YaNGI TAHRIRDAGI SOLIQ KODEKSI LOYIHASI JAMOATChILIK TOMONIDAN KENG MUHOKAMA QILINMOQDA
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida yangi tahrirdagi Soliq Kodeksining loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Quyida yurtdoshlarimizning loyiha haqidagi fikrlarini eʼtiboringizga havola qilamiz.
Botir Kamolov, tuman Davlat Soliq inspektsiyasi boshligʻi:
Yangi Kodeksga koʻra, davlat soliq xizmati organlari – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspektsiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, shuningdek, tumanlar, shaharlar va shahardagi tumanlar davlat soliq inspektsiyalari, bojxona organlari – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, bojxona komplekslari va bojxona postlari, moliya organlari – Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya bosh boshqarmalari, tuman va shahar hokimliklarining moliya boʻlimlari hamda boshqa majburiy toʻlovlarni undirish vazifasini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlari vakolatli organlar hisoblanadi.
Soliq toʻlovchilar va vakolatli organlar soliq munosabatlarining subʼektlaridir. Loyihada soliq qonunchiligi majburiylik, aniqlik, soliq solishning adolatliligi, soliq tizimining birligi, soliq tizimining yagonaligi, soliq qonunchiligining oshkoraligi va soliq toʻlovchi toʻgʻriligining prezumptsiyasi printsiplariga asoslanishi koʻrsatib oʻtilgan. Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagi bartaraf etib boʻlmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq toʻlovchining foydasiga talqin qilinadi.
Muqaddas BEKNAZAROVA, xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi raisi:
Yangi tahrirdagi Soliq Kodeksi loyihasida qayd etilganidek, har bir shaxs ushbu Kodeksda belgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashga majburdir.
Hech kimga ushbu Kodeksda nazarda tutilmagan yoxud uning meʼyorlarini buzgan holda oʻrnatilgan soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati qoʻyilmaydi. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar aniq boʻlishi kerak. Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari shunday shakllantirilishi kerakki, bunda har bir soliq toʻlovchi qanday soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni, qachon, qancha miqdorda va qanday tartibda toʻlashi lozimligini aniq bilishi kerak.
Agar ushbu Kodeksda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻrnatishda soliq toʻlovchilar, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar elementlarini aniqlash zarur. Bundan tashqari, soliq solish umumiy boʻlishi kerakligi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlarni oʻrnatish ijtimoiy adolat tamoyillariga muvofiq boʻlishi lozimligi ham aytilgan, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar berishning alohida turlariga ruxsat berilmasligi qayd etilgan.
Eʼtiborli jihati, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar kamsituvchi xarakterga ega boʻlmasligi hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va shunga oʻxshash boshqa mezonlarga muvofiq qoʻllanilishi mumkin emasligi, soliq tizimi barcha soliq toʻlovchilarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi hududida bir xil boʻlishi kerakligi qatʼiy belgilangan.
Tamara Yusupova, “Tamara textil” MChJ rahbari, tadbirkor:
Yangi tahrirdagi Soliq Kodeksi loyihasida soliq toʻlovchilarning huquqlari toʻliq koʻrsatib oʻtilgan. Unga koʻra, soliq toʻlovchilar davlat soliq xizmati organlari va boshqa vakolatli organlardan amaldagi soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar, soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartishlar toʻgʻrisida maʼlumot olish huquqiga ega. Shuningdek, davlat soliq xizmati organlari va boshqa vakolatli organlardan oʻz soliq majburiyatlarini bajarish boʻyicha mavjud boʻlgan maʼlumotlarni olish, soliq masalalari boʻyicha oʻz manfaatlarini shaxsan yoki oʻz vakili orqali ifodalash vakolatiga va boshqa huquqlarga ega ekanligi koʻrsatilgan.
Muhokama jarayonidagi takliflar asosida loyiha yanada takomillashtirilib, ayniqsa, tadbirkorlar uchun koʻproq qulaylik yaratilishiga eʼtibor qaratilsa, mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi shubhasizdir.
Ozoda Xudoyberganova tayyorladi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶