Maktabda mehr-saxovat tadbiri oʻtkazildi
Insoniylik, xayru saxovat, mehr-muruvvat koʻrsatish kabi ezgu amallar xalqimizga xos azaliy odatlardan sanaladi. Tumanimizning faol tadbirkor ayollari “MohiDil” xususiy klinikasi rahbari Z.Mamatqulova, “Goʻzaloy Mahmud qizi” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari G.Qurbonbekovalar hamda “Barkamol avlod” bolalar markazi direktori X. Rajabovalar tomonidan oʻtkazilgan mehr-saxovat tadbirida ham kam taʼminlangan oilalar farzandlariga muruvvat koʻrsatilib, bolajonlarga cheksiz quvonch ulashildi.
Tumanimizdagi 40-sonli maktabda oʻtkazilgan ushbu tadbirda maktab oʻqituvchi va oʻquvchilari, ota-onalar ishtirok etdilar. Tadbirda “Barkamol avlod” bolalar markazi direktori X.Rajabova xalqimizga xos boʻlgan olijanoblik, mehr-oqibat, muruvvatlilik va saxovatpeshalik kabi fazilatlar hamda ijtimoiy himoya, kam taʼminlangan oilalar va nogironlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoitini yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangani haqida soʻz yuritdi. Tadbirkor G.Qurbonbekova oʻquvchilarga shirinliklar va sharbatlar tarqatdi. Shundan soʻng, tadbir tashkilotchilari maktabda taʼlim olayotgan ijtimoiy yordamga muhtoj kam taʼminlangan oilalar farzandlari boʻlgan oʻquvchilar xonadonlariga borib, ularning sharoitlari bilan tanishdilar. Xususiy klinika rahbari Z.Mamatqulova 10 nafar oʻquvchining har biriga 180 ming soʻmlik qishki kiyim va 80 ming soʻmlik oyoq kiyimlar sovgʻa qildi.
Mehr-saxovat tadbirida oʻquvchilar bilan birga ularning ota-onalarining ham koʻrsatilgan eʼtibordan koʻngillari nihoyatda shod boʻldi va saxovatli insonlarga koʻrsatgan muruvvatlari uchun oʻz minnatdorliklarini bildirdilar.
Sayyora Jumamurodova, 40-sonli maktabning Maʼnaviyat va maʼrifat masalalari boʻyicha direktor oʻrinbosari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶