Urush faxriylariga Prezident sovgʻalari topshirildi
Xalqimizda azaldan yoshi ulugʻ keksalarga doim izzat koʻrsatilib, ardoqlanadi. Ayniqsa, bugun hayot boʻlgan, oramizda yurgan Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari, front ortida fidokorona mehnat qilgan yoshi ulugʻ insonlarga alohida hurmat-ehtirom koʻrsatib kelinmoqda.
Tumanimizda ham bu kabi ezgu ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari boʻlgan Sobir ota Nurullayev, Oʻtamurod bobo Bozorboyev, Yoʻldosh ota Ortiqovlarning xonadonlariga Prezidentimizning bu boradagi tegishli Qaroriga koʻra 11 turdagi oziq-ovqat va ehtiyoj uchun zarur boʻlgan boshqa mahsulotlar muntazam yetkazib berilmoqda.

15-noyabr kuni tuman hokimi S.Yoʻldashev, “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlinmasi raisi B. Allamberganov, Oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish tuman Kengashi raisining Keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha oʻrinbosari Pimboy Oʻrozboyevlar urush faxriylarining xonadonlariga tashrif buyurib, ularning hol-ahvolidan xabar oldilar. Shuningdek, ularga Prezidentimizning tegishli Qaroriga koʻra ajratilgan mavsumiy kiyim-kechaklarni topshirdilar.




Bugungi tinch va obod hayotimizni barpo etishga beqiyos hissa qoʻshgan, yurtimiz, xonadonlarimiz fayzi boʻlgan moʻʼtabar keksalarimizni eʼzozlash barchamizning insoniy burchimizdir.
O. Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶