KUZ-QISh MAVSUMIGA TAYYoRGARLIK BOʻYIChA TADBIRLAR OʻTKAZILMOQDA
Prezidentimizning “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2020-2021-yil kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlari tomonidan qator amaliy ishlar qilinmoqda. Amudaryo tumanida ham iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha maskanlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini taʼminlash, ish va yashash joylarida yongʻin xavfsizligini samarali tashkil etishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytgacha tuman hududidagi 33 ming 200 ta uy-joylarning yongʻinga qarshi holati oʻrganib chiqildi. Ulardagi isitish va yoritish manbalarining yongʻinga qarshi va texnik holatlari tekshirilib, mavjud kamchiliklar bartaraf etildi. Tekshiruvlar davomida fuqarolarga is gazidan zaharlanish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida tushuntirish hamda yoʻriqnomalar berish bilan birga mamlakatimiz hududida is gazidan zaharlanish oqibatida sodir boʻlayotgan koʻngilsiz hodisalar hayotiy misollar orqali tushuntirilib, fuqarolarning bu boradagi sergakligini oshirish choralari koʻrilmoqda.
Tadbirlarda ovul va mahallalar masʼullari, faollari ishtirok etishmoqda. Shu bilan birga gaz va elektr taʼminoti idoralari vakillari ham barcha tadbirlarga jalb etilib, tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlari bilan hamkorlikda turar joylardagi yongʻinga olib keluvchi holatlar bartaraf etib borilmoqda.
Oktyabr oyining soʻnggi oʻn kunligida havo haroratining keskin pasayishi natijasida idora va tashkilotlar, aholi tomonidan tabiiy gaz va elektr uskunalaridan foydalanish hajmi ancha oshdi. Shu bois, tuman Yongʻinga qarshi kurashish jamiyati, elektr tarmoqlari uzatish korxonasi hamda gaz taʼminoti xizmati idorasi xodimlari bilan hamkorlikda ovul va mahallalarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatlari oʻrganib chiqildi hamda aholi oʻrtasida yongʻin xavfsizligi qoidalari, is gazidan himoyalanish yuzasidan tushuntirishlar olib borildi.
Mangʻit shahrining Yangiobod mahallasi hududidagi koʻp qavatli uylar, hovli-joylarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi koʻzdan kechirilganda aholi tomonidan jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani maʼlum boʻldi. Xususan, tabiiy gaz tarmogʻidan notoʻgʻri foydalanish, dudburonlarni tozalamasdan isitish tarmogʻiga ulanish kabi holatlar kuzatildi. Bu kabi holatlar is gazidan zaharlanish va yongʻin xavfini keltirib chiqarishi haqida tabiiy gazdan foydalanuvchi isteʼmolchilarga batafsil tushuntirildi.
Tekshiruvlar jarayonida Yangiobod mahallasi hududida istiqomat qiluvchi ayrim fuqarolarning xonadonlaridagi dudburonlar kuz-qish mavsumiga tayyor emasligi aniqlandi. Ushbu xonadonlarga tegishli dudburonlar yongʻinga qarshi kurashish jamiyati ishchilari tomonidan maxsus tozalash uskunalari yordamida tozalab berildi.
Ayni kunlarda tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi tomonidan tuman Yongʻinga qarshi kurashish jamiyati, tabiiy gaz va elektr taʼminoti idoralari vakillari hamda ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlari masʼullari bilan hamkorlikda aholiga yongʻin xavfsizligini taʼminlash, is gazidan zaharlanishning oldini olish, shu bilan birga elektr uskunalari, asosan elektr pechlaridan foydalanishda texnika va yongʻin xavfsizligi qoidalariga amal qilish nafaqat tegishli soha xodimlari, balki keng aholi qatlamining ham vazifasi ekanligi xususida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶