Tadbirkor yigit yakka yolgʻiz yashovchi onaxonning uyini taʼmirlab berdi
Oʻtgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan bir xabarni oʻqib, koʻnglim yorishib ketdi: Chilonzordagi Kasbino supermarketi va Look kafesi oldiga ulkan oynavand muzlatkich oʻrnatishibdi. Unga imkon boʻlsa-soling, zarur boʻlsa-oling degan chorlov ham yozishibdi. “Mehrli muzlatkich”ga xayr-ehson uchun qoʻyilgan turli yeguliklarni koʻrib, odam taʼsirlanib ketadi. Hayot doim ham ravon yoʻllardan iborat emas, doim ham zaruratiga yarasha mablagʻi boʻlavermaydi hammaning.
Shular haqida oʻylaganingda chor-atrofimizda savobtalab insonlar koʻp ekanligidan quvonib ketasan, odam.
Tumanimizning “Oʻzbekiston” mahallasida istiqomat qiluvchi Norgul momo Kamolova sakson yosh ostonasida, yolgʻiz yashaydi. Mahalla, qoʻni-qoʻshnilar holidan xabar olib turishadi. Mahalladoshi Bibihojar hoji ona Xudoyberganovani uning yashash uyining talabga javob bermasligi bezovta qilib kelar edi. Yaqinda Toshkent shahrida qurilish tashkilotida ishlaydigan oʻgʻli Pashid Xudoyberganov uyiga kelganida unga, oila aʼzolariga shu xususda soʻz ochdi.
Bamaslahat yakka-yolgʻiz yashaydigan onaxonning uyini taʼmirlab, pol qoqib, suvab, shipini patalok qilib berishga ahd qilishdi. Baraka topkur Pashid qurilish mollarini, ustalarni ham darrov topdi. Norgul Kamolovaning hovlisidagi yashash xonasi boshqatdan taʼmirlandi, devorlarini zamonaviy boʻyoqlar bilan bezatib, pech ham qurib berdi.
Bu ishlardan nafaqat Norgul Kamolova, MFY xodimlari, hamqishloqlari ham xursand boʻlishdi. Boisi oʻzingga ravo koʻrgan narsalaringni birodarlaringga ham ravo koʻrgin, deyiladi muqaddas islom dinimiz taʼlimotida.
Toʻgʻri, bir insonga yordam berish dunyoni oʻzgartira olmas, lekin oʻsha insonning hayotini oʻzgartira oladi-ku. Demak yaxshilik qilish, oʻzgalar tashvishiga yelkadosh, sahovatli boʻlish chin insoniylikdir.
Oygul PAJABOVA.
Foto - http://milliytiklanish.uz (illyustratsiya)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶