KOʻRGAZMA YoShLAR IQTIDORINI NAMOYISh ETDI
Oʻzbek xalqi azal-azaldan hunarmand xalq sanaladi. Shuning uchun boʻlsa kerak, hunarmandchilik mahsulotlari xalq orasida doimo qadrlanib keladi. Hunar insonni ulugʻlik sari chorlaydi. Ota-bobolarimiz tomonidan asrlar osha aytilib kelinayotgan "Hunar – hunardan rizqing unar” naqlida esa hikmatlar bir dunyo.
Biz oʻquvchilar, ayniqsa, qiz bolalar mana shu naqlning nechogʻlik toʻgʻri ekanligini va hunar inson hayotida muhim ahamiyat kasb etishini kollejimizda yoki kollejdan tashqarida oʻrganayotgan hunarlarimiz asosida ham anglab bormoqdamiz. Bizning Mangʻit iqtisodiyot kasb-hunar kollejimizda xotin-qizlar kengashi muntazam faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Kengash tarkibida bir qancha toʻgaraklar tashkil qilingan boʻlib, kollejimiz oʻquvchi-qizlarining bu toʻgaraklarga faol ishtirok etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan. Ayniqsa, "Orasta qizlar” toʻgaragi aʼzolari tahsinga sazovor ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Bunda oʻqituvchilarimiz - xotin-qizlar kengashi raisi Maqsuda Polvonova, "Orasta qizlar” toʻgaragi rahbari Mohira Yusupova va Nodira Tajimurodovalarning hissalari katta.
Kollejimizning "Oilashunoslik” fani oʻqituvchisi, "Orasta qizlar” toʻgaragining ham faol aʼzosi hisoblangan Nodira Tajimurodova kollej oʻquvchi-qizlari uchun "Orasta qizlar” toʻgaragi huzurida "Mohir qoʻllar” deb nomlangan toʻquvchilik toʻgaragini tashkil qilgan. U haftaning darsdan tashqari vaqtlarida 7-13-guruhi oʻquvchisi Madina Karimova yordamida ushbu toʻgarak faoliyatini olib bormoqda. Kollej oʻquvchi-qizlari bu toʻgarak faoliyatidan juda xursand. Shu sababdan toʻgarakka oʻttizdan ziyod qizlar muntazam qatnashishmoqda. "Orasta qizlar” xonasida qizlar uchun barcha sharoitlar mavjud. Kollej xotin-qizlar kengashining yana bir yutugʻi shundaki, "Orasta qizlar” xonasini kollejning "Orasta qizlar” hamda "Mohir qoʻllar” toʻgaragi aʼzolari oʻz qoʻllari bilan toʻqigan va yasagan mehnat namunalari bilan bezatishgan. Kollejimizda ushbu toʻgarakka yana koʻplab qizlarni jalb etish va toʻgarak faoliyatini kollejdan tashqarida ham ommalashtirish maqsadida "Orasta qizlar” oyligi doirasida haftaning juma – "Orasta yoshlar” kunida "Mohir qoʻllar” toʻgaragi koʻrgazmasi tashkil etildi. Ushbu toʻgarak koʻrgazmasi kollej xotin-qizlar kengashi raisi Maqsuda Polvonova hamda Mohira Yusupova, Nodira Tajimurodovalar tomonidan tashkil etilib, unda "Olmazor” mahallasi diniy maʼrifat va maʼnaviy-axloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchisi Gulnora Oʻrozboyeva mehmon boʻldi. Koʻrgazmada toʻgarak aʼzolari oʻzlari toʻqigan ishlarini namoyish qildilar.
Feruza YOʻLDOShEVA, gazetaning jamoatchi muxbiri.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶