9-sonli maktabda “Inson huquqlari - oliy qadriyat” grant loyihasi doirasida davra suhbati boʻlib oʻtdi
Yaqinda 9-sonli maktabda “Mening oilam” gazetasi tahririyatining “Inson huquqlari - oliy qadriyat” grant loyihasi doirasida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Davra suhbatini maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Sherzod Polvonniyozov ochdi va “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasining ilova nashri – “Mening oilam” sahifalarida yoritilgan huquqiy mavzudagi maqolalar, mutaxassislarning chiqishlari, ayniqsa, “Savol bering, javob qaytaramiz” ruknida berilayotgan huquqiy maslahatlar yoshlar orasida huquqiy madaniyatni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani haqida gapirdi.
Shundan soʻng “Inson huquqlari – oliy qadriyat” loyihasi hamkori – jurnalist Robiya Yoʻldosheva oʻquvchi-yoshlarga mazkur loyihani amalga oshirishdan koʻzlangan maqsad va kutilayotgan natijalar hamda bola huquqlarining kafolatlari boʻyicha mamlakatimizda amalda boʻlgan qonun hujjatlari, jahon andozalariga mos ravishda hayotga tatbiq etilayotgan huquqiy imkoniyatlar xususida toʻxtalib oʻtdi.
Davra suhbatida tuman Adliya boʻlimi maslahatchisi Jamshid Bekimbetov “Oʻzbekiston Respublikasida bola huquqlarining qonuniy kafolatlari” mavzusida maʼruza qildi. U oʻz maʼruzasida mamlakatimizda oʻsib kelayotgan yosh avlodning Konstitutsiyamiz orqali kafolatlangan bepul umumiy taʼlim olish huquqi, dam olish, sogʻligini mustahkamlash maqsadida davolanish, oʻzi xohlagan kasb-hunarni oʻrganish, taʼlimni oʻz xohishi boʻyicha OTMlarda davom ettirish huquqlari xususida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, farzandning ota-ona oldidagi, ota-onaning farzandlari oldidagi burchlari haqida toʻxtalib oʻtdi.
Tuman “Oila” markazi rahbari Gulshod Yusupova “Bolalarning sogʻlom, jismonan va aqlan barkamol ulgʻayishida oila institutining oʻrni va ota-ona bilan farzandlarning oʻzaro munosabatlari” xususida maʼruza qildi. U oʻz maʼruzasida bola huquqlariga rioya etish – eng avvalo oilani mustahkamlashda otaning roli muhimligi, xonadon sarishtaligi va oilaviy munosabatlarda onaning shaxsiy ibrati katta ahamiyat kasb etishi haqida hayotiy misollari orqali soʻz yuritdi. Oilada bola huquqlarining buzilishi jamiyat rivojiga katta zarar yetkazishini taʼkidladi.
Maktab oʻquvchilaridan Zumrad Bekchanova, Bunyod Oʻtamurodov, Gulchiroy Abdullayeva, Aynura Shomurodova, Munisa Yoʻldosheva, Sevinch Yoʻldoshevalar oʻz fikrlari bilan ishtirok etdilar va oʻzlarini qiziqtirgan mavzularda savollar bilan murojaat qildilar.
Oʻquvchi-yoshlar tomonidan berilgan savollarga Jamshid Bekimbetov hamda Gulshod Yusupovalar batafsil javoblar berishdi.
R.Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶