Savdo yarmarkalarida koʻrsatilayotgan xizmatdan aholi mamnun
Xalqimiz har bir bayramni oʻziga xos nishonlash uchun alohida taraddud bilan kutib oladi. Ayniqsa, Yangi yilning gashti boshqacha. Bu kunga har bir oilada katta tayyorgarlik koʻriladi. Tadbirkor-u fermerlar, bogʻbon-u sohibkorlar ham keng turda xizmat koʻrsatishni boshlab yuborishadi. Bayram yaqinlashgani sari bozorlardagi mahsulotlar narxida oʻsish holati koʻp kuzatilayotganligi sababli, bunday vaziyatda aholiga moddiy jihatdan katta ziyon yetishining oldini olish maqsadida soʻnggi yillarda bayramlar munosabati bilan davlat tomonidan arzonlashtirilgan maxsus savdo yarmarkalari ishga tushirilmoqda.
Bu boradagi Vazirlar mahkamasining tegishli qarori asosida 2018-yilning 7-dekabridan 2019-yilning 10-yanvariga qadar Oʻzbekistonning barcha hududlarida Yangi yil savdo yarmarkalari tashkil qilinib, ularda 26 turdagi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari arzon narxlarda sotilishi belgilangan. Tumanimizda ham bayramoldi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil etilib, ayni kunda aholiga keng xizmat koʻrsatilmoqda.
“Mangʻit dehqon bozori”da 450 ta savdo oʻrni mavjud. Savdo oʻrinlarining 424 tasi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sotishga moʻljallangan rastalar, 26 tasi esa oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan savdo shoxobchalaridir. Ayni paytda bozorga qarashli boʻlgan “Amuxaridsavdoservis” va “Mangʻit bozor savdo” savdo-xarid korxonalari ham faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, aholining qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga ehtiyojini qondirish maqsadida bozor maʼmuriyatining tumandagi fermer va dehqon xoʻjaliklari bilan birgalikdagi shartnomalari tuzilib, ularga oʻzlari yetishtirgan mahsulotlarini bozorda sotishlari uchun yetarli sharoit va qulayliklar yaratilgan. Bu qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining narxi oʻsib ketishining oldini olishda muhim oʻrin tutib, narxlarning bir maromda saqlanib turishini taʼminlamoqda.
Dehqon bozorlarida xaridorlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar koʻlamini yanada kengaytirish maqsadida yarmarkalar turgʻun savdo rastalarida tashkil etilib, bayramona bezatilgan. Bozorga kiritilayotgan barcha turdagi oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari xodimlari tomonidan tekshiruvdan oʻtkazilgach, sotishga ruxsat berilmoqda.
Yarmarkada 23 yakka tartibdagi tadbirkor, “Amudaryo invest plyus” masʼuliyati cheklangan jamiyati, bozorga qarashli savdo-xarid korxonalari oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etishmoqda. Ayni kunlarda goʻsht va sut mahsulotlari, shakar, makaron, non, kartoshka, piyoz va boshqa sabzavot mahsulotlari, meva-sabzavot, shuningdek, konservalangan goʻsht, baliq mahsulotlari – jami 42 turdagi isteʼmol mahsulotlari arzon narxlarda aholiga yetkazib berilmoqda. Barcha savdo tarmoqlari nazorat-kassa mashinalari va savdo terminallari bilan jihozlanganligidan xaridorlar mamnun. Yangi yil munosabati bilan tashkil qilingan yarmarkada shu paytga qadar 2.8 tonna mol goʻshti, 3.2 tonna tovuq goʻshti, 9 ming 200 dona tuxum, 2.8 tonna kartoshka, 3.1 tonna piyoz, 2.1 tonna sabzi, 3.5 tonna har xil meva-chevalar va boshqa turdagi mahsulotlar ham sotildi.
«Mangʻit dehqon bozori» hududidagi savdo rastalari, savdo shoxobchalari hamda yangi yil munosabati bilan tashkil qilinib, aholiga namunali savdo xizmati koʻrsatayotgan yarmarka faoliyatidan xalqimiz nihoyatda mamnun.
Sh.Yangiboyev, "Mangʻit dehqon bozori" MChJ direktori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶