Mustaqillik bayrami arafasida DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilariga yangi uylarning kalitlari topshirildi
Mustaqilligimizning 33 yillik shodiyonalari Respublikamiz boʻylab Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy qism va boʻlinmalarda ham keng qamrovda nishonlanmoqda.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanida oʻz jangovar xizmat vazifalarini bajarayotgan sarhadlarimiz posbonlari va ularning oila aʼzolari bu yilgi bayramni yangi harbiy shaharchada oʻzgacha quvonch va hayajonli lahzalarga boy tarzda kutib olmoqdalar.
– Bugun biz uchun qoʻshaloq bayram. Istiqlolimizning 33 yillik shodiyonasi arafasida oilamiz bilan birga yangi xizmat xonadonining kalitini tantanali tarzda qabul qilib oldik. Eʼtirof etish joizki, soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qoʻmondoni boshchiligida olib borilayotgan samarali islohotlar natijasida eng chekka, olis hududlarda joylashgan harbiy qism va boʻlinmalarimizning ham infratuzilmasi, moddiy-texnik taʼminoti tobora takomillashib bormoqda. Bu esa albatta, bizga oʻzgacha kayfiyat, koʻtarinki ruh va kuch-quvvat bagʻishlaydi. Fursatdan foydalanib, safdoshlarim va oilam nomidan Yurtboshimizga chuqur minnatdorchilik bildiramiz – deya oʻz quvonchini izhor etdi I darajali serjant Elbek Tursunov.
Darhaqiqat, inson qadri ulugʻlanayotgan, har bir fuqaroning oʻz hayotidan mamnun boʻlib, baxtli hayot kechirishi uchun barcha qulayliklar yaratilayotgan jonajon yurtimizda sarhadlarimiz himoyachilari bunday yuksak eʼtibordan ruhlanib, yangi-yangi zafarlar sari olgʻa qadam tashlashlari shubhasiz.
Ularga munosib tuhfa sifatida foydalanishga topshirilgan yangi binolarning ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Amanbay Orinbayev, tuman hokimi Sobir Xoʻjametov, Chegara qoʻshinlari masʼullari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Milliy armiyamiz qudratini yanada yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar eʼtirof etilib, yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi bevosita harbiylarning ijtimoiy himoyasi bilan uzviy bogʻliq ekanini inobatga olgan holda, ularni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash va munosib xizmat hamda turmush sharoitlarini yaratish masalasi sohadagi yangilanishlarning bosh omili sifatida namoyon boʻlayotgani qayd etib oʻtildi.
Shuningdek, ayni damda foydalanishga topshirilayotgan Chegarani qoʻriqlash vzvodi maʼmuriy binosida ham harbiy xizmatchilar uchun zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan xizmat xonalari, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik xonalari, Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalarning hayoti hamda harbiy mahoratidan hikoya qiluvchi maʼnaviyat xonalari, chegarachilarning jismonan chiniqishlari uchun sport zali, kutubxona va tibbiyot punktining mavjudligi yuqoridagi fikrlarning amaldagi ifodasidir.
Samimiy tilaklar va qutlovlar bildirilganidan soʻng, shaharcha hududida elparvar oʻgʻlonlar va ularning oila aʼzolari uchun barpo etilgan yangi, zamonaviy xizmat xonadonlarining kalitlari oʻz sohiblariga topshirildi.
DXX Chegara qoʻshinlari matbuot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶