Qipchoq shaharchasida Amudaryo ustidan koʻprik qurish taklif qilindi
“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida Amudaryo ustidan avtomobillar uchun koʻprik qurish haqida petitsiya eʼlon qilindi. Bu haqida kun.uz xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Amudaryo tumani Qipchoq shaharchasida Amudaryo ustidan koʻprik qurilishi tumanning ikki yuz ming aholisi va Xorazm viloyati aholisiga ancha qulayliklarni yaratadi.
“Hozirgi vaqtda foydalanib kelinayotgan “panton” koʻprik xavfsizlik talablariga toʻliq javob bermaydi. Har kuni koʻplab harakatlanuvchilar ushbu koʻprik orqali oʻtishadi. Daryoda suv koʻpaysa yoki kamaysa, payvandlangan joylari buzilsa, koʻprik ishida uzilishlar sodir boʻladi. Aholi koʻprikning ishlab ketishini soatlab kutib oʻtirishiga toʻgʻri keladi, bahorda muz eriganda koʻprikdan foydalanish bir necha kunga toʻxtab qoladi. Aholi uchun yoʻlkira haqi ham oshib ketadi. Koʻprik faoliyati uchun ishchilar, taʼmirlash ishlari uchun ham ancha mablagʻ sarflanib kelinadi”, - deb yozadi murojaat muallifi.
Bildirilishicha, yangi koʻprik qurilishi iqtisodiyotning oʻsishi va eksport salohiyatining oshishiga xizmat qiladi. Shuningdek, boshqa viloyatlardan ham mahsulot va tovarlarni Turkmaniston Pespublikasiga eksport qilishi uchun yoʻl xarajatlari va vaqtini ancha qisqartiradi. Sayyohlik yoʻnalishida qator qulayliklar yaratiladi. Bundan tashqari, yana koʻplab imkoniyatlar ham yaratilishi mumkin.
“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Qipchoq shaharchasida Amudaryo ustidan avtomobillar uchun koʻprik qurilishini taklif qilaman”, - deyiladi petitsiyada.
Tahririyatdan:
Hurmatli yurtdoshlar! Agar Siz ushbu jamoaviy murojaat vakolatli organlar tomonidan koʻrib chiqilishini istasangiz, “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portali orqali unga ovoz bering. Buning uchun id.gov.uz tizimi yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali saytda roʻyxatdan oʻting.
P/s. Murojaatning koʻrib chiqilishi uchun 5 mingta ovoz toʻplanishi kerak. 27-may soat 12:40 holatiga murojaat 74 ta ovoz toʻplagan. Mazkur jamoaviy murojaatga 88 kun ichida ovoz berish mumkin.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶