NAVROʻZ BAYRAMI ShODIYoNALARI
Dunyoda biri-birini takrorlamaydigan bayramlar koʻp. Bu bayramlar bilan bogʻliq anʼana-yu udumlar, urf-odatlar bisyor. Lekin tarixi qadim Avestodan ham olislarga borib taqaladigan asl milliy bayramimiz – Navroʻzi olam oʻzining mazmun-mohiyati, hatto hayotimizga kirib keladigan sanasi – vaqti bilan dunyo bayramlaridan oʻzgacha. Tabiat va koinotda roʻy beradigan moʻʼjizaviy jarayon – tun bilan kunning tenglashuvi bilan ona zaminda bedorlik – uygʻonish boshlangan damlarda hayotimizga biri-biridan fusunkor, orombaxsh lahzalarni baxsh etib kirib keladi Navroʻz!
Tumanda Navroʻz sayli (fotogalereya)
Navroʻzi olamning tashrifini xalqimiz bir-birlariga samimiy tabriklar, hadyalar ila qarshi olishlarida olamjahon hikmatlar mujassam. Ana shu hikmatlar koʻngillarni oʻstiradi, insonning qadr-qimmatini baland qiladi. Oʻzaro mehr-oqibat, muruvvat, millatlararo totuvlik, qon-qardosh va qarindoshlik tuygʻulari mujassam bu hikmatlar mohiyatida!
Ona Vatanga Navroʻzi olam keldi. Ona Yer koʻksiga tushgan ilk bahor yomgʻiri shiviridan maysalar uygʻondi! Navroʻz sabolari bazmidan shodon bogʻlarda kurtaklar uygʻondi! Zamin koʻksidagi issiq hovurni sezgan qadamlar tezlashdi, Navroʻzni sogʻingan dillarga mehnat, yaratish ishqi tushdi! Koʻhna dalalarga eltuvchi yoʻllar bugun oddiy dala yoʻli emas, ular rizq-roʻz, qut-baraka, nasiba yoʻllari! Tabiat – bedor, dehqon – bedor, ona yurt – bedor!
Bugun Amudaryo tumanim mehnatkashlari mehnat taqvimidagi Yangi kun – Navroʻzi ayyom sayliga chiqqan. Uygʻonish, mehr-muhabbat, muruvvat va oqibat, totuvlik, yashnash-yaratish va yasharish faslining barcha jozibasini oʻzida namoyon etgan Navroʻz tantanalari qadim va hamisha navqiron Mangʻit eliga yanada koʻrkamlik baxsh etgan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ga monand bayramona tadbirlar, xalq sayillari Amudaryo tumanining barcha ovul va mahallalarida "Oʻzbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostida boshlanib, 20-mart kuni Mangʻit shahrida davom etdi. Tumandagi istirohat bogʻi nihoyatda sanʼatkorlik bilan bezatildi. "Xush kelibsiz!”, "Navroʻz bayramingiz muborak boʻlsin!” "Assalom, Navroʻzi olam!” "2017-yil xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili!” shiorlari, rang-barang gullar, kamalaklar, argʻimchoqlar, bahor qushlari, xalq hunarmandchiligi namunalari bilan bezatilgan har ikkala sayilgoh ham odamlar bilan gavjum boʻldi.

Oʻzbekona atlas-u adras koʻrpachalar, turkman gilamlari toʻshalgan supalarda savlat toʻkib oʻtirgan turkman ovullari va mahallalardan tashrif buyurgan nuroniy otaxon-u onaxonlarning quvonchlari cheksiz. Navroʻz sabab bir-birlari bilan koʻrishgan oʻzbek, qozoq, qoraqalpoq va turkman birodarlarning tillarida shukrona!
Bobomeros udumlardan, urf-odatlardan soʻz ochishib, ip yigirib, guldor quroqlar tikib oʻtirgan momolar joʻshib-joʻshib laparlar aytishadi. Oʻzbekcha, turkmancha, qozoqcha-yu qoraqalpoqcha yangrayotgan lapar-u oʻlanlar mazmunida ham shukronalik, mehr-oqibat, totuvlik va muruvvat tuygʻulari tarannumi!
Sayilgohlardagi bolalar maydonchalarida esa turli xalq oʻyinlari, qiz-u kelinchaklarning halinchak uchib shodlanishlari dillarga surur bagʻishlaydi.
Amudaryo azal-azaldan hunarmandlar va tadbirkorlar yurti. Biri-biridan koʻrkam rastalardan joy olgan xalq hunarmandchilik, Amu elining lazzatli va quvvatbaxsh milliy taomlari koʻrgazmalari, savdo yarmarkalari, eng namunali xonadonlar bekalari tomonidan oʻta nazokat bilan bezatilgan bayram dasturxonlari koʻrgan koʻzni quvontirib, qalblarda havas uygʻotadi.
Amudaryolik fermerlarning Navroʻz kunlaridagi saxovatpeshaligi bayram sayliga chiqqan yurtdoshlarimizgagina emas, balki mehmonlarga ham olam-olam zavq bagʻishladi.
Fermerlar tomonidan tashkil etilgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari koʻrgazmasidan bogʻlaridan hozirgina uzilganday olma-yu uzumdan tortib qovun-tarvuzlar, oshqovogʻ-u asal deysizmi, eng sara sabzavot mahsulotlarigacha joy olgan. Dehqon-fermerlar himmati ila doshqozonlarda damlangan palov, faqat mangʻitlik onajonlar mehr-ixlosi ila qip-qizarib pishgan, dasturxonlarnitoʻldirgan qat-qat patirlar, yupqa non-u choʻraklar, turkman ejejonlar pazandalik sanʼati mahsuli boʻlgan chalpak va toʻgʻramalar totidan koʻngillar hayratda!
Navroʻz sayli tuman madaniyat boʻlimi tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan bayram tomoshalari bilan boshlandi. Anʼanaviy "Chorlov” musiqasi bilan boshlangan Navroʻz saylida dillarda joʻshqinlik, yashnatish va yaratish hissini uygʻotguvchi biri-biridan latif sheʼrlar, Navroʻzi madh etuvchi kuylar yangradi.
Bayram tabriklari Navroʻzni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlarga ulanib ketdi. Amudaryo tuman madaniyat boʻlimi tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan "Xush kelibsiz, Navroʻz sayliga!” shiori ostidagi "Assalom Navroʻz!” dasturidan joy olgan "Uchqun” ashula va raqs xalq ansambli, "Ofarin” folklor-etnografik xalq jamoasi, "Jayxun moʻʼjizasi” anʼanaviy xalq jamoalarining chiqishlari, tuman mahallalaridagi, oʻquv muassasalari hamda ovullardagi havaskorlik jamoalari aʼzolari, estrada xonandalari tomonidan ijro etilgan yangi kuy va ohanglar, qadimiy qoʻshiqlar amudaryolik sanʼatkorlarning mahoratlarini yaqqol namoyon etdi. Bu ijrolarda tuman xalqiga xos boʻlgan mumtoz navolar, askiyachilik hamda masxarabozlik sanʼati va turli rasm-rusumlar oʻz aksini topdi. Sport oʻyinlari, dorbozlarning chiqishlari, qoʻchqor urishtirish, xoʻroz urishtirish, arqon tortishish kabi anʼanaviy xalq oʻyinlari Navroʻz sayliga yanada goʻzal joziba baxsh etdi.
Mangʻit shahri
markazidagi Istirohat bogʻi esa shu kuni bolajonlarning quvonch va shodliklariga
toʻldi. Varraklar, turli-tuman sharlar uchirib shodlangan bolajonlar istirohat
bogʻidagi halinchaklarda, mitti avtomobillar poygasida oʻynab, huzur qildilar.
Sanʼatkorlik bilan ishlangan turli ertak qahramonlari, Dehqon bobo va Bahoroy
siymolarida Amu eliga xos boʻlgan mehnatkashlik va fidoyilikni oʻz koʻzlari bilan
koʻrib, his qilgan bolajonlar qalblarida Navroʻzi olam bilan mushtarak xalq
anʼana-yu urf-odatlariga cheksiz mehr uygʻondi.
Istiqlolning yana
bir yangi, tabarruk tongi – Navroʻz ayyomi sayliga chiqqan amudaryolik nuroniylarni
Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yoʻldoshev qizgʻin muborakbod etdi. Tuman hokimi
azaliy bobomeros qadriyatlarimizni oʻzida mujassam etgan Navroʻz bayrami va u
bilan bogʻliq urf-odat va anʼanalarning xalqimiz hayotida tutgan oʻrni haqida
gapirib, bu yilgi bayramoldi tadbirlarining bugun, yaʼni 20-mart kuni chinakam
xalq sayliga aylanganini, xalqimizning ruhiyatidagi joʻshqinlik va quvonch, albatta
boshlanayotgan yangi mehnat fasliga, yangi niyat va rejalarimizga qanot bagʻishlashini
quvonch bilan taʼkidladi.

Qadim va hamisha navqiron Amudaryo eliga, qadim Jayxun sohillariga Navroʻz beqiyos shodliklar, qalblarga yasharish, yaratish zavqini boshlab keldi. Omon-omonlik, bagʻrikenglik, totuvlik, mehr-oqibat va muruvvat, qut-baraka bayrami – Navroʻz sayli Amudaryo elining har bir goʻshasida, har bir xonadonida, har bir koʻngilda butun goʻzalligini koʻz-koʻz etib, joʻshqinlik bilan boʻy tikladi. Har bir tong ana shu joʻshqinlik, ana shu zavq bilan boshlandi, har bir kun Navroʻzdan taft oldi. Navroʻzi olam muborak, azizlar!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶