GRANT LOYIHASI DOIRASIDA SOGʻLOM TURMUSh TARZI TARGʻIBOTIGA BAGʻIShLANGAN DAVRA SUHBATI OʻTKAZILDI
Joriy yilning 26-aprel sanasida “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi tahririyatining Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Sogʻlom turmush tarzi – farovon hayot asosi” grant loyihasi doirasida “Yoshlarda sogʻlom turmush tarzi madaniyatini shakllantirish” mavzusida Amudaryo tumani 1-sonli kasb-hunar maktabida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Davra suhbatida tuman Tibbiyot birlashmasi huzuridagi Salomatlik markazi shifokori Tamara Saidova, “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi xodimlari, kasb-hunar maktabi oʻqituvchilarni, ishlab chiqarish taʼlimi ustalari va oʻquvchi-yoshlar ishtirok etdilar.
Davra suhbatini kasb-hunar maktabi direktori Olloyor Boltaboyev ochdi va kun tartibidagi mavzu yuzasidan oʻz fikrlarini bildirib, “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi ijodiy jamoasi tomonidan xalqimiz orasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish maqsadida amalga oshirilayotgan targʻibot-tashviqot ishlariga yuqori baho berdi.
Shundan soʻng, “Sogʻlom turmush tarzi – farovon hayot asosi” grant loyihasi koordinatori, “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi maxsus muxbiri Robiya Yoʻldosheva davra suhbati ishtirokchilariga mazkur loyihaning mazmun-mohiyati, undan kutilayotgan natijalar xususida batafsil maʼlumot berdi.
Xususan, u oʻz soʻzida sogʻlom turmush tarzi keng maʼnoli tushuncha boʻlib, unumli mehnat qilish, ishtiyoq bilan oʻqish, faol dam olish, badantarbiya va sport bilan shugʻullanish, organizmni chiniqtirish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, oqilona ovqatlanish, zararli odatlardan oʻzini tiyish, har yili shifokor koʻrigidan oʻtib turish kabi omillardan iborat ekanligini taʼkidladi.
Shundan soʻng, Amudaryo tuman Tibbiyot birlashmasi huzuridagi Salomatlik markazi shifokori Tamara Saidova kun tartibidagi asosiy mavzu – “Yoshlarda sogʻlom turmush tarzi madaniyatini shakllantirish” xususida qiziqarli maʼruza qildi. Xususan, yoshlar kundalik hayotlarida amal qilishi lozim boʻlgan asosiy gigiyena qoidalaridan tashqari, yaxshi muomala, samimiy munosabat ham oʻta muhimligini taʼkidlab oʻtdi. Insonga yaxshi kayfiyat baxsh etish uning ruhiy salomatligi garovi ekanligi, hozirgi sharoitda keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida jismoniy faollik sezilarli darajada kamayganligi, shu bois, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, kamharakatlikka qarshi ommaviy kurashish, yoshlarni sport bilan shugʻullanishga jalb qilish mamlakatimizda davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biriga aylanganini qayd etdi. Chunki nosogʻlom turmush tarzi, jismoniy nofaollik yurak-qon tomir kasalliklari, insult, xavfli oʻsmalar, nafas olish yoʻllarining surunkali yalligʻlanishi, qandli diabet kabi kasalliklarni keltirib chiqarishini hayotiy misollar tariqasida tushuntirib, yoshlarga tibbiy maslahatlar berdi.
Davra suhbatida oʻquvchi-yoshlardan Dilnura Yoʻldosheva, Nasiba Xudoyberganova, Jahongir Tursunboyevlar ham oʻz fikr-mulohazalari bilan ishtirok etishdi.
Oʻquvchi-yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga davra suhbati davomida batafsil javoblar oldilar.
Risolat IBRAGIMOVA, amunews.uz jamoatchi muxbiri.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶