BU MASKANDA MAʼNAVIYaTNING XUSh HAVOLARI BOR
Tumanimizdagi 9-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabi 1968-yilda tashkil etilgan boʻlib, 1990-yilda yangi, zamonaviy binoga koʻchib oʻtgan. Yarim asrdan beri ushbu sanʼat maskanini minglab sanʼatsevar yoshlar bitirib, hayotga yoʻllanma oldilar.
Bolalar musiqa va sanʼat maktabi binosi 2015-yilda toʻliq rekonstruktsiya qilinib, har bir yoʻnalish boʻyicha ajratilgan sinfxonalari zamonaviy oʻquv-amaliy asbob-anjomlar bilan jihozlandi.
Yogʻoch oʻymakorligi, bichish-tikish va toʻqish, metall bilan ishlash, ganch oʻymakorligi, tasviriy sanʼat darslarini olib borishda zarur boʻladigan asbob-uskunalar oʻqituvchilar va oʻquvchilar xizmatida.
Oʻquvchi-yoshlar bu yerda, xalq cholgʻulari, anʼanaviy xonandalik, anʼanaviy sozandalik, fortepiano, torli cholgʻular, estrada xonandaligi, damli, zarbli cholgʻular, xoreografiya, tasviriy sanʼat – jami 11 ta yoʻnalish boʻyicha taʼlim-tarbiya olishadi. Nazariy bilimlarini mustahkamlashlari uchun har bir sinf xonada 10 ta fortepiano, 2 ta royal, barcha yoʻnalish boʻyicha zarur musiqa asboblari, solfedjio darsini mukammal oʻzlashtirishlari uchun elektron doska mavjud. Shuningdek, maktabda 2018-2019 oʻquv yilidan boshlab teatr va anʼanaviy baxshichilik yoʻnalishi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Ayni kunda maktabda 280 nafarga yaqin sanʼatsevar yoshlar tahsil olishmoqda. Ularga 39 nafar malakali mutaxassis-oʻqituvchilar taʼlim-tarbiya berishmoqda.
Maktab oʻquvchi-yoshlari turli koʻrik-tanlovlarda yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Birgina joriy yilda Bolalar musiqa va sanʼat maktablari ansambllari oʻrtasida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovning Oʻzbekiston Respublikasi hududiy bosqichida maktabning 3 ta ansambli faxrli 2-oʻrinni egalladi.
2019-yilning birinchi choragida Nukus shahrida oʻtkazilgan Bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻquvchilarining akademik va estrada ijrochiligi boʻyicha Respublika koʻrik-tanlovida esa maktabning uch nafar oʻquvchisi ishtirok etishib, 2- va 3-oʻrin sohiblari boʻlishdi. Maktabning iqtidorli yoshlari tumanimizda oʻtkaziladigan turli bayramlarda va davlat tadbirlarida hamisha faol ishtirok etishadi.
Tasviriy sanʼat yoʻnalishi boʻyicha shugʻullanuvchi oʻquvchilarga yosh va iqtidorli oʻqituvchi Muhriddin Xoliqov dars beradi. Muhriddinning oʻzi ham shu maktabda, tasviriy sanʼat yoʻnalishi boʻyicha tahsil olgan. Ustozi, taniqli haykaltarosh Bozorboy Xolimbetovdan tasviriy sanʼatning nozik sirlarini puxta oʻrgangan Muhriddin 14 yoshida tasviriy sanʼat yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan “Mening moʻʼjaz Vatanim” Respublika koʻrik-tanlovida 1-oʻrinni egallagan va ana shu yutugʻi tufayli 2007-yilda Benkov nomidagi rassomchilik kollejiga imtiyozli ravishda oʻqishga qabul qilingan edi.
Kollejda oʻqib yurgan kezlari u “Kelajak ovozi” respublika koʻrik-tanlovida faxrli 1-oʻrinni egalladi. 2010-yilda madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi kollejlar bitiruvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovning mamlakat bosqichida oʻz yoʻnalishi boʻyicha faxrli 1-oʻrin sohibi boʻldi va oʻsha yili Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomchilik va dizayn institutining tasviriy sanʼat fakulteti mahobatli rang-tasvir boʻlimiga imtiyozli ravishda, davlat granti asosida oʻqishga qabul qilindi.
Muhriddin Xoliqov mustaqillik tengdoshi, endi 28 yoshga toʻldi. Uning barcha orzulari, yaratajak katta ijodiy ishlari hali oldinda. Biri quruvchi-meʼmor, biri rassom, yana birlari oʻqituvchi – ustoz boʻlish orzusida katta qiziqish bilan taʼlim olayotgan yoshlarning ham rejalari bisyor. Ana shu rejalar va orzular bois, bu dargohdan uchirma boʻlayotgan va bugun berilib sanʼat sirlarini oʻrganayotgan yoshlar safi tobora oshib boraveradi. Chunki bu maskanda maʼnaviyatning xush havolari bor va tasviriy sanʼat ilmi, musiqa ilmi insonning maʼnaviy kamolotida eng muhim mezonlardan biri va shunday boʻlib qoladi.
Suratda: maktabning tasviriy sanʼat fani oʻqituvchisi Muhriddin Xoliqov.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶