55-SONLI MAKTAB OʻQUVChI-YoShLARI IShTIROKIDA HUQUQBUZARLIKLAR PROFILAKTIKASIGA BAGʻIShLANGAN MAʼRIFIY TADBIR OʻTKAZILDI
Oʻsib kelayotgan yosh avlodni turli xavf-xatarlardan ishonchli himoya qilish, xususan, huquqbuzarlik va jinoyatchilik kabi salbiy illatlarga berilib ketishlarining oldini olish maqsadida har haftaning payshanba kunida mahallalarda, umumtaʼlim maktablarida tizimli ravishda oʻtkazilib kelinayotgan huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni tadbirlari oʻzining ijobiy natijalarini bermoqda. Mazkur tadbirlar doirasida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ishtirokida amalga oshirilayotgan “Huquqiy maslahat” va “Siz qonunni bilasizmi?” mavzusidagi uchrashuv va maʼrifiy suhbatlarga turli yosh toifasidagi fuqarolar, ayniqsa, taʼlim-tarbiya muassasalarining oʻquvchi-yoshlari keng qamrab olinmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri joriy yilning 14-noyabr sanasida Amudaryo tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 55-sonli umumtaʼlim maktabida ham boʻlib oʻtdi.
“Huquqbuzarlik va jinoyatchilik, shuningdek, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish” mavzusida oʻtkazilgan profilaktik tadbirda Milliy gvardiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi Bolalar bilan ishlash boʻlimining Amudaryo tumani boʻyicha inspektor-psixologi, kapitan Nurlan Oʻrozboyev, Amudaryo tumani yoʻl-patrul xizmati boʻlimi boshligʻi, leytenant Anvar Yusupov, Oybek nomli mahalla yoshlar yetakchisi Shohruh Oʻrozimbetov, 55-sonli maktab direktori Davron Arikov hamda mazkur maktabning yuqori sinf oʻquvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirda masʼullar insonning turli xavf-xatarlardan xoli yashashi, eng avvalo uning oʻziga bogʻliqligi xususida soʻz yuritishib, bilib-bilmay biron bir qaltis harakatni sodir etib, jinoyat yoʻliga kirib qolishi oqibatida nafaqat oʻziga, balki oilasiga ham jabr qilishi toʻgʻrisida hayotiy misollar orqali tushuncha va zarur maʼlumotlar berdilar.
Ayniqsa, hali maktab oʻquvchisi boʻlaturib, voyaga yetmagan 13-14, hatto undan ham kichik yoshdagi bolalarning otasiga yoki oʻzidan katta akalariga tegishli boʻlgan avtomashina va skuterlarni katta yoʻllarda boshqarishlari oqibatida sodir etilayotgan yoʻl-transport hodisalari tufayli yosh-yosh bolalar umrbod mayib boʻlib qolayotgani, ayrim holatlarda bunday yoʻl-transport hodisalari inson oʻlimiga sabab boʻlayotgani juda achinarli holat ekanligi taʼkidlab oʻtildi.
Hayot goʻzal, yashash esa juda maroqli. Uning har bir daqiqasini ezgu orzular roʻyobi uchun yanada yaxshi oʻqish, biri-biridan foydali amallar bilan shugʻullanib, maroqli oʻtkazish esa insonga zavq-shavq bagʻishlaydi. Buning uchun, albatta kattalar, yaʼni ota-onalar oʻz farzandlariga juda yoshligidan yoʻllarda harakatlanish qoidalariga amal qilishni oʻrgatib borishlari, bolalar esa bu borada faollik koʻrsatib, ota-onalarining oʻgit va maslahatlariga, yoʻl harakati qoidalari xususidagi ustozlari bergan taʼlim va tavsiyalariga puxta amal qilishlari talab etiladi. Oʻzboshimchalik bilan otasi yoki akasi nomidagi transport vositasini boshqarishga intilish esa hali maktab oʻquvchisi boʻlgan oʻsmirlar uchun nafaqat odobsizlik va axloqsizlik, balki huquqbuzarlik sanaladi.
Bundan tashqari, “bir marta sigareta cheksam” yoki “bir marta spirtli ichimlik isteʼmol qilsam nima boʻpti?” qabilida oʻzini kattalarday his qiluvchi oʻsmirlar borib-borib ashaddiy kashanda va ichkilikka moyil boʻlib qolishi tabiiy holdir. Jamoat joylarida, xalqimizning toʻ-yu tomoshalarida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar asosan ana shunday fikrdagi oʻsmirlar hisobiga toʻgʻri kelayotgani hech kimga sir emas.
Shu va shu kabi masalalar boʻyicha batafsil toʻxtalgan masʼullar tadbir davomida huquqbuzarliklar va turli koʻrinishdagi jinoyatchilikning kelib chiqish sabablari va ularning oldini olish yuzasidan oʻquvchi-yoshlarga zarur maslahat va tavsiyalar berdilar.
Shuningdek, oʻquvchi-yoshlarni qiziqtirgan savollarga masʼullar hayotiy misollar orqali javoblar berib, ularni ogohlik va hushyorlikka chorladilar.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶