YaXShILIK YOʻLI
Oramizda shunday odamlar borki, butun umrini ezgulikka, yaxshilikka, maʼrifat-u ziyoga, ilmga bagʻishlaydilar. Bunday insonlarni biz ustozlar, deya yaxshi koʻramiz, suhbatlarini sogʻinib yashaymiz. Har safar ustozim Saʼdulla aka xonadoniga tashrif buyurar ekanman, men bu insonni doimo oʻz kutubxonasida kitob mutolaa qilayotgan paytlarida uchrataman.
– Mana shu kitoblar butun umrim davomida yiqqan mening davlatim, – deydi gʻurur bilan ustoz.
Baʼzi odamlar pulning ketidan ertadan to kechgacha yugurib yursalar, Saʼdulla aka adabiyotning, maʼnaviyatning olamida yurib, oʻzini eng badavlat inson hisoblaydilar.
Saʼdulla akaning bugungi kunda ilm yoʻlida izlanishlar olib borayotgan qizi Hulkaroy Xoʻjaniyozova ham maʼnaviyat fidoyilaridan. Hulkaroyning oʻqituvchilar uchun “Diktantlar toʻplami” va “Qiziqarli ona tili” deb nomlangan kitoblari nashrdan chiqdi. Hozirgi kunda ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari bu kitoblardan samarali foydalanayaptilar.
Bu oilada hamma oʻgʻil-u qizlar ilmga tashna. Ayniqsa, ustozning nevaralari biri-biridan aqlli, zukko, bilimdon.
Saʼdulla aka bagʻri keng, olijanob inson. U xonadoniga tashrif buyuruvchi kishilarga qoʻlidan kelgan yaxshiligini ayamaydi.
– Yaxshilik – umr bezagi, – deydi ustoz.
Kimdir nohaqlikka duch kelsa, yana kimdir yangi ish boshlayotgan boʻlsa, ustoz maslahati va duolarini olishga shoshiladi. Saʼdulla aka Xoʻjaniyozov esa barchaga birday mehr-oqibat koʻrsatishga oshiqadi. Chunki yaxshilik ila umr yoʻlini bezab yashashga odatlangan ustozning koʻngli ham, xonadoni ham hamisha yaxshilar uchun ochiqdir.
Umrining qirq ikki yilini tumanimiz oynasi – “Taraqqiyot koʻzgusi” (avvalgi “Amudaryo haqiqati”) gazetasiga bagʻishlagan, eng qiyin davrlarda ham sabr va matonat bilan xalqqa maʼrifat ulashgan Saʼdulla aka 70 yoshdan oshsa hamki, sira tinib-tinchimaydilar. Shogirdlar davrasida mushoiralar, adabiy kechalar tashkil qilib, mamlakatimiz kelajagi boʻlgan yoshlarga yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatadi.
Men bir shogird sifatida ustozga yanada barakali ijod, uzoq umr tilayman!
Zuhra AHMEDOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶