Gʻallaga yongʻin xavf solmasin
Respublikamizda gʻalla oʻrim-yigʻimi mavsumi boshlandi. Ushbu mavsum xoʻjaliklar rahbarlaridan tortib oddiy dehqonning ham zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Hosilni uyushqoqlik bilan yigʻishtirib olish, saqlash, yoʻl harakati va yongʻin xavfsizligini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, mavsumda qatnashadigan kombayn, yordamchi texnikalar yongʻin xavfsizligi xodimlari tomonidan koʻrikdan oʻtkazilib, kamchiliklari bartaraf etilgach, dalaga olib chiqiladi. Gʻallani qabul qilish, quritish va qayta ishlash korxonalarida ishlayotgan mutaxassislar mavsum davomida texnikalar sozligi, gʻalla mahsulotlari saqlanishi, ishchilarning yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etishini qatʼiy nazorat ostiga olishlari zarur.
Gʻallazorlarda yongʻin sodir boʻlishining oldini olishda har bir fuqaro masʼul ekanligini unutmasligimiz kerak. Chunki gʻalla maydonlariga yaqin joydan oʻtayotgan avtomobilda borayotgan baʼzi fuqarolar sigareta qoldigʻini oʻchirmasdan tashlab yuborishadi. Buning oldini olish uchun temir yoʻllar, katta yoʻl va dala yoʻllariga yaqin joylardagi gʻalla maydoni chetidan 8 metr yer shudgorlanadi. Gʻallazorlar orqali oʻtadigan dala yoʻllari gʻalla oʻrib olunguncha yopib qoʻyilishi maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari:
- bevosita gʻalla maydonlarining oʻzida harakatlanayotgan texnikalar, transport vositalaridan chiqqan uchqun tufayli yongʻin kelib chiqishi ehtimoldan xoli emas. Shu sababli, mavsumga jalb etilgan barcha texnikalar (kombayn, traktor, avtomobil va boshqalar) uchqun oʻchirgichlarining sozligi tekshirib koʻrilgandan keyingina dalaga kirishga ruxsat beriladi va mavsum davomida ularning sozligi nazorat qilib boriladi;
- koʻpincha yosh bolalar olov yoki gugurt oʻynashi natijasida yongʻin kelib chiqadi. Shunday ekan, ularning gʻallazor atrofida mol boqishi, oʻynashi va dalaga kirishiga yoʻl qoʻymaslik, fuqarolar gʻallasi oʻrib olingan maydonlarga ikkinchi ekin ekish maqsadida dalani somondan tozalash uchun oʻt qoʻyib yubormasliklari zarur. Yuzaga kelgan alanga koʻshni dalalardagi gʻallasi oʻrib olinmagan maydonlarga ham xavf soladi. Shuning uchun gʻalladan boʻshagan maydonlarda somon yoqish taqiqlanadi. Maydonlarni tozalash faqat shudgorlash orqali amalga oshrilishi va buni joylardagi mutasaddi rahbarlar nazorat qilib borishlari talab etiladi;
- oʻrim-yigʻim paytida kombaynning aylanma mexanizimlariqizib ketishi, ularga somon oʻralib qolishi ham yongʻinga sabab boʻladi. Kombayn haydovchilari oʻz texnikalari holatini nazorat qilib borishlari, vaqti-vaqti bilan toʻxtatib, oʻralib qolgan xas-xashaklardan tozalab turishlari, har bir texnika birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari bilan taʼminlanishi shart.
Yozning jazirama kunlarida qovjiragan xas-xashaklar, xususan, somon tez alangalanadi. Hatto kombayn oʻroqlarining biror tosh yoki metall qismiga tegib ketishidan ham uchqun chiqib, yongʻin sodir boʻlishiga olib keladi. Bunday holatning oldini olish uchun mavsum boshlanishidan oldin kombaynning oʻzida ikkita yongʻin oʻchirgich, toʻrtta belkurak, oltita supurgi, 2x2 metr hajmli kigiz yoki brezent, 40-100 litr sigʻimdagi suv idish, ikkita chelak boʻlishi kerak. Oʻrilayotgan gʻallazor chetida esa omochli haydov traktori shay turishi zarur.
Don saqlash omborlari va xirmonlarida yongʻin xavfi asosan elektr tarmogʻining nosozligi, gʻalla yuklash-tushirish kichik mexanizmini ishlatish, xirmon hududida sigareta chekish va ochiq olovdan foydalanish oqibatida kelib chiqadi. Buni inobatga olib, xirmon hududidagi yongʻinga qarshi qalqonlarning har birida birlamchi yongʻin oʻchirish vositalaridan kamida ikkita belkurak, metall ilgak, bolta va qumli quti oʻrin olishi lozim.
Qadrli yurtdoshlar! Gʻalla – rizq-roʻzimiz, hayotimiz farovonligini taʼminlovchi aziz neʼmat. Shunday ekan, gʻalla oʻrim-yigʻimi davrida tilsiz yov – yongʻinga qarshi kurashish barchamizning burchimizdir.
Azizbek Yusupov,
tuman Ichki ishlar boʻlimining yongʻin xavfsizligi boʻlinmasi katta inspektori, serjant.
(Foto http://daryo.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶