaqqol koʻzga tashlangan boʻlsa, bugungi nomzodlar uchun ovoz berish jarayonidagi harakatlari fuqarolarimizning yangi Oʻzbekiston va uning taqdiri yoʻlidagi faol harakati sifatida yaqqol namoyon boʻlayapti.
22-dekabr kuni soat 8:00 dan tumanimizning eng chekka hududidan biri hisoblangan Qoramon mahallasidagi 53-sonli umumtaʼlim maktabida joylashgan 107-saylov uchastkasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari tuman Kengashi deputatligiga nomzodlar uchun ovoz berish jarayoni boshlandi.
– Saylovchilarimiz oldingi saylovlardagidan ancha faol, – deydi biz bilan suhbatda 107-uchastka saylov komissiyasining raisi, 53-sonli maktab direktori Shonazar Samandarov. – Bizni quvontirayotgan narsa hududimizdagi keksa yoshdagi saylovchilar ham kelishib, deputatlikka nomzodlar uchun ovoz berishda faol ishtirok etmoqdalar. Saylov uchastkamizda 1268 nafar saylovchi roʻyxatga olingan boʻlib, ularning 45 nafarini birinchi marta saylovda ishtirok etayotgan yoshlar, 7 nafarini esa saylov uchastkasiga kela olmaydigan nogironlar tashkil etadi. Biz saylov qutisini nogiron saylovchilarning uylariga olib borib, oʻzlari maʼqul koʻrgan nomzodlar uchun ovoz berishlariga sharoit yaratib beramiz.
Saylov byulletenlarini qutiga tashlab, oʻzi maʼqul deb topgan nomzodlarga ovoz bergan otaxon Yernafas Pirnafasovni suhbatga tortamiz.
– Hozir mening yoshim 78 da, oʻtgan umrim davomida bir qancha saylovlarda ishtirok etganman. Ammo bu galgi saylov menda boshqacha taassurot uygʻotayapti. Saylov jarayonida u yoki bu nomzodga ovoz berish masalasida hech kim menga koʻrsatma bergani yoʻq. Men oʻzim xohlagan nomzodim uchun ovoz berdim. Shu sababdan ham bu saylovdan koʻnglim toʻldi, kayfiyatim koʻtarildi.
– Men deputatlik saylovida birinchi bor ishtirok etayotganimdan quvonchdaman, – deydi yosh saylovchi Sarvar Rahimboyev. – Deputatlikka nomzodlar uchun ovoz berishdan oldin ularning qaysi partiya vakili ekanliklari va saylovoldi dasturlari bilan tanishib chiqdim. Keyin bir xulosa kelib, oʻzimga maʼqul boʻlgan nomzodlar uchun ovoz berdim.
Yuqori did bilan bezatilgan, saylovchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan ushbu saylov uchastkasidagi saylov jarayonlaridan bizning koʻnglimiz toʻldi. Saylovchilarning yaxshi kayfiyat bilan ovoz berishda ishtirok etishayotgani esa ularning yangi Oʻzbekistondan, yangi saylovlardan koʻngli toʻq ekanliklaridan nishonadir.
Allambergan JUMANIYoZOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶